4. U o‘zining yoshlik chog‘larini va ozgina ilmning g‘ururi bilan ijtihod haqida ulamolarga yetkazgan ta’nalari, ularning ko‘ngillarini ranjitganini eslaydi. Keyinchalik esa Alloh Ta’olo uning qalbini ochib, haq bilan botilning, qadim bilan yangining, sunnat bilan bid’atning, hujjat bilan shubhaning farqini ajrata olgani uchun shukr etadi. Endi u yetuk mufassir bo‘lib, tafsir yozuvchilarning turli toifa, turli daraja, turli e’tiqod sohiblari ekanini tushundi va o‘z tafsiri muqaddimasida bu olimlarni guruhlarga ajratib, farqlab berdi.
Mufassirlar orasida bid’atchi toifalar bo‘lib, ular qatoriga Al-Jubboiy va Ar-Rummoniylarni kiritdi.
Ikkinchi toifaning tafsirlari juda ma’qul, go‘zal uslub bilan yozilgan, biroq salaf ulamolarining bebaho fikrlariga bid’atchi olimlarning botil gaplari aralashtirib yuborilganini ta’kidlaydi. Bunday "aralash" tafsirchi olimlar qatoriga Abu Bakr Al-Qaffolni kiritgan.
Uchinchi toifa o‘z tafsirida rivoyatlarni qalashtirib tashlagan, ammo mazmunga e’tibor bermagan, iqtibos va ijtihoddan uzoq bo‘lgan olimlardan Abu Ya’qub Ishoq ibn Ibrohim Al-Hanzaliy singarilardir.
To‘rtinchi toifa olimlar tafsir va hadisning asosiy rukni va ustuni bo‘lgan sanadni tark qilib, rivoyatning manbaini ko‘rsatmagan, gapning "oriq-semizini" ajratmaganlardir. Ular haqida: "Mufassirlarning bu toifasi olim sanalmaydi. Shuning uchun men ular haqida yozishdan o‘zimni tiydim",— deydi.