* * *
Bir qo‘shiqchi singlimizning telemuxbir bilan qilgan suhbatlari kishini taajjubga soldi. Singlimiz san’at cho‘qqisini ko‘zlab, shaharga kelibdilar. Erlari bilan ajralishibdilar. Uch yoshli farzandlari qishloqda, onalari tarbiyasida ekan. «Uyga borsam, bolam meni tanimaydi», deb kuldilar. (Aqlli ona bunday holda yig‘lashi kerakmasmi?)Yana dedilarki, ustoz qo‘shiqchi opalaridan «oilamni nima qilay?» deb so‘ragan ekanlar, «sen san’atni o‘yla», degan «dono» nasihatni quloqqa olibdilar.
Hech kim «avvalo ona bo‘ling», demabdi.
Hozir «uyga borsam bolam tanimaydi», deb kulyaptilar.
Keyinchi, yillar o‘tib yig‘lamaydilarmikin?
Ikki tuyaqush oila qurib, ko‘payish ilinjida tuxum qo‘yarkanlaru, og‘irliklari tufayli uni sindirib, keyin fig‘on chekarkanlar. Oxiri ular dono tuyaqushdan maslahat olmoq uchun necha kunu necha tun yo‘l bosib, sahroning narigi chetiga boribdilarda:
— Bizga yordam bering, bizdan ham nasl qolsin, — deb yalinishibdi.
Ularning iztiroblarini tinglagan dono tuyaqush:
— Nasl qoldirish uchun faqat istak-xohishning o‘zi kifoya qilmaydi. Bu oson ish emas, mashaqqatni yengishingiz lozim bo‘ladi, — debdi
— qanday mashaqqatligini ayting, biz hammasiga tayyormiz, — deyishibdi ikki tuyaqush.
— Unday bo‘lsa, diqqat bilan tinglangu, yodingizga muhrlang: nasl qoldirishning eng muhim sharti — yurak taftidir. qo‘ygan tuxumingizga faqat yuragingizning haroratigina jon bera oladi. Shuning uchun unga eng qadrli, eng aziz narsaday munosabatda bo‘ling va ehtiyotlang.
Er-xotin tuyaqush bu maslahatga amal qilishibdi. Tuxum qo‘yilgach, har qanday rohatdan voz kechib, faqat uning uchun parvona bo‘lishibdi. Ochlik, suvsizlikka ham chidashibdi. Oqibat ulug‘ mukofotga erishishibdi — tuxum yorilib, jajji tuyaqushning boshchasi ko‘rinibdi...
Ashulachi singlimizga Xudo ovoz beribdi, farzand ham beribdi-yu, yuragiga harorat bermabdi-da, attang...
Tohir Malik