* * *
Alloh azza va jalla arab diyoriga hidoyat va haq dinni yubordi. Umar ibn Xattob Nabiy alayhissalomning bu dinga da’vag qilayotganini ko‘rdi. Da’vatni yetkazish yo‘lida Rasululloh alayhissalom va u kishining sahobalari qattiq qiyinchiliklarga uchryotganiga Umar loqayd qaray olmasdi. Qolaversa, rostgo‘ylarning rostgo‘yi bo‘lgan payg‘ambar alayhissalom duo qildilar: - Ey Allohim, islomni aziz qilgin, o‘zingga mahbub bo‘lgan ikki kishining biri bilan islomni aziz qilgin: Umar ibn Xattob yoki Amr ibn Hishom (Abu Jahl).
Umar bir kuni choshgoh paytida Ka’baga yo‘l oldi. U yerda tog‘asi Abu Jahl Amr bin Hishom Ka’baning oldida turib: "Ey Quraysh jamoasi, Muhammad olihalaringizni haqorat qilayati, sizni ahmoqqa chiqarayapti va o‘tgan salaflaringizni do‘zaxga tushadi, deb da’vo qilayapti. Ogoh bo‘linglar, kimki Muhammadni o‘ldirsa, yuzta qizil va qora tuya, ming uqiya kumush va falon, falon narsa oladi", deb xitob qilayotganini ko‘rdi.
Shunda Umar uning yaqiniga borib aytdiki:
- Men shuni qilaman. Qurayshliklar so‘rashdi.
- Sen uni o‘ldirasanmi, ey Umar? Umar ha, deb javob berdi.
Umar ibn Xattob Qurayshning ulug‘lari bilan bu ishni qilish uchun ahdlashdi. Rasulullohni tezroq qatl qilish ishtiyoqida qilichini osib kamonlarini yelkasiga tashlab, yo‘lga tushdi.
Umar ketayotgan vaqtida qavmidan bo‘lgan Nuaym ibn Abdulloh Nuhamni uchratib qoldi. U islomni qabul qilsa-da, qavmidan qo‘rqqani uchun musulmonligini yashirib yurardi. U Umarning ko‘zidan bir yomonlikni payqadi, uning yuzini g‘azab va nafrat o‘rab olganini sezdi. Nuaym so‘radi:
- Qaerga ketayapsan, ey Ibn Xattob? Umar yo‘lida to‘xtab:
- Men quraysh xalqini ajratgan, ulutlarini nodonga chiqarib, olihalarini haqorat qilgan bir sobiiyni o‘ldirmoqchiman. Nuaym ibn Abdulloh uni shashtidan tushirish maqsadida:
- Allohga qasamki, nafsing seni aldab qo‘yibdi. Agar sen Muhammadni o‘ldirsang, Bani Abdu Mannof bolalari seni yer yuzida yurishingga qo‘yib qo‘yadi deb o‘ylaysan-mi?- dedi.
U qanday bo‘lmasin Umarni Rasululloh alayhissalomga aziyat yetkazish fikridan qaytarishni o‘ylardi.
U Umarga:
- Sen oldin o‘z oilangga qaytib ularni tuzat, - dedi. Umar ibn Xattob o‘ylanib qoldi. Gap nima xususda ekanini tushunmasdan: - Qaysi oilam haqida gapiryapsan, -dedi.
Nuham ibn Abdulloh aytdi:
- Kuyoving Said bilan singling Fotima islomni qabul qildi. Muhammadning diniga o‘tishdi. Sen avval ikkovi bilan gaplashgin.
Umar ibn Xattob yo‘lidan qaytib, g‘azablangan holda singlisi Fotimaning uyiga qarab ketdi. Singlisi uyida Habob ibn Art kuyovi bilan singlisi Fotimaga Qur’on oyatlari bitilgan sahifa - Toho surasini o‘qib berayotgan edi. Shu payt Umarning daragini eshitib Habobni tahmon orqasiga yashirishdi. Singlisi Fotima oyat bitilgan sahifani bir joyga yashirdi. Umar uyga kirib darhol so‘radi:
- Pichirlab nimani o‘qiyotgan edilaring, men uni eshitdim.
Fotima bilan kuyovi: - Nimani eshitdintiz, shunchaki gaplashib o‘tiribmiz degandek hayron bo‘lishdi. Umar ibn Xattob aytdi:
- Menga ikkalangizni ham Muxammad diniga ergashganingiz xabari yetdi, - deya kuyovi Saidning yuziga bir musht tushirdi. Fotima erini himoya qilmoqchi bo‘lganida uni ham yuziga urib jarohat yetkazdi. Singlisi yuzidan qon oqdi. Fotima bilan kuyovi uning bu ishidan jahli chiqib, haqiqatni oshkor qilishdi:
- Ha, shunday biz islomni qabul qildik. Allohga va uning Payg‘ambariga iymon keltirdik. Jaholat botqog‘idan chiqib saodat yo‘liga kirdik, har xil toshlardan yasalgan but sanamlarga sig‘inishdan qutildik. Endi nima qilsang qil!
Umarning mushtidan keyin Fotimaning yuzidan oqayotgan qon uni achinarli ahvolga keltirib qo‘ygandi. Singlisining ahvoli unga qattiq ta’sir qildi. Qo‘rqib qaltirab turgan singlisini bag‘riga bosib oldingidan yumshab dedi:
- Hozirgina o‘qiyotgan sahifalaringni menga beringlar. Muhammad keltirgan narsa nima ekanini ko‘rmoqchiman.
Fotima binti Xattob akasidagi o‘zgarishni ko‘rib aytdiki:
- Uni sizga berishdan qo‘rqamiz. Umar ibn Xattob dedi:
- Lotga qasamki, qo‘rqma, men uni o‘qigandan keyin, albatta, qaytarib beraman.
Fotima binti Xattob akasining iymon keltirishidan umid qilib dedi:
- Ey akajon, bu Payg‘ambarimiz(s.a.v.)ga nozil qilingan Allohning kitobidir, uni betahorat holda qo‘lga ushlab bo‘lmaydi.
Umar ibn Xattob o‘rnidan turib g‘usl qilib keldi. Shundan keyin singlisi Fotima qo‘lidagi sahifani unga berdi. Akasi sahifaga qarab shunday yozuvlarni o‘qiy boshladi:
"Bismillahir rohmanir rohim. To, Ha. (Ey Muhammad alayhissalom), Biz sizga bu Qur’onni qiynalib jafo chekishingiz uchun emas, balki (Allohdan) qo‘rqadigan kishilarga pand-nasihat bo‘lsin uchun nozil qildik. (U) yerni va yuksak osmonlarni yaratgan Zot tomonidan nozil qilingandir. (U Zot) Uz Arshiga o‘rnashgan Rahmondir. Osmonlardagi, yerdagi va ularning orasidagi hamda tuproq ostidagi bor narsa Uningdir" (Toha, 1-6).