Imomi Azam, rahmatullohi alayh, shu qadar go‘zal xulqli inson ekanlarki, zamondoshlari u kishining fazilatlarini tan olib, eng chiroyli xulq Imomi A’zamning xulqidir, deb e’tirof qilganlar. Bu xususda ko‘p katta ulamolardan bayonotlar qolgan. Imomimiz Alloh taolo bergan ne’matlar shukronasini tashqi ko‘rinishda ham ko‘rsatib o‘tganlar. Doimo chiroyli va pokiza kiyimlarda yurganlar. Bu haqda ham zamondoshlari guvohlik berib ketganlar. Shunday baland maqomga erishgan zot nihoyatda tavozeli, xokisor, kamtar bo‘lgan ekanlar. Ma’lumki, kishiga Alloh taolo fazilat berib, u qanchalik baland maqomga ko‘tarilsa, uiing hasadgo‘ylari ham shunchalik ko‘payadi.
Imomimiz esa o‘shanday hasadgo‘ylarni ko‘rganlarida: "Bizlarni yomonlagan kishilarning gunohini Alloh kechirsin, bizlarni yaxshi ko‘rganlarni Alloh rahmat qilsin", deb duo qilar ekanlar. Ya’ni, yomoilikka yomonlik bilan javob qilmas ekanlar.
Yana bir misol: halolni haromdan ajrata olmaydigan, o‘zi kambag‘al, bechora bo‘lsa ham, kalondimog‘, birovlarga ozor yetkazadigan kishilar bo‘ladi. Imomimizning ham bir qo‘shnilari bor ekan. U Alloh taolo harom qilgan ichkilikka giriftor, har kecha mast ekan. Imomi A’zam sha’nlariga hajvlar aytar, baqir-chaqir qilib, u zotga ozor berar ekan. Imomimiz toqat bilan uning haqoratlarini eshitaverar ekanlar. Ittifoqo, bir kuni qo‘shnining xonadonidan odatdagi baqir-chaqir, so‘kinish, haqorat sasi kelmay qolibdi. Imomimiz xavotirlanib, xabar oldiradilar. Ma’lum bo‘lishicha, qo‘shnisi badxulqligi tufayli mirshablar qo‘liga tushib, hibsga olinibdi. Imomi A’zam uni Xudo jazolabdi, deb qo‘ya qolmasdan, darhol amirning huzuriga boribdilar. Mening bir ayolmand kosib, kambag‘al qo‘shnimni qandaydir ayb bilan zindonband qilibdilar.
O’sha qo‘shnimni ozod qiling, unga mening o‘zim kafilman, deb iltimos qilibdilar. Kufaning amiri, albatta, Imomi A’zamning kim ekanini bilar edi. Shuning uchun u kishining hurmatidan nafaqat badxulq qo‘shnini, balki keyingi ikki kun davomida hibsga olinganlarshshg hammasini qo‘yib yuboradilar.