* * *
Mo‘’tabar oyim. Dunyo seni shunday intiqlik bilan qabul etdi, seni o‘zi aziz qildi, ammo bu bilan faxrlanmagaysan, aksincha, yelkangga qo‘yilayotgan yuk juda og‘ir, uni ko‘tara olish, torta olish mushkuloti bor. Hamma mo‘’jiza sendagi o‘sha yukda! Atrofdagilarga balogardon bo‘ladigan va ularni saodatmand qiladigan ne’mat bor senda! Sen uni odamlarga tiling bilan, qo‘ling bilan ulashib yashaysan. Ilohim, shu yo‘lda adashtirmasin!
Bebarakot ro‘zg‘orlar, qo‘ydi-chiqdilar, bolalardagi badfe’llik, og‘a-inilar o‘rtasidagi uzilishlar, farzandlarning boshiga tushadigan kulfat, asosan, ayol zotining xatolari tufaylidir! Bilib qo‘y, sendan, ya’ni ayol zotidan, faqat yaxshilik tarqalishi kerak! Chunki jisming to‘la xosiyat! Seni Ollohning oliy ne’mati atadilar! Shu buyuk ne’matni, bu bebaho imkoniyatni isrof qilib qo‘yma.
Odamlarga baxt ulash va o‘zing ham baxt ichra yashab bor!