107-bob
Mushriklarning bolalari haqida aytilgan so'zlar to'g'risida
Faqih aytadilar: "Mushriklarning (balog'atga etmasdan o'lib ketgan) bolalari haqida ba'zilar, ular jannati, ba'zilar, do'zaxda, deyishdi. Yana birovlar, jannat ahliga xizmat qiladi, deganini aytishdi, boshqalar buning aksini gapirishdi.
Bu haqda ham turli xabarlar kelgan. Ularni jannatda bo'ladi, deganlar Nabiyning (sollallohu alayhi vasallam): "Har bir tug'ilgan bola musulmon bo'lib tug'iladi, keyin ota-onasi uni yahudiy, nasroniy va majusiy qilib yuboradi", degan so'zlarini olishgan. Ularni do'zaxiy, deganlar esa, Xadicha onamizdan rivoyat qilingan hadisga suyanishadi. Xadicha onamiz Nabiydan (sollallohu alayhi vasallam) johiliyat davrida oldingi eridan tug'ilgan o'lgan bolalari haqida so'radilar. Nabiy (sollallohu alayhi vasallam):
"Xohlasang, ularni do'zaxda ko'rsataman, xohlasang, senga ularning nolalarini eshittiraman, Alloh taolo "va ular faqat ko'rnamak, nopok (kimsalar)ni tug'ib-ko'paytirurlar" (Nuh, 27), degan. Ular tug'ilgan vaqtlarida kofir bo'lgan edilar", dedilar.