Qissa nashr etilib, yozuvchiga shon-shuhrat olib kelgandan keyin ham muallif «Oqcharloq Jonatan» bilan bog‘liq sirli hodisani ko‘p bor takrorlagan: o‘zi yozgan boshqa romanlardan farqli o‘laroq, bu qissaga boshqa hech narsa qo‘sha olmasligini, Oqcharloq g‘oyasi o‘ziga tegishli emasligini, g‘oyibdan eshitganini qog‘ozga tushirganini ta’kidlagan.
Xullas, nima bo‘lganda ham, «Oqcharloq Jonatan» rivoyat sifatida ham, falsafiy ertak yoki nasrdagi doston sifatida ham, qanday ta’riflanishidan qat’i nazar — dunyoning millionlab kitobxonlari sevib o‘qiydigan kitobiga aylandi. Ayrim adabiyotshunoslar asar muvaffaqiyatini undagi voqealarning Injil syujetiga hamohangligi bilan bog‘lashsa, ba’zilar uni «iste’molchilar jamiyati»dagi ma’naviy inqirozlar davrining dolzarb muammosini ko‘tarib chiqqan asar sifatida baholaydi. Kundalik mayda g‘am-tashvishlarda — baliq ichak-chavog‘iyu non ushoqlari uchun talashib-tortishib kun o‘tkazishdan ko‘ra, cheksiz mashaqqat chekib bo‘lsa-da, yuksak parvoz san’atini puxta egallash ishtiyoqida yongan Oqcharloq Jonatan , ayniqsa, o‘tgan asr ikkinchi yarmidagi g‘arb yoshlariga ulkan bir ibrat namunasi, insoniy komillikka da’vatday ta’sir etgan edi. Yoshlar bu majoziy obrazda o‘z botinlaridagi Parvozga ehtiyojni his etgandilar, ular Jonatanda o‘zlarining amalga oshirilmagan, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan istak-xohishlarini ko‘rgan edilar. Bu qissa ular uchun ermakka o‘qiladigan kitob emas, balki ruhni chiniqtirish, bardam qilish yo‘lidagi ma’rifiy mashg‘ulotga aylangandi.
«Ma’rifat» mushtariylariga Richard Baxning rivoyat-qissasi tarjimasini taqdim etarkanmiz, avvalo, tarjima matni ustidagi ijodiy ishimiz, hali davom etayotganini, bu asar qayta-qayta sayqal berishni talab etishini aytib o‘tish lozim, deb o‘ylaymiz. Va ularga Oqcharloq Jonatanga xos parvoz ishtiyoqi, yuksala bilish zavqi hamroh bo‘lishini tilaymiz.
Tarjimon (Ahmad Otaboyev)