Barro raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Uhud kuni biz mushriklarga ro‘baro‘ bo‘ldik. Janob Rasululloh kamonchi merganlarni tepalik ustiga joylashtirib, ularga Abdulloh ibn Jubayrni amir qilib tayinladilar-da, «Bizning g‘alaba qilganimizni ko‘rsangizlar ham, yengilganimizni ko‘rsangizlar ham joyingizdan jilmangizlar, yordamga oshiqmangizlar!» — dedilar. Dushman birlan to‘qnashganimizda ular tumtaraqay qochib qoldilar, hattoki toqqa tirmashgan ayollarining boldirlari ochilib qolib, taqinchoqlari ko‘rinib turganini ko‘rdim. Shunda merganlar: «Ana o‘lja, ana o‘lja!» —deb ochko‘zlik qila boshladi-lar. Amir Abdulloh ibn Jubayr ularga Janob Rasulullohning «Jilmangizlar!» deb buyurganlarini eslaqalar ham, itoat qilmadilar. Natijada ish chappasiga ketib, musulmonlardan 70 kishi shahid bo‘ldi. Mushriklarning boshlig‘i Abu Sufyon tirik qolgan musulmonlar oldiga kelib: «Orangizda Muhammad bormi, nega indamaysizlar? Orangizda Abu Qahhofa (Abu Bakr Siddiq) bormi, nega javob bermaysizlar? Orangizda Ibn Xattob bormi, nega javob bermaysizlar? Demak, ular o‘ldirilganlar, agar tirik bo‘lganlarida erdi, javob bergan bo‘lur erdilar»,— dedi. Umar raziyallohu anhu o‘zlarini tutib turolmay: «Ey Olloh taoloning dushmani, yolg‘on aytyapsan, hali shoshmaytur, Olloh taolo seni albatta g‘am-g‘ussaga botirgay!»—dedilar. Shunda Abu Sufyon: «Hubal buyukdur!» — dedi. Janob Rasululloh: «Javob qaytaringizlar!»—dedilar. Sahobalar: «Nima deymiz?»—deganlarida, ul zot: «Olloh taolo buyuk va ulug‘dur!» deb aytingizlar»,— dedilar. Abu Sufyon: «Bizning Uzzomiz bor, sizlarning Uzzolaringiz yo‘q» — deganda, Janob Rasululloh: «Olloh taolo bizning mavlomiz (egamiz), sizlarning ersa, egalaringiz yo‘q!" — deb aytishni o‘rgatdilar. Abu Sufyon: «Bugungi kun Badr kuni uchun qasos bo‘ldi, urushda zafar goh u tomonga, goh bu tomonga o‘tadi. Jang maydoniga boqsangizlar, men buyurmagan va menga zarari ham bo‘lmagan bir dalilning shohidi bo‘lasizlar»,— dedi».