— Biz bu daqiqada sizning fikringizcha go'yo bir ig'vogar, go'yo bir isyonchi bo'lib tanilib turibmiz,—dedi bek,—chindan ham shundog' kishilarmizmi, yo'qmi buni albatta sizning tekshirishlaringiz, haqiqatlaringiz ko'rsatar. Men sizning qilichingiz ostida o'limdan qo'rqib yoki sizga xushomad uchun so'zlamay hukumat kishilarimiz orasida tushunadirg'an bir odam bo'lg'anlig'ing'iz vajidan otamning ham o'zimning qanday fikr va maslak kishisi ekanligimizni aytib o'tmakchi bo'laman: biz na qipchoqlarg'a tarafdor bir kishi va na shaharlik og'aynilarg'a. Bu ikkn firqa bizning nazarimizda bir-birisidan mumtoz, idora ishida biri-biridan ortiqroq xalqlar emasdir. Shunga binoan Turkiston xalqlarining istiqbollarini bu ikki firqaning bittasiga havola qilish baayni qo'yni bo'riga topshirish qabilidan bo'ladir. Nega desangiz, har ikki tomonning ish boshig'a intilg'an kishilarning ko'kragiga qo'l solib ko'rsangiz, birisining faqat el talamoq, boylik ortdirmoqqag'ina bo'lg'an g'arazini, ikkinchisining ko'rkli xotinlar, yuqori turmishlar uchun bo'lg'an maqsadinig'ina ko'rib, ikki oradan «elni tinchitay, el ham rohat tirikchilik qilsin» degan uchunchi bir oliy maqsadni charog' yoqib axtarsangiz ham topolmassiz. Mana biz, taqsir, shu keyingi ishda ko'rilmasa ham faqat shirin xayollardag'ina yurgan oliy firqaga o'zimizda tarafdorliq xis etamiz. Otamning Azizbekka yaqin turishi qipchoq dushmani, qorachopon tarafdori bo'lg'anidan emas, balki boyag'i maslakka bir xizmat qilmok uchundir. Taassufki, otamning Azizbekdan bo'lgan umidi bo'shka ketdi: bu kun ul o'zining yaramas xayoli yo'lida xondan yuz o'girdi va bu orada qancha gunohsizning qoni to'kilishiga sabab bo'lmoqdadir. Manim bu so'zlarimga ishoning, ishonmang ixtiyor albatta sizdadir. Ammo bundog' eng jo'n bo'xton bilan qoralanishimga vijdonim qarshisida so'ng daraja muazzabman, taqsir!