Musavvirning yoshlikdagi shamoili (roman). Jeyms Joys  ( 139339 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 ... 36 B


shoir  21 Oktyabr 2007, 20:51:04

Sinfga hazrat Arnoll kirib keldi, lotin tili darsi boshlandi, u esa hali ham qo‘lini qovushtirib o‘tirardi. Hazrat Arnoll mashq yozilgan daftarlarni tarqatdi va sinf ishi juda yomon bajarilganini, hammaga mashqni tuzatilgan xatolari bilan qayta ko‘chirishni buyurdi. Daftarlar orasida eng yomoni Flemingniki edi, chunki varaqlariga siyoh chaplanib ketgandi. Hazrat Arnoll daftarni bir chetidan ushlab ko‘tarib ko‘rsatdi va bunday daftarni o‘qituvchiga berish — uchiga chiqqan hurmatsizlik, dedi. Keyin u Jek Lotenni doskaga chaqirib, mare otini turlashni buyurdi, biroq Jek Loten o‘rin-payt kelishigining ko‘plikda qanday turlanishini bilmay, to‘xtab qoldi.
— Uyal, — dedi hazrat Arnoll qat’i ohangda. — Sen, axir, a’lochi o‘quvchisan-ku!
Keyin u boshqa bir bolani chaqirdi, so‘ng yana birin-ketin boshqalarni chaqirdi. Hech kim bilmadi. Hazrat Arnollning yuzi favqulodda xotirjam tus oldi, doskaga chaqirilayotgan bolalar harakat qilishgani, biroq javob bera olishmagani sayin uning xotirjamligi ortib bordi. Faqat qovoqlari biroz osildi, ko‘z qarashi jiddiylashdi, tovushi esa vazmin edi. Nihoyat u Flemingni chaqirdi va Fleming bu so‘zning ko‘plik soni yo‘q dedi. Hazrat Arnoll birdan kitobni yopdi-da, baqirib berdi:
— Hoziroq sinfning o‘rtasiga o‘tib, tiz cho‘k. Umrimda bunaqangi dangasani ko‘rgan emasman. Sizlar esa, bo‘linglar, mashqni qaytadan ko‘chiringlar!

Qayd etilgan


shoir  21 Oktyabr 2007, 20:51:56

Fleming o‘rnidan sekin turib, o‘rtaga o‘tdi va oxirgi ikki partaning oralig‘ida tiz cho‘kib o‘tirdi. Qolgan bolalar daftarlari ustiga egilib, yoza boshlashdi. Sinf suv quyganday jim-jit bo‘lib qoldi, Stiven cho‘chibroq hazrat Arnollning xo‘mraygan yuziga qaradi va uning yuzi jahldan qizarib ketganini ko‘rdi.
Hazrat Arnollning jahl qilayotgani gunohga kirarmikan, yo bolalar erinchoq bo‘lib qolganda u jahl qilsa bo‘laverarmikan, axir, bu bilan ular yaxshi o‘qib qolmaydi-ku? Yoki ehtimol, u o‘zini jahli chiqqanday ko‘rsatayaptimikan? Bunga uning haqqi bor, chunki u ruhoniy, nima gunoh, nima gunoh emasligini o‘zi biladi, bilgandan keyin, albatta, gunohga yo‘l qo‘ymaydi-da. Biroq mabodo bexosdan gunohkor bo‘lib qolsa-chi, unda qaerga borib tavba qiladi? Tavba qilish uchun, balki, jamoa boshlig‘ining huzuriga borar-a? Maboda jamoa boshlig‘i gunoh qilib qo‘ysa, rektorga boradi, rektor esa provintsialga, provintsial bo‘lsa iezuitlar generaliga boradi. Bu joy iezuitlar ordeni, u otasining iezuitlarning bari aqlli odamlar, deganini eshitgan. Agar ular iezuit bo‘lishmaganida edi, albatta, juda mavqeli-martabali kishilar bo‘lishardi. U hazrat Arnollni, Peddi Barretni ham, Makgleyd va mister Glisonni ham iezuit bo‘lishmaganida kim bo‘lishlarini ko‘z oldiga keltirishga urindi. Biroq buni tasavvur qilish mushkul, chunki ularning har qaysisini har xil rangdagi kamzullarda, shimlarda, mo‘ylovlariyu soqollari bilan, tag‘in boshlarida har xil shlyapalar bilan ko‘z oldingga keltirishing kerak.

