Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Ilm kitobi)  ( 158047 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 ... 31 B


Doniyor  13 Oktyabr 2006, 06:28:01

Ma’lumki, haj yo‘lda qaroqchilardan himoya topish bilan amalga oshadi. Lekin haj o‘zi alohida ish, hajga yo‘l olish ikkinchi bir ish, hajni amalga oshirishda kerak bo‘ladigan qo‘riqchilik uchinchi ishdir. Qo‘riqchilikning yo‘llari, uslublari va qonun-qoidalarini o‘rganish esa, to‘rtinchi ishdir. Xulosa qilib aytganda, fiqh fani rahbarlik va qo‘riqchilik yo‘llarini o‘rgatadi. Bunga musnad yo‘l bilan rivoyat qilingan quyidagi hadis dalildir: «Insonlarga faqat amir yoki mamur yoki mutakallif fatvo beradi».64 Amir rahbar va boshqaruvchidir. Shuning uchun u fatvo beradi. Mamur esa, amirning noibidir. Mutakallif ehtiyoji bo‘lmasa-da, o‘zicha fatvo berishga uringan kishidir. Sahobai kiromlardan oxirat va Qur’on haqida so‘rashganda tezda javob berishgan, lekin fatvo berishdan saqlanishgan, hatto ularning birortasidan fatvo so‘ralgudek bo‘lsa, bir-birlariga havola qilishgan. Boshqa rivoyatda hadisdagi «mutakallif» o‘rniga «muroiy»  riyokor kelgan. Zero, ehtiyojsiz, o‘zicha fatvo berish xatarini zimmasiga olgan kishining maqsadi faqat mol va obro‘ bo‘ladi.

 Shu o‘rinda sen: «To‘g‘ri, hozir aytilgan narsalar dunyoga aloqador bo‘lgan qasos, jazo, haqdor bilan nohaq orasini ajratish kabi ishlarga mos keladi. Ammo ibodatlar asosi bo‘lgan namoz, ro‘za yoki ibodatlarning to‘rtdan birini tashkil qiluvchi halol bilan harom orasini ajratuvchi muomalot qismiga umuman to‘g‘ri kelmaydi», deb aytishing mumkin. Bunga javoban aytamizki, bir fiqh olimining oxirat amallariga taalluqli eng ko‘p so‘zlagan narsasi islomiyat, namoz, zakot, halol va harom narsalardir. Yaxshilab o‘ylab ko‘rsang, faqih bu narsalarda dunyodan oxiratga tomon bo‘lgan chegaralarni bosib o‘tolmaydi. Namoz, zakot, halol-harom masalalaridaki tutgan yo‘li shu bo‘lganidan keyin qolgan narsalar o‘z-o‘zidan namoyon bo‘ladi.


64. Ibn Moja hasan isnod rivoyat qildilar.

Qayd etilgan


Doniyor  13 Oktyabr 2006, 06:28:44

Islomiyat masalasini olsak, faqih durust va nodurust narsalar, Islomning shartlari haqida gapirar ekan, tildan boshqasiga e’tibor bermaydi. Qalb ishi faqihning tasarrufidan tashqaridadir. Zero, Payg‘ambar (sollallohu alayhi vasallam) qilichdan qo‘rqib musulmon bo‘lgan kishini o‘ldirgan sahobaga: «Sen uning qalbini yorib  ko‘rdingmi?!»65 deb qalb ishini saltanat va qilich sohiblari tasarrufidan ajratganlar. Faqih qilichdan qo‘rqib bo‘lsa-da, kalimai shahodat keltirgan kishini musulmon  deb hukm qiladi. Shu bilan birga, faqih qilichdan qo‘rqish uning niyatini oshkor qilmaganini, qalbidan jaholatu hayrat pardasini ketkizmaganini biladi, lekin shunday hukm qilaveradi. O‘limdan qo‘rqib musulmon bo‘lgan kishi shahodat kalimasini aytish bilan nafsini o‘limdan, molini boshqa birov qo‘liga o‘tishidan saqlaydi. Bu ish dunyoga taalluqli ekani ma’lum. Shuning uchun Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam)  shunday marhamat qilganlar: «Men insonlar «La ilaha illalloh» degunlaricha ularga qarshi urushishga buyurildim. Qachonki ular «La ilaha illalloh»ni aytsalar, molu jonlarini mendan himoya qilgan bo‘ladilar».66 Oxiratda esa molu dunyo asqotmaydi. Balki qalb nuri, siri-asrori va ixlosigina foyda beradi. Bu fiqhdan emas. Faqih bular haqidagi bahsga sho‘ng‘isa, falsafa, tib kabi o‘zining sohasi bo‘lmagan bahslarga kirishgandek bo‘ladi.

