— Doktor Xudoyor ustozimiz bo‘ladilar, — dedi Samad, uni onasiga tanishtirib.
— Yodingizdadir, biz siz ila telefon orqali so‘zlashmak sharafiga muyassar bo‘lgan edik. Bu tashrifingiz cho‘x go‘zal bo‘lmish. Cho‘x minnatdorman, cho‘x baxtiyor bo‘lmisham, xonim afandim.
Manzura bunday iltifotga nima deb javob qaytarishni bilmay, bosh silkib qo‘ya qoldi. Erida, xonadoni atrofidagilarda bunday lutf bo‘lmagani sababli ham u javobga ojiz edi. Doktor Xudoyor uchun bu hol qorong‘u edi. Shu bois ayolning bosh silkib qo‘yishini uning hayajoniga yo‘ydi.
— Abdusamad, inim, siz yuklar ila mashg‘ul bo‘ling, biz bora turamiz, — dedi doktor Xudoyor.
To‘ng‘ich o‘g‘liga «Samad» deb ism qo‘yib, shu yoshga qadar «Samadjon», deb erkalab chaqiruvchi onaga «Abdusamad» deyilishi ajab tuyuldi. U o‘g‘lining doktor Xudoyorga dastlab uchrab «Ismim Samad» deganida «As-Somad — Ollohning sifatlaridan biri, ya’nikim, butun maxluqotning ishini bitiruvchi, barcha hojatlarni so‘raydigan zot, demakdir. Siz bilan biz esa Ollohning qullarimiz. «Samad» desangiz Xudo bo‘lib qolasiz. Ismni to‘g‘ri talaffuz etmak joizdur. Siz «Samad» emas, «Abdusamad» siz», deb tanbeh eshitganini bilmas edi.