Qayd etilgan


shoir  21 Oktyabr 2007, 20:52:53

Eshik shovqinsiz ochilib yopildi. Sinfga: "œinspektor", degan vahimali shivir-shivir yashin tezligida yoyildi. Bir daqiqa og‘ir jimlik cho‘kdi, keyin oxirgi partadan chizg‘ichning qattiq qarsillab urilgan tovushi eshitildi.
Stivenning yuragi orqasiga tortib ketdi.
— Hazrat Arnoli, bu yerda jazoga ehtiyoj sezayotganlar yo‘qmi? — qichqirdi inspektor. — Bekorchi yalqovlar yo‘qmi bu yerda ta’zirini yeyishga loyiq.
Inspektor sinfning o‘rtasiga keldi va tiz cho‘kib o‘tirgan Flemingga ko‘zi tushdi.
— A-ha! — xitob qildi u. — Bu kim bo‘ldi? Nega u tiz cho‘kib o‘tiribdi? Ism-sharifing nima sening?
— Fleming, ser.
— A-ha, Fleming! Shubhasiz, bu g‘irt dangasa, ko‘zlari aytib turibdi. Nega u tiz cho‘kkan, hazrat Arnoll?
— U lotin tili mashqini yomon yozgan, — dedi hazrat Arnoll, — buning ustiga grammatikadan birorta savolga javob berolmadi.
— To‘g‘ri-da, — baqirdi inspektor, — turishidan ma’lum. Uchiga chiqqan tanbal. Ko‘zidan ma’lum, ko‘zidan.
U partani taqillatib urdi va o‘shqirdi:
— Tur o‘rningdan Fleming! Chaqqon!

Qayd etilgan


shoir  21 Oktyabr 2007, 20:53:20

Fleming sekin qo‘zg‘alib o‘rnidan turdi.
— Qo‘lingni tut! — o‘shqirdi inspektor.
Fleming qo‘lini cho‘zdi. Chizg‘ich qattiq qarsillagan tovush chiqarib ura boshladi: bir, ikki, uch, to‘rt, besh, olti.
— Narigi qo‘lingni tut!
Chizg‘ichning yana olti marta shiddat bilan qarsillab urilgani eshitildi.
— Tiz cho‘k! — baqirdi inspektor.
Fleming, qo‘llarini pinjiga tiqqancha tiz cho‘kdi, og‘riqdan uning yuzi burishib ketdi. Stiven Flemingning qo‘llari qattiqligini, chunki Fleming qo‘llariga qatron surtib, ishqalab yurishini bilardi. Ehtimol, uning joni qattiq og‘rigandir, axir, urganda tovush juda qattiq chiqdi-ku? Stivenning yuragi uvishib ketdi.
— Qani, hamma ishga! — o‘shqirdi inspektor. — Bu yerda bizga dangasalarning, ishyoqmas muttahamlarning keragi yo‘q. Hamma ishga! Hazrat Dolan sizlarni har kun kelib tekshiradi. Hazrat Dolan ertagayam keladi. — Shunday deb u chizg‘ich bilan o‘quvchilardan birining biqiniga turtdi va: — Xo‘sh, qani, sen tur-chi! Hazrat Dolan qachon kelarkan?
— Ertaga, ser, — Tom Ferlonning ovozi eshitildi.
— Ertagayam, indingayam, indinigayam — kelaveradi, — dedi inspektor. — Buni quloqlaringga quyib olinglar. Hazrat Dolan har kun keladi. Qani endi yozishga kirishinglar-chi. Xo‘sh, sen kimsan?
Stivenning yuragi shuv etib ketdi.

