RIYOZAT BILAN AXLOQ O’ZGARADIMI?
Nafs va axloq tarbiyasi jiddiy va mushkil ish. Hatto g‘ayrati jo‘sh urib turgan ba’zi botirlar ham bu mehnat qarshisida ojiz. Tasavvuru o‘y-fikrlari qusurli bo‘lgani uchun ular o‘zini bu ishdan chetga tortishadi, axloqni o‘zgartirish tasavvurga sig‘maydigan ish, chunki tabiat o‘zgarmaydi, degan fikr bilan o‘zlarini oqlashadi.
Bunda ular ikki qarashni dalil sifatida keltirishadi. Birinchisi, xulq botinning surati ekanligi, bamisoli xuluq zohirning surati bo‘lganidek. Xilqatni — tashqi ko‘rinishni o‘zgartirib bo‘lmaydi. Masalan, bo‘yi past odam uzun bo‘lishni qanchalik xohlamasin, bo‘yini uzaytirolmaydi. Novcha kishi qancha istamasin, bo‘yini qisqartirolmaydi, xunuk kishi o‘zini chiroyli qilolmaydi. Botin ham shu asosga qurilgan. Demak, xulqni o‘zgartirib bo‘lmaydi.
Ikkinchi qarashga ko‘ra, ular aytishadi: «Go‘zal xulq shahvat va g‘azab olovini o‘chiradi, deyishadi. Aslida, shahvat va g‘azab mijoz va tabiatning taqozosi. Odamzod bu hissiyotlardan hech qachon uzilolmaydi. Demak, ulardan uzilish uchun qilingan harakat bekorga vaqtni yo‘qotishdan boshqa narsa emas. Chunki, bu yerda qalbning o‘tkinchi lazzatlarga mayl etishini qirqish talab etilayotir. Bu mumkin bo‘lmagan ishdir!»
Biz deymiz: agar axloq o‘zgarmaydigan narsa bo‘lsa, u holda tavsiyalar, pand-nasihat va tarbiyalarning barchasi bekor ishlar ekan-da?!
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Xulqlaringizni chiroyli qiling!» (Muozdan rivoyat qilingan). Yovvoyi tabiatli lochin qo‘lga o‘rganib, yuvosh va muloyim bo‘ladi. Ochko‘z it tarbiya bilan o‘ljani olib keladigan, egasining bitta ishorasi bilan qancha mashaqqatlar bilan olib kelgan o‘ljani qo‘yib yuboradigan darajaga yetadi. Asov ot jilovga o‘rganadi. Hayvonlarning xulqini o‘zgartirish mumkinu, nahotki odamzodning xulqini o‘zgartirib bo‘lmasa?!
Buni shunday izohlash mumkin. To‘liq va notugalligi jihatidan mavjudotlar ikki xil bo‘ladi. Inson va uning a’zolari to‘liq va tugal yaratilgan. Shuningdek, hayvonot olami, quyosh, yulduz, oy kabi samoviy jismlar ham tugal va komil yaratilgan. Yana shunday narsalar borki, ularning mavjudligi hali tugallanib oxiriga yetmagan. Shart-sharoit paydo bo‘lishi bilan bu narsalar o‘zidagi yashirin quvvat ta’sirida rivojlanib, komil suratga kiradi. Shart-sharoit ba’zan bandaning ixtiyoriga bog‘liq bo‘ladi. Masalan, urug‘ olma emas, xurmo ham emas, balki o‘zi qanday bo‘lsa, shunday shaklda yaratilgan xilqat. Le-kin bu urug‘ni tarbiyalasa, xurmoga aylanishi mumkin. Yoki aksincha, qandaydir urug‘ni ekdingiz, qancha tarbiya qildingiz, unmadi, masalan olmaga aylanmadi. Demak, urug‘ ma’lum ta’sir ostida ba’zi o‘zgarishni qabul qilib, ba’zisini qabul qilmasligi ham mumkin ekan.
Agar biz g‘azab va shahvatni butkul so‘ndirib, ularning ta’siridan to‘liq xalos bo‘lishni xohlasak, hech narsaga erisha olmaymiz. Agar ularni jilovlashni, bo‘ysundirishni xohlasak va bu yo‘lda ozgina riyozat va mashaqqat cheksak, albatta buning uddasidan chiqamiz. Aslida biz shunga buyurilganmiz va bu bizning najot topishimizga, Olloh taologa yetishimizga sabab bo‘ladi.
Haqiqatan ham xilqatlar har xil, ba’zisi ta’sirni tez qabul qiladi, ba’zisi sekin. Buning ikkita sababi bor. Birinchisi, g‘ariza quvvati, ya’ni tug‘ma sezgi quvvati. Inson tabiatining aslida mavjud bu quvvatning ta’siri so‘nggi nafasgacha ta’sir etadi. Boshqarish va itoatda tutish eng qiyin bo‘lgan g‘ariza shahvat quvvatidir. Chunki, shahvat yaralish jihatidan mukammal, ya’ni inson chaqaloqlik paytidayoq uning fitratida shahvat quvvati yaratilgan. Bola yetti yoshlarga yetganidan so‘ng esa unga g‘azablanish quvvati beriladi. Keyinroq unga tamyiz, ya’ni haq bilan botilni ajratish quvvati ato etiladi.