Yoki namozni olib qaraylik. Faqih namoz o‘quvchi kishi namozning boshidan oxirigacha g‘ofil bo‘lib, xayolda bozordagi tijorati, hisob-kitobi bilan mashg‘ul bo‘lsa-da, namozning zohiriy shartlarini bajarsa, namozini durust sanaydi. Vaholangki, bu namozdan oxiratda foyda yo‘q. Shuningdek, til bilan shahodat kalimasini aytish foyda bermasa ham, faqih mazkur kalimani qatldan saqlanish uchun aytgan kishining musulmonligi durust ekaniga fatvo beradi. Ammo namozda xushu’-xuzu’ bilan turish, qalbi jam bo‘lishi kabi zohiriy amal foyda berishiga sabab bo‘luvchi oxirat amallari haqida hech narsa demaydi. Agar faqih bu jihatlarga aralashsa, u o‘z sohasidan tashqariga chiqqan hisoblanadi.


65. Imom Muslim rivoyatlari.
66. Muttafaqun alayh.

Qayd etilgan


Doniyor  13 Oktyabr 2006, 06:28:54

Zakot masalasiga kelsak, faqih uni kishi ado etgani yoki etmaganiga qaraydi. Qay kayfiyatda ado etilganiga e’tibor bermaydi. Agar boy kishi zakot berishdan bosh tortsa, keyin podshoh undan majburiy yo‘l bilan zakotini olsa, faqih bu holda boyning zimmasidan zakot soqit bo‘lishiga fatvo beradi.

Hikoya qilishlaricha, qozi Abu Yusuf yil oxirlab qolganida molini ayoliga hadya qilib berar ekan. Keyin esa, zakot bermaslik uchun uni ayolidan qaytarib olarkan. Bu holat Abu Hanifaga (r.a.) zikr qilinganida: «Bu uning faqihligidandir», degan ekanlar. Abu Hanifa (r.a.) to‘g‘ri aytganlar, zero, bu dunyo fiqhidir. Lekin uning zarari oxiratda barcha jinoyatdan kattadir. Buni zararli ilm deydilar.

Halol-harom mavzusiga kelsak, haromdan parhez qilish, taqvoli bo‘lish ayni dindorlikdir.

Qayd etilgan


Doniyor  13 Oktyabr 2006, 06:29:33

Taqvodorlikning to‘rt martabasi bor:
1. Guvohlarning adolatli bo‘lishida shart qilingan taqvodorlik. Bu martabani inson tark etsa, guvohlik, qozilik va valiylik (rahbarlik) kabi ishlarda uning layoqati ketgan hisoblanadi. Bundagi taqvo ochiq haromdan saqlanishdir.
2. Solihlarning taqvosi. U tushib qolish ehtimoli bo‘lgan shubhali narsalardan ham chetlanishdir. Bu haqda Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): «Shubhali narsani qo‘y, shubhasiz narsani ushla», debganlar.67 Yana Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): «Gunoh qalblarning yarasidir», deb aytganlar.68
3. Muttaqiylar taqvosi. U haromga eltuvchi narsadan qo‘rqib, halolni tark qilishdir. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): «Kishi zararli narsadan qo‘rqib, zararsiz narsani tark qilmagunicha, muttaqiylardan bo‘la olmaydi», deganlar.69
Buning misoli g‘iybatga sho‘ng‘ishdan qo‘rqib, kishilar holatini gapirishdan tiyilganga yoki nafsi jo‘sh urib, man’ etilgan narsalarni yeb qo‘yishdan qo‘rqib, shahvatli narsalarning iste’molidan taqvo qilganga o‘xshaydi.
4. Siddiqlar taqvosi. U Allohning huzurida qurbatni ziyoda qilishga foyda bermaydigan narsalarga umrning biror soatini bo‘lsa-da, sarf etishdan qo‘rqib, ulardan yuz o‘girishdir. Garchi u narsalar bilan haromga tushib qolmasligini aniq bilsa ham.