Qayd etilgan


shoir  21 Oktyabr 2007, 20:55:00

— Dedalusman, ser.
— Nega boshqalar yozayaptiyu sen qo‘l qovushtirib o‘tiribsan?
— Men... haligi...
Qo‘rqib ketganidan uning tili aylanmay qoldi.
— Nega bu yozmay o‘tiribdi, hazrat Arnoll?
— U ko‘zoynagini sindirgan, — dedi hazrat Arnoll, — shuning uchun men uni mashg‘ulotdan ozod qildim.
— Sindirdi? Bu nima qiliq? Ism-sharifing nima? — so‘radi inspektor.
— Dedalus, ser.
— Beri kel, Dedalus. Buni qara-ya, mana yana bitta ishyoqmas mug‘ombir! Basharang aytib turibdi nayrangbozligingni. Ko‘zoynagingni qaerda sindirding?
— Yuguradigan yo‘lakda, ser.
— A-ha, yuguradigan yo‘lakdamish! — baqirdi inspektor. — Men bunaqa nayranglarni ko‘p ko‘rganman!
Stiven ajablanib boshini ko‘tarib qaradi va bir daqiqa uning ko‘zi hazrat Dolanning oqarib-bo‘zargan, qarimsiq yuziga, ikki qansharida tuklari ho‘ppaygan oqish-kulrang boshiga, ko‘zoynagining temir gardishi va oynaklar ortidan o‘qrayib turgan nursiz ko‘zlariga tushdi. Nega u bunaqa nayranglarni ko‘p ko‘rganman, dedi?

Qayd etilgan


shoir  21 Oktyabr 2007, 20:55:37

— Ishyoqmas tirrancha! — o‘shqirdi inspektor. — Ko‘zoynagini sindirganmish! Odatdagi nayrang buyam! Qani, tez bo‘l, qo‘lingni cho‘z!
Stiven ko‘zlarini yumdi va kaftini tepaga qilib qalt-qalt titrayotgan qo‘lini oldinga cho‘zdi. U bir daqiqa inspektorning barmoqlari, qo‘lini yoymoqchi bo‘lib barmoqlariga tekkanini sezdi va qo‘li tepaga ko‘tarilganda keng-mo‘l yengi shitirlaganini, zarb bilan urish uchun havolangan chizg‘ichning shuvillagan tovushini eshitdi. Bir zarb bilan sindirilgan tayoqning tovushiday qarsillagan achchiq, shiddatli va ayovsiz zarbadan uning qo‘li olovga tushgan bargday bujmayib-tirishib qoldi, ketma-ket tushayotgan zarbalar shovqini va og‘riqning zo‘ridan ko‘zlariga qaynoq yosh quyilib keldi. Qo‘rquvdan a’zoyi badani qaltirar, qo‘llari titrar, qip-qizarib olovi chiqib ketgan kafti va barmoqlari havoda muallaq osilib qolgan bargday titrardi. O‘pkasi to‘lib ketdi, agar og‘zini ochsa o‘kirib, bo‘ldi bas, qo‘yib yuboring, deya ho‘ngrab yig‘lab yuborishi aniq edi. Biroq ko‘zlari qaynoq yoshlarga to‘lgan, qo‘llari og‘riq azobidan qalt-qalt titrayotgan bo‘lsa-da, u ko‘z yoshlari aralash bo‘g‘ziga tiqilgan faryodni ichiga yutdi.
— Narigi qo‘lingni cho‘z! — qichqirdi inspektor.

