- 17 -
OMI MO’MIN HAM AQLI SALIM EGASIDIR
"Mo‘min kishi juda zakovatli, qobiliyatli, ziyrak va hushyordir". ("œRamuz al-ahodis" 231\14, Hazrati Anas ibn Molik raziyallohu anhu rivoyat etganlar.)
Mo‘min kishi juda aqllidir, zukkodir, ziyrakdir. Maktab-madrasa ko‘rmasa ham, uning aqli iymon nuri ila har narsaga qodirdir. Ayni vaqtda qobiliyatli, tadbirli, o‘z ishining ustasidir. Ba’zi doktorlarni mahoratli, o‘z ishining mutaxassisi deb maqtaganimizdek, mo‘min ham shundaydir. Fatonat - Qur’oniy va ma’naviy sirlardan voqif bo‘lish orqali yaxshi-yomonni, iymonsizlarning aqllari yetmagan narsalarni tez fahmlaydigan qobiliyat demakdir. Bu xislat faqat iymon ahliga xos. Masalan, kufr ahli va dinsizlar aql bovar qilmaydigan turli xil ilm, san’at va mahoratga ega. Ammo, afsuski, haq bilan botilni farqlay oladigan qobiliyatlari bo‘lmaganidan, ko‘ra-bila turib o‘z qo‘llari bilan yasaganlari but-sanamlarga sig‘inib, urf-odat deya qilgan botil qilmishlarini anglamaydilar. Ular rohiblarning so‘zlariga aldanib, Allohga ibodat qilish o‘rniga, butlarga sig‘inadilar. Bundan ham og‘irroq ahmoqona ish bo‘ladimi? Shu boisdan mo‘min kishi, o‘tkinchi dunyosi uchun emas, balki abadiy bo‘lgan oxirati uchun mehnat qiladi. Oxiratini vayron qilish evaziga dunyosini obod qilishni xohlamaydi. Binobarin, mo‘min dunyo ne’matlaridan ham mahrum emas. Kofir dunyo uchun qulday mehnat qiladi, yelib-yuguradi. Buning ustiga oxirat saodatidan benasib qoladi. Mo‘minlar oxiratlarini xarob qilmagan holda dunyo uchun ham ter to‘kib, uni ham obod etadilar.
Mo‘min har vaqt hazir va hushyordir. Muammoli, yechimi qiyin bo‘lgan masala va ishlarni go‘zal ravishda hal qiladi. Doim sergak va tetikdir. Oqibati xunuk ishlardan o‘zini saqlaydi va uzoq yuradi. Aqlli, zakovatli, zehni o‘tkir, hozirjavob, teran fikrlilik kabi xislatlarga egalik haqiqiy mo‘minlarga xosdir. Sahobai kirom va tobe’in davrlarida musulmonlar na sanoatda, na savdoda, na harb-askarlikda mahoratlari baland edi. Ammo u davrning eng mukammal olimlariga, sanoatiga, savdo-sotig‘iga va harbiy kuchlarga ega bo‘lgan Rum imperatorligi bilan ulkan Eron davlati ushbu mo‘min-musulmonlar qarshisida qanday ojizu notavon ahvolda qolganlari, taslim bo‘lganlari, yurtlarini tashlab qochganlari ayni haqiqatdir.
Mo‘minlar basirat ko‘zi bilan boqib, ishlarini sog‘lom boshqarib, aql bilan harakat qiluvchi fahm-farosatli kishilardurki, g‘aflat va tuzoqqa tushmaydilar. Xuddi qush singari bir donni og‘ziga olish uchun atrofida dushmanim yo‘qmi deb bir necha marta boshini ko‘tarib qaraydi. Nabiyyi muhtaram (Alloh ul zotga salotu salom yog‘dirsin) hazratlari ummatlarini ogohlantirib: "Mo‘min kishi oqibatning yomonligidan doimo sergak turmog‘i lozimdir" deganlar.
Daylamiy hazratlari "Musnadi Firdavsiy" asarida bunday hadisi sharifni keltiradilar:
"œMo‘min kishilar shubhali narsalardan qochadilar, sabr qiladilar, shoshilmaydilar, chunki shoshilish shaytondandir. Ilmli mo‘minlar ham shubhalardan juda uzoq yuradilar, qo‘rqadilar. Munofiq esa, tamoman buning aksidir, insonlarga doimo ziyon yetkazuvchi, o‘ylab-netmay, davomli haromlarga qo‘l uruvchi, tunda o‘tin tashiydiganlar kabi, qaerdan foyda qilib, qaerga sarflayotganini hisob-kitob qilmaydigan va ahamiyat bermaydigan kimsadir. Zinhor sizlar bundaylardan bo‘lib qolmanglar!" ("œRamuz al-ahodis" 231\14, Hazrati Anas ibn Molik raziyallohu anhu rivoyat qilganlar).
Haq jalla jaloluhu bizlarni o‘ziga xizmat qildirib, botildan uzoq yuruvchi bandalaridan qilsin.