KAROMAT AHLINING FAZILATLARI VA RIYOZAT
Bilki, Alloh bir bandasiga xayr ato etmoqchi bo‘lsa, unga o‘z nafsining qusur va ayblarini ko‘ra oladigan basirat beradi. Kimningki basirati o‘tkir bo‘lsa, qusur va ayblari o‘ziga ko‘rinmay qolmaydi. Kishi o‘z ayblarini bilganda esa, ularni davolash imkoniga ega bo‘ladi. Lekin insonlarning ko‘pchiligi o‘z qusur va ayblarini ko‘rmaydi. Ahvol shundayki, ba’zan kishi bir mo‘min do‘stining ko‘zidagi tariqday kirni ko‘radi-yu, ammo o‘z ko‘zidagi yong‘oqday dog‘ni ko‘rmaydi. Kimki o‘z nafsining ayblarini ko‘rmoqchi bo‘lsa, buning to‘rt yo‘li bor:
BIRINChI YO’L: nafsning ayb va qusurlarini ko‘ra oladigan, yana nafs sababchi bo‘lishi mumkin bo‘lgan yashirin ofatlardan boxabar biron pir bilan bog‘lanib, uni o‘z nafsiga hakam etmoq va nafs bilan mujodalada uning ir-shod va tanbehlariga rioya qilmoqdir. Murid bilan shayxning, talaba bilan ustozning holi mana shudir. Ustoz (o‘qituvchi, muallim) talabasiga, shayx esa muridiga nafsning ayb va qusurlarini ta’riflab tushuntiradi, davo yo‘llarini ko‘rsatadi. Bu zamonda ushbu birinchi yo‘lga rioya qiluvchilar juda oz.
IKKINChI YO’L: benihoya to‘g‘ri, basiratli va dindor bir kishi bilan do‘st tutinmoq va uni o‘z nafsiga nazoratchi qilmoqdirki, bu do‘st uning ahvolini, harakat va atvorlarini ko‘z ostida tutsin, zohiriy va yo botiniy bir fe’lini ko‘rsa, unga tanbeh bersin. Eskidan din va davlatning zakovatli va basiratli kattalari shunday qilishardi.
Hz. Umar — Alloh undan rozi bo‘lsin - shunday derdi:
— Menga ayblarimni ko‘rsatuvchi kimsaga Alloh xayr bersin!
Ko‘pincha u Salmon Forsiydan o‘z ayblarini so‘rardi. Bir kun yana Salmon kelganda:
— Seningcha, mening ayb va qusurlarim nima? — dedi.
Salmon Forsiy Hz. Umardan afv so‘rab shunday dedi:
- Eshitishimcha, dasturxonda ikki turli ziravor qo‘ydirarmishsiz. Biri kunduzi, biri kechasi kiyadigan maxsus ikki shimingiz bor emish!
Hz. Umar: «Bulardan boshqa bormi?» dedi. Salmon: «Yo‘q!» deganda, u shunday dedi:
- Shu ikkovi menga yetarli!..
Yana Hz. Umar Huzayfadan ham tez-tez o‘z qusur va ayblarini so‘rardi. Bir kun unga shunday dedi:
- Sen munofiqlar masalasida Alloh Rasulining sirdoshi eding. Menda munofiqlik alomatlaridan biron belgi ko‘rasanmi?
Hz. Umar qadr-qimmati buncha balandligiga va martabasi buncha yuksakligiga qaramay, o‘z nafsini ana shunday shubha ostida tutardi. Odam qanchalik aqlli va daraja jihatidan qanchalik yuksak bo‘lsa, kibr va havo jihatidan shu daraja kichik bo‘ladi. Nafsini eng katta shubha ostida tutadigan inson ham shudir. Lekin, ochig‘ini aytganda, bunday xislatlarning bahosi oshib ketdi. Juda oz kishilar bunday fe’l-atvorga egadirlar. Do‘stu ulfat, oshna-og‘aynilar orasida bir-biriga laganbardorlik qilmaydiganlar, birining ayb va qusurlarini yoymaydiganlar, hasad qilmaydiganlar juda ozayib ketdi. Do‘st-ulfat, oshna-og‘aynilar ichida, hech shak-shubhasiz, hasadgo‘ylar, g‘arazgo‘ylik bilan ish yuritib, ayb va qusur bo‘lmagan bir harakatingni ayb va qusur deb gap tarqatuvchilar, yoxud tabiiy laganbardorligi tufayli qusur va ayblaringni yuzingga aytmaydiganlar bor. Mana shunday sabablarga ko‘ra Dovud Toi insonlardan ajrashib ketgandi-. O’zidan «Nega insonlar bilan osh-qatiq bo‘lmaysan!» - deb so‘ralganda shunday javob bergandi:
- Menga ayb va qusurlarimni aytmaydigan insonlar bilan osh-qatiq bo‘lib nima qilaman? Dindor kishilar uchun eng sevimli narsa - boshqalarning tanbehi bilan o‘z qusur va ayblaridan voqif bo‘lmoqdir.