SHUARO SURASIShuaro - shoirlar.
Surada tavhid, imon, Islom, insoniy fazilatlarga da'vat, koinot sirlari, payg'ambarlar, oxiratga taalluqli ma'lumotlar yoritiladi.
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman). 1. To, Sin, Mim.
2. Ushbular aniq Kitob oyatlaridir.
3. (Ey, Muhammad,) ehtimol, Siz (Makka mushriklari) mo'min bo'lmaganlari uchun o'zingizni halok qilmoqchidirsiz.
4. Agar Biz xohlasak, ularga osmondan mo''jiza nozil qilar edik-da, u sababli bo'yinlari egilib qolardi.
5. Ularga Rahmon (tomoni)dan yangi eslatma kelishi bilan, albatta, ular undan yuz o'giruvchi bo'ldilar.
6. Bas, ular (payg'ambarni) inkor etdilar. Ularga esa o'zlari masxara qilgan narsaning axboroti kelur.
7. Axir, (ular) yerga boqib, unda barcha turdagi foydali navlardan qanchasini undirib qo'yganimizni ko'rmadilarmi?!
8. Albatta, bunda alomat bordir. (Lekin) ularning ko'plari imon keltiruvchi bo'lmadilar.
9. Rabbingiz esa, U qudratli va rahmlidir.
10. (Ey, Muhammad,) eslang, Rabbingiz Musoga nido qilib: "Zolimlar qavmiga borgin -
11. Fir'avn qavmiga. Ular (Mendan) qo'rqmaydilarmi?!" (degan edi).
12. Muso aytdi: "Ey, Rabbim (borurman, lekin) ular meni yolg'onchi qilishlaridan qo'rqaman.
13. Dilim tang bo'lur, tilim esa burro emas. Bas, (birodarim) Horunga ham (payg'ambarlik) yuborgin!
14. Yana ular nazdida mening gunohim bor. Bas, meni o'ldirib qo'yishlaridan qo'rqaman". Izoh: Ya'ni, misrlik bir qibtiy yigitni o'ldirganman. 15. (Alloh) dedi: "Yo'q (o'ldira olmaslar)! Bas, (Horun bilan) mo''jizalarimizni olib boringlar! Albatta, Biz sizlar bilan birga (savol-javoblaringizni) tinglab turuvchidirmiz.
16. Bas, ikkovingiz Fir'avnga borib aytinglar: "Haqiqatan, biz olamlar Parvardigorining elchilarimiz.
17. Isroil avlodini bizga qo'shib (o'z yurtlari - Falastinga) jo'natgin!"
18. (Fir'avn Musoga) dedi: "Biz seni bolalik chog'ingda o'z ichimizda tarbiyalamaganmidik, umringning bir necha yilida oramizda turgan eding-ku!
19. Keyin noshukrlardan bo'lib qilgan ishingni qilgan eding-ku!"