POYKEND, Poykand — qadimgi karvon yo‘li ustida qad ko‘targan shahar xarobasi (miloddan avvalgi IV-III-milodiy XI asrlar). Buxorodan 44 km janubiy-g‘arbda, Jondor va Qorako‘l tumanlari tutashgan hududda joylashgan. o‘rta asr yozma manbalarida shahar Boykand, Xitoy solnomalarida esa Bi nomlari bilan tilga olinadi. Uning nomlari "œQuyi shahar" ma’nosini anglatadi. Arablar uni "œMadinat ut-tujjor", ya’ni "œsavdogarlar shahri", ba’zan esa, qal’asining mustahkamligi tufayli "œjez shahar" deb yuritar edi. Poykend tashqi devorlarining nihoyatda mustahkamligidan shahar ilk o‘rta asrlarda "œShahristoni Rhin’, ya’ni "œJezdan qurilgan shahriston" (Jez shahar) nomi bilan shuhrat topgan. Poykend o‘tmishda 4 qism: 1) darvozali ark (maydoni 1 ga); 2) darvozali ichki shahriston (maydoni 11 ga); 3) darvozali tashqi shahriston (maydoni 6 ga); 4) sharq, g‘arb hamda janubiy tomonlarida qad ko‘targan (maydoni 100 ga dan oshiqroq) ulkan rabodlardan iborat bo‘lgan. Arkda qadimgi ibodatxona, podshoh saroyi, IX-X asrlarda qad ko‘targan koshinkor mehrobli jome masjidi, ichki va tashqi shahristonlarda savdogar va hunarmandlarning turar joy, mahalla-ko‘ylari, ichki bozor, ustaxona, nonvoyxona va dorixonalar kabi bino va inshoat korxonalar joylashgan. Shaharning rabod qismida esa 50 dan ortiq naus (ostodonlar xilxonasi)lardan iborat otashparastlarning qabristoni (nekropol), tashqi bozor va bir necha (Narshaxiyning ko‘rsatishicha, mingdan ortiq) rabotlar, ya’ni karvonsaroylar qad ko‘targan. Manbalarda qayd etilishicha, islomiyat davrida ham Poykend nauslari ochiq bo‘lgan. Otashparastlar o‘z marhumlari ustuxonlarini xatto, Buxoro shahardan Poykend nauslariga eltib dafn etganlar. Ayrim ma’lumotlarning guvohlik berishicha, Poykend qadimgi Buxoro hukmdorlarining qarorgohi bo‘lgan. Har bir podsho o‘zi uchun bu shaharda o‘rdugoh barpo etgan. Eftaliylar davlati hukmronligi davrida (V asrning ikkinchi yarmi va VI asr boshlari) u poytaxtga aylantirilgan. Narshaxiyning yozishicha, shahar aholisining aksariyati savdogar bo‘lib, ular Xitoy va dyengiz bo‘yi mamlakatlari bilan savdo qilganlar va juda davlatmand bo‘lgan. Shu boisdan arab geograflari Ibn Hurdodbeh va Ibn al-Faqihlar Poykendni "œMadina at-tujjor", ya’ni "œSavdogarlar shahri" nomi bilan ta’rif etadilar. Poykend o‘z tarixi jarayonida Buxoro vohasining nafaqat yirik savdo markazlaridan biri sifatida, balki tutgan geografik o‘rni jihatidan g‘arbiy Sug‘dning siyosiy hayotida strategik tomondan muhim ahamiyatga ega bo‘lgan. Vohaning janubiy-g‘arbiy chegarasida harbiy istehkom sifatida bino qilingan Poykend ilk o‘rta asrlarda Buxoro viloyatining atrofi yagona mudofaa inshoati — Kanpir devor bilan o‘rab olingunga qadar u janubiy-g‘arb, dasht hududlaridan muttasil sodir bo‘ladigan ko‘chmanchi qabilalarning chopqunlarini qaytarish va tashqi dushman hujumlarining yo‘lini to‘sib, ularga dastlabki zarbalarni berishda mustahkam harbiy qarorgoh vazifasini o‘tagan. Uning mudofaa inshoatlari nihoyatda mustahkam qurilgan bo‘lib, zamonasining har