O'tkan kunlar (roman). Abdulla Qodiriy
(http://www.ziyouz.com/images/books/utgan_kunlar.jpg) (http://www.ziyouz.com/index.php?option=com_remository&Itemid=57&func=fileinfo&id=34)
Muallif: Abdulla Qodiriy
Hajmi: 684 Kb
Fayl tipi: pdf, zip
(http://www.ziyouz.com/components/com_remository/images/download_trans.gif) Saqlab olish (http://www.ziyouz.com/index.php?option=com_remository&Itemid=57&func=fileinfo&id=34)
Online o'qish (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=625.0)
O'TKAN KUNLAR
O'zbeklar turmushidan tarixiy ro'mon
Abdulla Qodiriy
(http://ziyouz.com/rasmlar/articles/utgan_kunlar.jpg)
Abdulla Qodiriyning aytishicha: "Bu kitobni bir marta emas, besh marta o'qish kerak. Shunda siz turmushni, tarixni, siyosatni, odobni, tilni o'rganasiz".
YOZG'UVCHIDAN
Modomiki, biz yangi davrga oyoq qo'ydiq, bas biz har bir yo'sunda ham shu yangi davrning yangiliklari ketidan ergashamiz va shunga o'xshash dostonchiliq, ro'monchiliq va hikoyachiliklarda ham yangarishg'a , halqimizni shu zamonning "Tohir-Zuhra"lari, "Chor daveshlari", "Farhod-Shirin" va "Bahromgo'r"lari bilan tanishdirishka o'zimizda majburiyat his etamiz.
Yozmoqqa niyatlanganim ushbu- "O'tkan kunlar", yangi zamon ro'monchilig'i bilan tanishish yo'lida kichkina bir tajriba, yana to'grisi bir havasdir. Ma'lumki, har bir ishning ham yangi-ibtidoiy davrida talay kamchiliklar bilan maydong'a chiqishi, ahllarining etishmaklari ila sekin -sekin tuzalib , takomulga yuz tutishi tabi'iy bir holdir. Mana shuning daldasida havasimda jasorat etdim, havaskorlik orqasida kechaturgan qusur va xatolardan cho'cib turmadim.
Moziyg'a qaytib ish ko'rish xayrlik, deydilar. Shunga ko'ra mavzu'ni moziydan, yaqin o'tkan kunlardan, tariximizning eng kirlik, qora kunlari bo'lg'an keyingi "xon zamonlari"dan belguladim.
Abdulla Qodiriy (Julqunboy)
BIRINCHI BO'LIM
***************************************
1. OTABEK YUSUFBEK HOJI O'G'LI
1264-nchi xijriya, dalv oyining 17-nchisi, qishki kunlarning biri, quyosh botkan, tevarakdan shom azoni eshitiladir... Darbozasi sharqi-janubiga qaratib qurilgan bu dong'dor saroyni Toshkand, Samarkand va Buxoro savdogarlari egalaganlar, saroydagi bir-ikki hujrani istisno qilish bilan boshqalari musofirlar ila to'la. Saroy ahli kunduzgi ish kuchlaridan bo'shab hujralariga qaytkanlar, ko'b hujralar kechlik osh pishirish ila mashg'ul, shuning uchun kunduzgiga qaraganda saroy jonlik: kishilarning shaqillashib so'zlashishlari, xaholab kulishishlari saroyni ko'kka kutargundek.
Saroyning to'rida boshqalarg'a karag'anda ko'rkamrak bir hujra, anovi hujralarga kiyiz to'shalgani holda, bu hujrada qip-qizil gilam, uttalarda bo'z ko'rpalar ko'rilgan bo'lsa munda ipak va adras ko'rpalar, narigilarda qora charog' sasig'anda, bu hujrada sham' yonadir, o'zga hujralarda yengil tabi'atlik, ser-chaqchaq kishilar bo'lg'anida bu hujraning egasi ham boshqacha yaratilishda.