Ko'kragi dog'lilarga
Rivoyat qilurlarki: bir tabib charxlab pichoq,
Zog' ko'ksini tilarkan ko'rib qolibdi bir dog'.
Voh, ko'ksi dog'lik erkan, bul zog'ni qo'yibdi ul,
Darhol tutib keltirib boshqa zog' so'yibdi ul.
Yorab, bunda ham bir dog', yaqosini tutibdi,
Hayrat bilan uchinchi zog' ko'ksini titibdi.
Dog' ustiga dog' emish, uchinchi zog' ko'kragi,
Hayhot, shuncha dard cheksa, qushlar hatto ko'kdagi!
Va junbushga kelib ul ko'ksin ochmish ming zog'ni-
Oh urib har birida ko'rganida bir dog'ni...
Behol tabib yozibdi "žbu dunyo ko'p qadim"œ, deb
"žUnda birorta zog'i bedog' uchratmadim"œ, deb.
...Odamlarda bedog' dil, egilmagan qad uchrar,
Ko'kragida bir dog' yo'q, bedard, bo'yi bad uchrar.
Ammo mening sharafim ko'krakning dog'lariga,
Ko'ksi dog'lini oldim ko'zim qaroqlariga.
Yo'q, yo'q, behudaga hech ko'kraklarga dog' tushmas,
Bizning lablar soxta so'z, maqtovlarga qovushmas.
Haq so'zimiz ro'yoni albat o'tajak yanchib,
Shu haq so'zni aytgach goh qolar ko'ksimiz sanchib.
Bizning yurak dog'lidir, kim uchundir kuydik biz,
Kim uchundir ko'krakda og'riq, dardni to'ydik biz.
Sog'lom, bo'm-bo'sh qalb bilan yashamadik bekorga,
Yaralanib bo'lsa ham malham bo'ldik bemorga!
So'nggi yo'lga ketarmiz, shafqatni tishda tishlab,
Dog'li, yarador, lekin toza yurakni ushlab...
Halima Xudoyberdiyeva