89. Kim yaxshilik bilan kelsa, bas uning uchun o‘sha (yaxshiligidan) yaxshiroq mukofot bo‘lur. Va ular o‘sha Kunning dahshatidan omondadirlar.
90. Kim yomonlik bilan kelsa, bas yuztuban hollarida do‘zaxga tashlanurlar. (Va ularga aytilur): «Sizlarga faqat qilib o‘tgan amallaringizning jazosi berilur».
91-92. (Ey Muhammad, ularga ayting): «Men faqat mana shu shaharning (ya’ni Makkai Mukarramaning) Parvardigorigagina ibodat qilishga buyurilgandirman. U (bu shaharni) xarom qilgan zotdir (ya’ni bu shaharda qon to‘kilishi, biron kishiga zulm qilinishi, ov ovlanishi va hatto o‘t yulinishi ham harom qilingandir). Barcha narsa Unikidir. Men musulmonlardan bo‘lishga va Qur’on tilovat qilishga buyurilgandirman». Bas kim haq yo‘lga yursa faqat o‘z (foydasi) uchun yurar. Kim yo‘ldan ozsa, u holda aytingki: «Men faqat (yo‘ldan ozgan kimsalarni Allohning azobidan) ogohlantirguvchilardandirman».
93. Ayting: «Hamdu-sano Alloh uchundir. Yaqinda U sizlarga O’z oyat-mo‘‘jizalarini ko‘rsatur. Bas sizlar u (mo‘‘jizalarni) tan olursizlar (lekin u kunda tan olishingiz sizlarga foyda bermas)». (Ey Muhammad), Parvardigoringiz sizlarning qilayotgan amallaringizdan g‘ofil emasdir. QASAS SURASIQur’oni Karim matnida yigirma sakkizinchi tartibda kelgan bu sura Makka suralaridan bo‘lib, sakson sakkiz oyatni tashkil etadi.
Sura o‘z ma’no-mohiyati e’tibori bilan «Shuaro» va «Naml» suralarining davomidir.
Bu surada insonlar ibrat olishlari uchun ikki zolim kimsaning qilgan kirdikorlari va topgan oqibat-halokatlari haqida hikoya qilinadi. Ulardan biri qo‘l ostidagi hukmu-saltanat sababli o‘zidan ketib, hatto o‘zini xudo deb atashgacha borib yetgan zolim va mustabid podshoh Fir’avn bo‘lsa, ikkinchisi topgan molu-davlatiga mast bo‘lib, dinu-diyonatni unutgan Qorundir, Qur’on ulardan birini suv, ikkinchisini esa yer yutgani haqida xabar beradi.
Bu surada Alloh taoloning suyukli payg‘ambarlaridan Muso alayhis-salomning tug‘ilishlaridan tortib, qanday payg‘ambar bo‘lganlari va ko‘rgach-kechirgan ibratli sarguzashtlari boshqa suralarga nisbatan mufassal va mukammal so‘ylangani sababli uni «Qasas-Qissa» deb atalgandir. Sura ikki dunyo saodati bo‘lmish iymon-e’tiqodga da’vat qilish bilan xotimalanadi.
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman). 1. To, Sin, Mim.
2. Ushbu (oyatlar) ochiq-ravshan Kitob oyatlaridir.
3. (Ey Muhammad), iymon keltiradigan qavm (o‘qib, ibrat olishlari) uchun sizga Muso va Fir’avn xabaridan haqqi-rost tilovat qilib (so‘ylab) berurmiz.
4. Darhaqiqat Fir’avn (Misr) yerida tug‘yonga tushib, uning aholisini bo‘lak-bo‘lak qildi. U ulardan bir toifani (ya’ni Bani Isroil qavmini) xorlab o‘g‘illarini so‘yar, ayollarini tirik qoldirar. Albatta u buzg‘unchi kimsalardan bo‘ldi.
5. Biz esa u yerda xorlangan kishilarga marhamat qilishni, ularni (xor-bechoralikdan chiqarib, barchaga peshvo zotlarga aylantirishni va ularni (Fir’avn mulkining) vorislari qilishni istaymiz.