O’g‘lini chaqirib, "Ey farzandim, men tushimda seni ko‘ribman. Allohning rizoligi uchun seni qurbon qilib so‘yayotgan emishman. Sen nima deb o‘ylaysan?" — dedi. Ismoil (A.S) otasiga shunday javob berdi: "Otajon! Alloh nimani buyurgan bo‘lsa, shuni ado eting. Inshoolloh, men sabr etuvchilardanman, chidayman".
Ibrohim payg‘ambar o‘g‘li bilan so‘zlashgandan so‘ng, uni qurbon qilishga qaror berdi. Bir kuni o‘tkir pichoqni qo‘liga olib, o‘g‘lini yerga yotqizdi. Pichoqni uning bo‘yniga olib borib, so‘ymoqchi bo‘ldi. Lekin pichoq kesmadi. Hazrat Ibrohim bu holdan juda xafa bo‘lib, yig‘lashga tushdi. Shunda Ismoil: "Otajon, meni yerga yuz tuban yotqizing. Yuzimni ko‘rib chiday olmayapsiz. Meni ayab, Alloh amrini bajarishdan mahrum bo‘lmang. Meni Allohga qurbon qilishdan voz kechib, gunohkor bo‘lmang", - dedi.
Bu so‘zlardan so‘ng Ibrohim Rasululloh farzandini yerga yuz tuban yotqizib, so‘ymoqchi bo‘ldi, lekin pichoq yana kesmadi. Mana shu vaqtda Alloh taolo Ibrohim Rasulullohga bir shodiyona xabar yetkizdi: "Ey Ibrohim, haqiqatan ham, ko‘rgan tushingga sadoqat ko‘rsatding. Biz yaxshi ish qilganlarni hamma vaqt mukofotlagaymiz, ya’ni hamisha yaxshiliklarga yaxshilik bilan javob beramiz. Shubhasiz, bu katta bir imtihon edi. Biz Ibrohimga o‘g‘li o‘rniga so‘ysin deb, katta bir hayvonni yubordik". Shunda Ibrohim Rasululloh Alloh tomonidan yuborilgan hayvonni so‘yib, Alloh oldidagi qurbonlik qilish burchini o‘tadi. qurbon bayrami inson farzandining qurbon qilinishdan qutilishi voqeasini eslatib turadi.