Qayd etilgan


shoir  21 Oktyabr 2007, 20:55:56

Stiven abjag‘i chiqib ketgan, titrayotgan qo‘lini tushirdi va chap qo‘lini cho‘zdi. Yana tepaga ko‘tarilgan qo‘l yengi shitirladi, yana havolangan chizg‘ichning shuvillagani eshitildi va qattiq qarsillagan, achchiq, chidab bo‘lmas, cho‘g‘day kuydirib yuboradigan og‘riqdan uning kafti va barmoqlari bir parcha qip-qizil go‘shtga aylanib tugilib qoldi. Ko‘zlaridan qaynoq yoshlar tirqirab otildi, alam, azob va qo‘rquv ichida yuz-ko‘zlari lovullagancha, titrab turgan qo‘llarini tortib oldi va ingrab yubordi. Qo‘rquvdan vujudi karaxt bo‘lib qoldi, ayanchli ahvolidan alam bilan to‘lg‘anarkan bo‘g‘zidagi faryod beixtiyor otilib chiqayotganini, qaynoq ko‘z yoshlari tizillab lov-lov yonayotgan yonoqlaridan oqib tushayotganini his qildi.
— Tiz cho‘k! — baqirdi inspektor.
Stiven ayovsiz savalab tashlangan qo‘llarini pinjiga bosgancha darhol tiz cho‘kdi. Ezilgan, qavarib shishib ketgan qo‘llariga ichi achidi, bular o‘zining emas, boshqa birovning qo‘llariday ularga rahmi keldi. U tiz cho‘kib o‘tirib, bo‘g‘zidagi so‘nggi alamli yoshlarni ichiga yutib, kuyishib og‘riyotgan qo‘llarini pinjiga bosib, kaftini tepaga qarata cho‘zgan qo‘lini, inspektorning qo‘li barmoqlariga qattiq tekkanini, titrayotgan barmoqlarini qanday yoyganini, abjag‘i chiqib, qavarib, qip-qizarib ketgan kaftining yumshoq go‘shtini va havoda najotsiz qaltirab turgan barmoqlarini bir-bir ko‘z oldiga keltirdi.

Qayd etilgan


shoir  21 Oktyabr 2007, 20:56:09

— Qani hamma ishga! — qichqirdi inspektor eshik tomonga burilayotib, — hazrat Dolan har kun kelib xabar oladi, tekshiradi — qani bu yerda yana jazoga loyiq ishyoqmas takasaltanglar, yalqovlar bormikan? Har kuni keladi hazrat Dolan, bilib qo‘yinglar! Har kuni!
Uning ortidan eshik berkildi.
Yuvvosh tortib qolgan bolalar nafasini ichiga yutib, bosh ko‘tarmay mashqni yozishni davom ettirishardi. Hazrat Arnoll o‘rnidan turdi va partalar orasidan yurib, yoqimli so‘zlar bilan bolalarning ko‘nglini ko‘tardi, yo‘l qo‘yishgan xatolarini tushuntira boshladi. Uning ovozi juda yoqimli va mayin bo‘lib qolgan edi. Keyin u kelib joyiga o‘tirdi va Fleming bilan Stivenga dedi:
— Joylaringga borib o‘tirishlaring mumkin. Ikkalang ham.
Fleming bilan Stiven o‘rinlaridan turishib, borib partalariga o‘tirishdi.
Uyatdan yuzlari bo‘g‘riqib ketgan Stiven shoshib-pishib bir qo‘li bilan kitobni ochdi-da, egilib boshini varaqlar orasiga burkab oldi.