qanday qamaliga bardosh bera olgan. Poykend arki, ichki va tashqi shahristonlarining har biri alohida qalin (3,5-5 m) va baland devorlar halqasi bilan o‘ralgan. Devor bo‘ylab har 60 m masofada va tashqi burchaklarda baland (11,5-12,5 m ) 2 qavatli burjlar o‘rnatilib, darvoza atrofi mudofaa inshoatlari (labirint) bilan mustahkamlangan. Shahar devorlari va burjlari har 1,6 m oralig‘i bo‘ylab shaxmat uslubida 3 qator nishon tuynuklari (tirkash) o‘rnatilgan. 674-yilda Poykend Arab xalifaligi lashkarboshi Ubaydulloh ibn Ziyod tomonidan fath etiladi. 707-yilda esa Poykend xalifalikning Xuroson voliysi Qutayba ibn Muslim tomonidan qamal qilinadi. Poykendliklar qattiq turib arablarga qarshilik ko‘rsatadilar. Qamal 50 kun davom etadi. Kuch bilan Poykendni qo‘lga kirita olmagan arablar shahar devori ostidan lahim (tunnel) qazib ichkariga bostirib kiradilar. Poykend arablar qo‘liga o‘tadi. Poykendliklar kattagina boj to‘lab Qutayba bilan sulh tuzadilar. Biroq shaharliklarning qo‘zg‘oloni oqibatida Poykend qayta egallanib, vayron etiladi. Juda katta miqdorda oltin va kumushdan yasalgan but va jomlar bilan bir qatorda ko‘plab qurol-yarog‘ hamda harbiy anjomlar o‘lja tarzida olinadi. Qutayba askarlari bu qurol-aslahalarning bir qismi bilan qurollanib oladilar. Tabariyning yozishicha, shaharning boyligidan arablar hayratga tushganlar. Hatto, eritilgan oltin-kumush anjomlar va butlarning toshu qolipidan 150 ming misqol miqdorda yombi ajratib olingan. IX asrning oxirgi choragi va X asr mobaynida Poykend va uning dehqonchilik vohasi ravnaq topadi. Ichki va tashqi savdo munosabatlari kengayib kulollik, shishasozlik, koshinkorlik, misgarlik va binokorlik taraqqiy etadi. Ilm-fan, ayniqsa, fiqhshunoslik rivojlanib, bir guruh Poykendlik fiqhshunos olimlar yetishib chiqadi. Ammo somoniylar hukmronligi barham topgach, XI asrda Poykendning sug‘orish tarmoqlari suvsizlikdan qurib qoladi. oqibatda shahar bo‘shab, xarobaga aylanadi. XII asrning I-choragida Arslonxon Muhammad ibn Sulaymon hukmronligi davrida Poykend qayta tiklanib va uning atrofi qayta obodonlashtiriladi. Shahar aholisi yana gavjumlashib, ko‘rkam turar joylar, podshoh uchun esa muhtasham saroy quriladi. Poykendning suv ta’minotini yaxshilash maqsadida Qorako‘l daryosidan uz. 1 farsaxli kanal qazib chiqarish uchun harakat qilinadi. Biroq, kanal qazilib tugatilmay qoladi. Poykend suvsizlikdan XII-asrning ikkinchi yarmida butunlay qurib yana vayronaga aylanadi. Arxeologik topilmalarning guvohlik berishicha, Poykendda hayot mil.avv. IV asrdan to milodiy XI asrgacha, ya’ni 1500 yil davomida kechgani ma’lum bo‘ldi. Arkda qadimgi ibodatxona, jome masjid va podshoh saroyi xarobalari, ichki shahristonda dorixona (VIII asr), bir qancha ulkan tandirlar o‘rnatilgan shahar nonvoyxonasi, tashqi shahristonda kulollik, shishasozlik kabi hunarmandlarning mahalla-ko‘ylari, 4 tomoni supali markazida sandali bor yotoqxona, oshxona, omborxona va tashnobli tahoratxonali mo‘jazgina bir qavatli hovli-joylarning xarobalari qazib ochildi.