Ba’zi hukamolardan: «Muxlis (ixlosli odam, riyokorning ziddi) kim?» deb so‘ralganida: «Muxlis — yomonliklarni yashirgani singari, yaxshiliklarini ham yashirgan kishi», deya javob berishgan.
Ayrim zotlardan: «Ixlosning g‘oyasi-mag‘zi nima?» deb so‘rashganida, «Odamlar maqtashini yomon ko‘rishing», deya javob berishgan.
Alloh taoloning:
«... (Chunki u Kunda) ularga Alloh tomonidan ular o‘ylab ham ko‘rmagan narsalar — azoblar ko‘rindi» (Zumar surasi, 47), oyati haqida shunday deyilgan: «Ular dunyoda ayrim amallarni qilib, ularni yaxshi ish, deb o‘ylab yurishardi. Qiyomat kunida esa, bu amallarning yomon ekani ma’lum bo‘lib qoldi». Ayrim salafi solihlar bu oyatni o‘qigan vaqtlarida: «Riyokorlarga vayl bo‘lsin», der edilar.
Riyokorlar qiyomat kunida to‘rtta nom bilan chaqiriladi: «Ey riyokor, xiyonatkor, ey fojir, ey ziyonkor, bor, kim uchun amal qilgan bo‘lsang, o‘shandan ajr-mukofotingni olaver. Bizning huzurimizda sen uchun ajr yo‘q».