207. Oisha roziyallohu anho dedilar: Nabiyi karim sollallohu alayhi vasallam kechqurun o‘n bir raka’at namoz o‘qir edilar. Undan bir raka’ati vitr bo‘lar edi. Qachon bu namozdan forig‘ bo‘lsalar, o‘ng yonboshlari bilan yotar edilar.
I z o h. Bu hadis yuqoridagi hadisga muxolif ko‘rinsa-da, haqiqatda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ba’zi vaqtda unday va ba’zi vaqtda bunday o‘qir edilar.
I z o h. Bu hadisda vitr namozini bir raka’at ekanligi rivoyat qilingandir. Bu borada taxqiq shuki, vitr namozi ustida bir necha ixtiloflar bor. Birinchi ixtilof - uning hukmida. Xanafiy mazhabida vitr namozi vojib sanaladi. Ba’zi boshqa imomlar nazdida esa mustahab. Ikkinchi ixtilof - uning raka’atlarining adadida. Xanafiylar vitrni uch raka’at, bir salom bilan o‘qiladi deydilar. Boshqa ba’zi imomlar uni bir raka’at deydilar, va ba’zilari vitr bir raka’at bo‘lsa ham undan ilgari ikki raka’at bir salom bilan o‘qilishi vojib deydilar. Hadislarda bu namoz haqida turli rivoyatlar kelganligi sababidan imomlar o‘rtasida tarjih turlicha bo‘lgan.
Xanafiylar o‘z mazhablarining haqligini bir necha hadisdan dalil keltirib, isbot qiladilar.
1) Oisha roziyallohu anho Abdulloh ibn Abu Qays roziyallohu anhuning savollari ustida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning kechqurundagi namozlarini bu tariqa bayon qilganlar: to‘rt raka’at va uch raka’at, olti raka’at va uch raka’at, sakkiz raka’at va uch raka’at, o‘n raka’at va uch raka’at. Mana bu rivoyatda, oxirgi uch raka’at degan kalimani to‘rt bor alohida keltirishlaridan ham ma’lum bo‘ladiki, bu namozning adadi uch raka’atdan ziyoda ham kam ham bo‘lmaydi. Aks holda, Oisha roziyallohu anho har bor uch raka’at kalimasini ifoda qilmay, yetti raka’at, to‘qqiz raka’at, o‘n bir raka’at, o‘n uch raka’at deb qo‘ya qolar edilar.
2) Ali Qoriy rahimahullohning so‘zlaricha, xanafiylarning dalillari shuki, vitr namozining uch raka’at o‘qilishini joiz va mustahsin ekanligiga sahobai kiromlar roziyallohu anhum qaror qilgandilar, va uch raka’atdan kam bo‘lishida ba’zilari joiz va ba’zilari nojoiz deb, ixtilof qilgandilar. Sahobalarning ittifoq qilgan masalalariga amal qilmoq ziyoda matlubdir.
3) Hasan Basriy rahimahullohga dedilar: Vitr namozining uch raka’at ekanligiga butun musulmonlar ittifoq qilganlar. Bu zotga bir kishi dedi: Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumo uch raka’at vitrning ikki raka’atiga salom berib, qolgan bir raka’atini alohida o‘qir edilar. Unga Hasan Basriy otalari Umar roziyallohu anhu uch raka’atni bir salom bilan o‘qir edilar, va otalari u kishidan olimroq edilar, deb javob berganlar.
4) Hadisi shariflarda tanho bir raka’atlik namoz o‘qish man’ qilingan. Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan bir kishi savol qilib dediki, Sa’d roziyallohu anhu vitrni bir raka’at o‘qiydilar. Abdulloh ibn Mas’ud dedilar: bir raka’atlik namoz yo‘q. Bulardan boshqa ham hanafiylarda dalillar ko‘p.