SALOMLASHISH KITOBI
131-BOB
Salomlashish fazilati hamda uni ommalashtirishga buyurish
Alloh taolo:
«Ey mo‘minlar, o‘z uylaringizdan boshqa uylarga to izn so‘ramaguningizcha va egalariga salom bermaguningizcha kirmangiz» (Nur surasi, 27-oyat).
«Bas, qachon uylarga kirsangizlar, bir-birlaringizga Alloh huzuridan bo‘lgan muborak pokiza salomni aytinglar (ya’ni «Assalomu alaykum», denglar)» (Nur surasi, 61-oyat).
«Qachon sizlarga biron ibora bilan salom berilsa, sizlar undan chiroyliroq qilib alik olinglar yoki (hech bo‘lmasa) o‘sha iborani qaytaringlar» (Niso surasi, 86-oyat).
«(Ey Muhammad), sizga Ibrohimning izzat-ikromli mehmonlari haqidagi xabar keldimi? O’shanda ular (Ibrohimning) huzuriga kirib, «Salom», deyishgan edi. U ham «Salom», dedi» (Vaz-zoriyat surasi, 24-25-oyatlar), deb aytgan.
843/1. Abdulloh ibn Amr ibn Ossdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Bir kishi Rasulullohdan (s.a.v.) «Islomdagi qaysi amal yaxshi?» deb so‘raganida, u zot: «Qorni ochlarni to‘ydirishing hamda tanigan va tanimagan kishiga salom berishing», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.