Mezbon chiqqach, Manzura yumshoq kursiga omonatgina o‘tirdi. U uyning hashami, mezbonlarning takallufidan hayron, go‘yo begona yurtga, begona odamlarnikiga emas, balki begona dunyoga kelib qolganday edi. To‘yu-ziyofatlarga borib «esonmisiz-omonmisiz...»dan boshlab, kerakli-keraksiz gaplar bilan vaqt o‘tkazishga, ketma-ket kiritiluvchi ovqatlarga, «oling opovsi, oling, ovsin» degan mehribonchiliklarga o‘rganib qolgan ayol uchun bu chindan ham o‘zga dunyo edi. Shu sababli Manzura yo‘ldagi holatini, qizi tashvishidagi xayollarini, o‘g‘illarini bag‘riga bosgan chog‘dagi mas’udlikni bir zum unutib, o‘zini qanday tutmoqligi lozimligini o‘yladi. Guluzor begimning bu xonaga boshlab kirishidan maqsadi yuvinib, kiyimlarini almashtirib olish uchun sharoit yaratmoq ekanini fahmlab, o‘rnidan turdi. Shunda yotoqxona yonidagi eshikning qiya ochiq turganiga, bu yerning yuvinish xonasi ekaniga e’tibor berdi.