Qayd etilgan


shoir  21 Oktyabr 2007, 20:56:34

Nohaqlik, shafqatsizlik bo‘ldi bu, chunki unga doktor ko‘zoynaksiz o‘qishni taqiqlagan edi, bugun ertalab u otasiga xat yozib, ko‘zoynak yuborishlarini so‘ragan edi. Hazrat Arnoll ham uyidagilaring ko‘zoynak yuborishguncha yozmay turishing mumkin, degandi. Shundan keyin ham uni butun sinfning oldida nayrangboz deb haqorat qilishdi, savalashdi, axir, u sinfda doim birinchi yoki ikkinchi o‘quvchi bo‘lsa. Yorklarning sardori bo‘lsa. Nega inspektor uni nayrangboz dedi? U inspektorning barmoqlari, kaftini yoymoqchi bo‘lib, barmoqlariga tekkanini sezgan paytda ko‘rishmoqchi shekilli, deb o‘ylagandi, chunki inspektorning barmoqlari yumshoq, lo‘ppigina edi, biroq shu daqiqada bir zum yuqoriga ko‘tarilgan qo‘l yengining shitirlagani eshitildi-yu, zarba tushdi. Uni sinfning o‘rtasiga tiz cho‘ktirib qo‘yishgani ham nohaqlik va shafqatsizlikdan boshqa narsa emas. Hazrat Arnoll ikkalasiga ham joylaringga borib o‘tirishlaring mumkin dedi, biroq bu gapni ikkalang ham bir go‘rsan, degan ohangda aytdi. U hazrat Arnollning mashqlarini tuzatayotib xotirjam va muloyim ovozda gapirganini eshitdi. Ehtimol, u endi afsuslanayotgandir, rahmdil bo‘lgisi kelib qolgandir. Biroq baribir nohaqlik, shafqatsizlik bo‘ldi bu. Inspektor — ruhoniy kishi, ammo uning bu ishi nohaqlikdan, berahmlikdan boshqa narsa emas. Uning oqishdan kelgan bo‘zrang basharasida, temir gardishli ko‘zoynagi ortidan o‘qrayib qaragan nursiz ko‘zlarida rahm-shafqatdan asar ham yo‘q edi, chunki u avvaliga o‘zining yumshoq barmoqlari bilan uning kaftini yoydi, biroq ko‘rishmochi bo‘lib emas, ayovsiz savalash uchungina shunday qildi.

Qayd etilgan


shoir  21 Oktyabr 2007, 20:56:49

— Men buni uchiga chiqqan razillik deb hisoblayman, bor gap shu, — dedi Fleming bolalar uzun dahlizdan turnaqator bo‘lib oshxonaga borishayotganda. — Axir, hech qanday aybi yo‘q odamni savalash adolatdanmi?
— Chindanam sen ko‘zoynagingni bilmay sindirib qo‘ydingmi? — so‘radi Sassiq Rouch.
Flemingning gapidan Stivenning yuragi siqildi. Sassiq Rouchga esa javob qilmadi.
— Albatta-da, bilmay, bexosdan, — dedi Fleming. — Men bunga chidab turolmasdim. Men to‘g‘ri borib rektorga shikoyat qilardim, o‘lay agar.
— To‘g‘ri, — uning gapini chaqqon ilib oldi Sesil Sander, — men ko‘rdim uning chizg‘ichni kiftiga tashlab bildirmay olib kirganini. Bunday qilishga uning haqqi yo‘q.
— Juda qattiq og‘ridimi, a? — so‘radi Sassiq Rouch.
— Ha, judayam, — dedi Stiven.
— Men hecham bu Tozining shu qilig‘iga chidab o‘tirmasdim. Umuman, bunday tozilarni ko‘rishga ko‘zim yo‘q, — gapga aralashdi Sassiq Rouch, — ertaga yana kelaman dedi u, kelib u seni yana uradi.
— To‘g‘ri aytayapti. Sen borib rektorga shikoyat qilmasang bo‘lmaydi, — chuvillashdi bolalar.
Ikkinchi sinfning ba’zi bir bolalari bu mojaroni eshitib turishgandi, ulardan biri dabdabali ohangda shunday dedi:
— Senat va Rim ahli qaror qiladi: Dedalusga berilgan jazo noto‘g‘ri.

Qayd etilgan