BOBURNING ANDIJONDAN CHIQISHI
Vido deb titradi tush ta’birlari,
Alamdan tulporlar tushov uzdilar.
Maysasi yanchilib yurt adirlari,
Quchog‘i qontalash gullar to‘zdilar.
Andijon osmoni bu dam qoradur,
Taqdirini qarg‘ab Bobur boradur.
Yellar vazmin yelib kuzatib bordi,
G‘amgin sayyohlarga omonlik tilab.
Ismini bir lahza unutdi Vodiy,
Vido qoplab turgan ko‘zlarga qarab.
Karaxt ko‘kdan tushib yig‘lar tola nur,
Dili yig‘lab borar Hazrati Bobur.
Saltanat bu lahza qon urgan taxtdir,
Suyanib yig‘ladi qo‘shiqlariga.
Bo‘ylarini cho‘zib boqdi daraxtlar,
Izi uzoqlashgan oshiqlariga,
Yashil yaproqlarning bag‘ri poradur,
Shoir ko‘ngil yig‘lab-yig‘lab boradur.
Qushlar "chir-rr" aylandi, yig‘lashdi chog‘i,
Tushunmas ovozga o‘rab dodini.
Yo‘llarning ming karra ortdi qiynog‘i,
Tinglab nigohlarning jim faryodini.
"Oy boring" — oq duo so‘nggi choradur,
"Omon qaytmoq bormu" — nido boradur.
Zardobi kechmishli, zardobi savol,
Bir diyor oldinda — Hindiston otli,
Buyuk Gang mavjlari ochar bunda fol:
"Bir o‘g‘lon keladur, mard, adolatli!"
Ne tong, o‘g‘lon — g‘amdan toj ilgan Bobur,
Nasibasi Hindga sochilgan Bobur!..
"Yoshlik" jurnalidan olindi.