67. Termiziy, Nasaiy, Ibn Hibbonlar rivoyati.
68. Bayhaqiy mavquf holatda «Shu’abil iymon» kitobida rivoyat qildilar. Boshqa bir rivoyatda gunoh «qalblaring bosqinchisi», deyilgan.
69. Termiziy rivoyat qilib hasan degan. Ibn Moja va Hokimlar rivoyat qilib sahih deyishgan.

Qayd etilgan


Doniyor  13 Oktyabr 2006, 06:30:06

Avvalgi martabadan boshqa uchtasi faqih nazaridan tashqaridagi narsadir. Birinchi martaba guvohlik va qozilik kabi ishlarda adolatni qoim qiluvchi taqvodorlik edi, u esa, oxiratda gunohlar uchun foyda bermaydi. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) Vobisaga qarata: «Agar senga fatvo berishsa ham, o‘z qalbingdan fatvo so‘ra», deganlar.70

Faqih kishi qalb jarohatlarini ketkazadigan va amallar kayfiyatini  anglatadigan so‘z so‘zlamaydi. Balki uning bor e’tibori oxirat yo‘lini isloh etuvchi dunyoga qaratilgan. Agar u (faqih) qalb sifatlari, oxirat ahkomlari haqida biror narsa so‘zlab qolsa ham, bu hol tasodifiy bo‘lib, tibbiyot, hisob, nujum, kalom ilmlaridan misol keltiradigan holatiga o‘xshaydi.

Zohiriy ilmlar imomi Sufyon Savriy: «Bu ilmlarni talab qilish oxiratga zod bo‘lmaydi», der edilar. Endi qanday qilib, faqat u ilmlarga amal qilishni sharaf bilishadi, zihor, li’on, salam, ijara, sarf kabilarni ilm deb gumon qilishadi?! Kim faqat mana shu narsalarni Allohga yaqin bo‘lish uchun o‘rgansa, u kishi jinnidir. Albatta, amallar toatdagi qalb va a’zolar bilan bo‘ladi. Ana o‘sha amallar bilan sharafga erishiladi.

Agar nima uchun fiqh bilan tibning orasini tenglashtirdingiz, tib dunyoga taalluqli bo‘lib, jasad sog‘ligiga, shu bilan birga, dinning islohiga ham tegishli, bu tenglashtirishingiz musulmonlar ijmo’siga xilof-ku, desang, bilgilki, bu ikkalasini tenglashtirish loyiq emas, balki ular orasida farq bordir.


70. Imom Ahmad va Doramiylar Vobisadan rivoyat qilishgandi.

Qayd etilgan


Doniyor  13 Oktyabr 2006, 06:30:15

Fiqh uch holati bilan sharaflidir.
1. Fiqh shar’iy ilm bo‘lib, u Nabiydan (sollallohu alayhi vasallam) istifoda qilingandir. Tib esa, shar’iy ilm emas.
2. Oxirat yo‘liga tushgan kishi xoh kasal, xoh sog‘lom bo‘lsin, fiqhdiga ishi tusha. Ammo tib ilmiga kasallargina muhtoj bo‘ladi, xolos.
3. Fiqh ilmi oxirat yo‘lidagi ilmga qo‘shnidir. Chunki u a’zolarning amaliga e’tibor beradi. A’zolar amallarining masdari esa, qalb sifatlaridir. Maqtalgan amallar oxiratda najot bo‘luvchi maqtalgan axloqlardan sodir bo‘ladi. Qoralangan amallar esa, qoralangan xulqlardan kelib chiqadi. A’zolarning qalb bilan bog‘liqligi ochiq ko‘rinib turgan narsa. Salomatlik va kasallik esa, mijozning pok-nopokligiga bog‘liq. U badanning sifatidir, qalb sifatlaridan emas. Fiqh tibga qanchalik bog‘lanmasin, baribir fiqhning sharafi zohir bo‘laveradi. Ammo oxirat yo‘li ilmi fiqhdan sharafliroq.

Agar menga, oxirat yo‘li ilmining ma’nosini batafsil ajratib bering, desang, uni mufassal tushuntirishning imkoni bo‘lmasa ham (aytaman). Bilgilki, oxirat yo‘lining ilmi ikki qismdir: mukoshafa ilmi va muomala ilmi.

