Kutubxona > O'zbek adabiyoti

Boborahimning sariq gullari. Ibrohim G'afurov (hikoya)

<< < (2/4) > >>

Muhyiddin:
Boborahim ikki qo’lini ikki qoshiga qo’ydi. O’rnidan turib piriga ta’zim qildi, so’ng o’zi kabi mullavachchalarga yengil egilib qulluq ado etdi. So’ng pir ko’rsatgan yerga yana cho’kdi. Ko’zlarini yumdi va boshladi.
Boborahim bir o’qishga tushsa, to’xtatmasdan soatlab o’qirdi. Hazrat Navoiydan boshlab, Lutfiyga, undan hazrat Atoyi va Sakkokiyga, ulardan Oq saroy va Ko’k saroy shoirlariga, ulardan Rumiy, Nasimiy, Jomiy, Dehlaviyga o’tardi. Sa’diy va Hofiz devonlarini, «Shohnoma», Navoiy Xamsasini yoddan bilardi va hech tutilmay yod aytardi. U o’qiganda hamma tang qotib qolardi. Ovozida allaqanday kishi ruhini butunlay rom qiladigan shira paydo bo’lardi. Lekin odatiy so’zlashganda, juda oddiy, g’oyat ohista so’ylar, lekin so’zlarni dona-dona qilib, chertib aytar va shuning uchun har qancha sekin so’ylaganda ham albatta, tinglovchi uni aniq-ravshan eshitardi.

Muhyiddin:
Boborahim o’zi bilmasdi. Lekin har bir shoirning g’azalini alohida faqat shu g’azalga yarashadigan va shu g’azalning yashirin mohiyatini ochadigan bir ohang bilan o’qirdi. Ayniqsa, Navoiy va Sa’diy g’azallarini o’qiganda, uning tovushi favqulodda sehrli unga aylanardi. Odamlar oh-voh qilib o’rinlaridan tura boshlar, boshlari, yelkalari, butun vujudlarini shu g’alati ohang yo’liga solib tebrana ketardilar. Boborahim oxirida o’z g’azallarini o’qirdi. Daryo daryoga qo’shilganday uning g’azallari ulug’larning abyotlariga uyg’un va teran bir oqimda qo’shilib ketar, nimasi bilandir ularni to’ldirar va nimalari bilandir ularni davom ettirar, allaqaysi tomonlari bilan ularning barchalaridan ajralib turardi. U paytlar hali Boborahim g’azallariga ismini qo’ymasdi. Lekin tinglovchilar baribir allaqanday o’ziga xoslikdan Boborahimning she’rini ajratib olardilar.

Muhyiddin:
Bu g’azallarning ko’pini u otasi bilan uzoq qish kechalari issiq tancha chetida o’tirib yod olgan edi. Otasi eski devonlarni avaylab varaqlab xasta tovushda o’qirkan, Boborahim ro’baro’sida o’tirgan onasining chehrasiga tikilar, onasining g’oyat nafis yuz chiziqlariga mahliyo bo’lar, bu go’zal chiziqlar g’azalning shikasta ohanglariga qo’shilib uning behad o’tkir hofizasiga beto’xtov naqshlanib borardi. Nazarida bu g’azallarning bari onasi haqida aytilganday edi. Boborahim onasining chehrasiga suyub qarab, unda juda ko’p g’alati kashfiyotlar qilardi. Onasining ikki yonog’i shunchalar chiroyli ediki, ular xuddi behad nozik ishlangan chiniy ko’zachalarga o’xshab ketardi. Bu ko’zachalar doim ko’z degan buloqning yonida turardi va u ko’zlarga tengsiz bir tilsim bag’ishlardi. Onasining juda nozik sarg’ish oppoq yuzini u sariq sadbarg gulga o’xshatardi. U har qachon va har qayda g’azal o’qisa, virdi zabon qilsa, ko’z o’ngiga onasini, onasining yonog’idagi ikki nafis ko’zachani keltirar va shundan dilining tubida ifoda qilib bo’lmas bir sehrli ovoz dunyoga kelardi.

Muhyiddin:
— Jadiy oxirlab, Dalv kira boshlagan qish chog’larida kechasi bilan gupillatib qor yog’adi. Atrof qor yog’dulariga to’ladi. Qor to’piqdan ko’tarilgach, u tinadi. Osmon charaqlab ochiladi. Yulduzlar tiniq porlaydi. Mana shunday yulduz porlagan Jadiy kechalarida ko’kka o’ynagani parilar chiqishadi, — deb ertak aytardi unga onasi. — Ular yulduzlarning shu’lalariga qarab tinimsiz xandon otib kuladilar. Shunda ularning ko’krak-laridan jaranglab durlar sochiladi. Bu durlar yerga to’kilmaydi. Balki odam bo’yi baravar ko’kda muallaq osilib qoladi. U durlar ko’zga ko’rinmaydi. Faqat ko’zi va dili eng toza odamgina u durlarni payqaydi. Ko’zing va dilingni doim toza tut. Rahimjon, o’g’lim. Ko’kdan yog’ilgan pari durlarni ko’rish senga nasib bo’lgay. Ular dilingga o’rnashgay.

Muhyiddin:
Bir kuni Bozor oxund qoshida ilk marotaba «Birodarlar, men ushbu kecha Majnundin nazar topdim» deb boshlanadigan g’azalini o’qidi.
G’azal oxiriga yetganda Bozor oxund xo’ng-ho’ng yig’ladi. To’ni qo’ynidan katta qiyiqchasini chiqarib, yuz-ko’zla-rini uzoq artdi.
— Boborahim, - dedi nihoyat yig’lamsiragan tovushda. — Senga endi o’zga rahbar kerak. Qani, oxirgi baytingni yana bir qaytar-chi, bo’tam.
Boborahim o’qidi:

—  Netay, zebo sanam, jonoki,
                 hech kim rahbar bo’lmas,
Adashtim, yo’l yitirdim, ne payomu
                 ne xabar topdim...

— Ana! Ana! — dedi uzun qo’llarini oldinga cho’zib Bozor oxund. — Yolg’iz rahbar Yaratganning o’zidir. Lekin G’azzoliy rivoyatida aytilganday Yaratganning yo’li bandalarining ko’ngillaridan o’tadi: bo’tam, Boborahim! Sen emdi bizning qo’limizdan va ixtiyorimizdan chiqding. Sen emdi dunyoga sig’maysan. Bo’tam, sening ramuzing yo’ldir. Yana Majnundir. Yana valiy Mansurdir... Sen doim yo’llar va manzillarni qidirib o’tasan. Sen Yaratganning haqiqatini qidirasan. Uni qidirib sen olamning xastaligini o’z bo’yningga olajaksan. O’zingni dardmandlarcha balogardon qilursan. Lekin ungacha hali ancha vaqt bor. Ko’p o’tmay Savr kirar. Mulki Kashqarga karvon borajak. Sen shu karvon bila jo’naysan, bo’tam. Emdi Oppoq Xojam hazratiga yukinursan. Dardingga shoyad ul zoti bobarakotdin chora topursan. Lekin... boya-gina abyotda ushbu kecha Majnundin nazar topdim, dedingkim, ul nedir?

Navigation

[0] Message Index

[#] Next page

[*] Previous page

Go to full version