Qayd etilgan


Doniyor  13 Oktyabr 2006, 06:30:28

Mukoshafa ilmi botiniy ilmdir va barcha ilmlarning g‘oyasidir (ya’ni, botinni o‘rganishdir). Ba’zi oriflar: «Kim mana shu ilmdan nasibador bo‘lmasa, unga yomon oqibat kelishidan qo‘rqaman», deb aytishgan. Nasibador bo‘lishning eng ozi esa, uni tasdiq qilib, o‘sha ilm ahliga ergashishdir. Ayrimlar aytdiki: «Kimda bid’at va kibr bo‘lsa, mukoshafa ilmidan biror narsa unga ochilmaydi». Yana aytishlaricha, kim dunyoni yaxshi ko‘rsa yoki havoyi nafsiga ergashsa, mukoshafa ilmi unda bo‘lmaydi. Balki boshqa ilmlarni egallashi mumkin. Bu ilmni inkor qilganlarning eng oz jazosi undan zavqlanmaslikdir. Shu ma’noda she’r ham bor:

Gunohdir, jazosi ham o‘zi bilan,
Yo‘q kishining g‘iybatiga rozi bo‘lsang.


U ilm mazmum sifatlardan pok qalbda zohir bo‘ladigan nurdir. Mana shu nur bilan oldin eshitilgan, lekin ma’nolari anglashilmagan ko‘p ishlar kashf bo‘ladi, Allohning zotini, boqiy va komil sifatlarini, fe’lini, dunyo va oxiratni yaratishdagi hikmatlarini,  dunyo ustiga oxiratni qo‘yish tartibini, nubuvvat, nabiy va vahiy ma’nosini, farishtalar va shaytonlar lafzlarining ma’nosini, shaytonning insonlarga dushmanligi, anbiyolarga farishtalarning ko‘rinish va payg‘ambarlarga vahiy kelish kayfiyatini, yer va osmonlar saltanatini, qalbni bilishni, farishtalar va shaytonlar jamoasi orasidagi farqni, oxirat, jannat, do‘zax, qabr azobi, sirot, mezon va hokazolarni o‘sha nur orqali anglaydi.

Qayd etilgan


Doniyor  13 Oktyabr 2006, 06:30:36

Allohning quyidagi so‘zi shu ma’nolarni ifoda etadi:
«(Va unga deyilur): «Nomai a’molingni o‘qi! Bugun o‘z nafsing o‘zingga qarshi yetarli hisobchidir» (Isro surasi, 14-oyat);

«Agar ular bilsalar, oxirat diyorigina (mangu) hayot (diyoridir)» (Ankabut surasi, 64-oyat).

(Mukoshafa ilmi ila qalbda zohir bo‘lgan nur bilan) shuningdek, Allohga yo‘liqib, Uning karim yuziga nazar solish, Unga yaqin bo‘lish, Unga qo‘shni tutinish, malaul a’lo saodatiga musharraf bo‘lish, farishta va nabiylarga yaqin bo‘lish, ahli jannat darajalarining tafovuti, hatto, ular bir-biriga osmondagi yulduzga qaragandek qarashlari ma’nosini anglaydi.

Mana shu yuqorida zikr qilingan ishlarni tasdiqlab, ma’nosini anglashda odamlar bir necha maqomlarga bo‘linadi.

Qayd etilgan


Doniyor  13 Oktyabr 2006, 06:31:04

Ba’zilarning fikricha, ularning hammasi Alloh taolo solih bandalariga tayyorlab qo‘ygan, ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan, inson qalbi his etmagan tamsillardir. Aytilayotganlar jannatda xalq qilingan narsalarning ism va sifatlari, xolos. Ayrimlarning fikricha, u narsalarning ba’zilari lafzdan tushunilgan narsaga muvofiq keladi. Ba’zi birovlar esa, Alloh azza va jallani tanishning oxirgi chegarasi Uni tanishdan ojiz ekanini e’tirof qilishdir, deyishadi. Ba’zilar Alloh azza va jallani tanishda katta bir ishni da’vo qilishadi. Yana ba’zilar, Alloh azza va jallani tanishning chegarasi avom e’tiqodining Alloh mavjud, olim, qodir, sami’, basiyr, mutakallim, deb to‘xtagan joyidir, deyishadi.

Demak, mukoshafa ilmi deb: yopiq parda ko‘tarilgan, haq ravshan bo‘lib shakshubhasiz gumon qilinmaydigan ayon narsa ravshan bo‘lganga o‘xshash holga kelganiga aytiladi.

Agar qalb oynasi dunyo iflosliklari bilan qattiq kirlanmasa, mazkur hol inson javharida mumkindir.

Oxirat yo‘li ilmi qalb oynasini iflosliklardan tozalab, sayqallab, Allohning sifati va fe’lini topishda to‘siq bo‘ladigan narsalarni ko‘taradi. Bu ish shahvatlardan tiyilib, hamma holatda anbiyolarga iqtido qilish bilan bo‘ladi. Ana shu taqdirdagina qalb musaffo bo‘lib, haq yuzaga chiqadi va nur taratadi. Bu darajaga faqat riyozat bilan (bu haqda o‘z o‘rnida batafsil bayon keladi), ilm va ta’lim bilan erishiladi. Ammo u ilmlar kitoblarda bitilmaydi. Undan biror narsa in’om etilgan kishi uni gapiradi va ilmdan gapirgan narsasining ahliga aylanadi, muzokara va sirda unga sherik bo‘ladi. Bu ish maxfiydir. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) quyidagi so‘zlarida ilmni nazarda tutganlar: «Ilmning maknun (yashirin) hay’atlisi bor. Uni faqat Allohni taniganlar biladi. Agar u haqda gapirilsa, Alloh haqida g‘ururga ketganlargina anglamaydi. Alloh ilm bergan olimni past sanamanglar. Chunki Alloh unga ilm berayotganda past sanamagan».71


71. Abu Abdurahmon Sulmiy Abu Hurayradan zaif isnod bilan rivoyat qilgan.

Qayd etilgan


Doniyor  13 Oktyabr 2006, 06:31:12

Ikkinchi qism esa, muomala ilmidir. U qalb holatlarini o‘rganadi. Ularning ichida sabr, shukr, xavf (doimo Allohdan qo‘rqib turish), rajo (Allohning rahmatidan umid qilish), rizo (qazoi qadarga rozi bo‘lish), zuhd, taqvo, qanoat, saxovat, minnat Alloh taologa xos  ekanini bilish, yaxshi fikrda bo‘lish, go‘zal xulqlilik, birgalikda go‘zal hayot kechirish, rostgo‘ylik va ixlos kabi maqtovli holatlar bor. Ularning haqiqatini, me’yorlarini va sabablarini, samarasini, belgilarini o‘rganish va zaif bo‘lganini muolaja qilib, kuchaytirish oxirat ilmidir.

Shuningdek, qalb holatlari ichida qoralanadiganlari bor: faqirlikdan qo‘rqish, norizo bo‘lish, hiyla, gina, hasad, aldov, mansabparastlik, maqtovni yoqtirish, dunyoda uzoq muddat qolishni yaxshi ko‘rish, kibr, riyo, g‘azab, qo‘pollik, adovat, nafrat, tama’, baxillik, (dunyo ashyolariga) rag‘bat, maqtanchoqlik, nonko‘rlik, boylarni ulug‘lash, faqirlarni kamsitish, g‘ururlanish, manmanlik, faxrlanish, haqni qabul qilmaslik, manfaatsiz narsalarga kirishish, sergaplik, maqtanchoqlik, odamlar uchun ziynatlanish, laganbardorlik, o‘z aybi qolib, o‘zgalar aybi bilan mashg‘ul bo‘lish, qalbdan mahzunlikning ketishi (ya’ni, oxirat haqida o‘ylamaslik), Allohdan qo‘rqmaslik, nafsga xorlik yetgan chog‘da, uni qo‘llab-quvvatlash, haqni qo‘llashdan ojiz bo‘lish, ichdan dushman bo‘laturib, zohiriy do‘st tutish, Alloh bergan ne’matini yana qaytarib olishidan  xotirjam bo‘lish, qilgan ibodatlariga suyanib qolish, makr, xiyonat, uzun orzu-havas, qalb qattiqligi, dunyosi bilan sevinish, yo‘qotgan dunyosiga afsuslanish, maxluqlar bilan ulfat bo‘lish, ulardan ajragani uchun  dahshatga tushish, qo‘pollik, yengiltaklik, shashqaloqlik, hayo va marhamatning kamligi.

Ushbular va ushbularga o‘xshash qalbning yomon sifatlari fahshning bog‘i va hazar qilinadigan ishlarning ekinzoridir. Bu sifatlarning ziddi bo‘lgan maqtovga loyiq xulqlar esa, ibodat va Allohga qurbat hosil qilishning manbaidir.

Qayd etilgan