Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumo: «Qadar-taqdir yo‘q, ishlar endi sodir bo‘ladi — ular taqdir qilinmagan», deb da’vo qiladigan qavm haqida: «Agar ularga yo‘liqsang, men ulardan begonaligimni, ular mendan begona ekanliklarini ularga aytib qo‘y. Mabodo ulardan birining Uhudchalik tillasi bo‘lsa-yu, uni infoq qilsa, to qadarga iymon keltirmagunicha Alloh uni qabul qilmaydi», dedilar-da, so‘ng Jabroil alayhissalom hadisini zikr qildilar. Jabroil Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan: «Iymon nima?» deb so‘raganida, u zot sollallohu alayhi vasallam: «Allohga, farishtalariga, kitoblariga, payg‘ambarlariga va oxirat kuniga, yaxshilik va yomonlik qadardan ekaniga ishonmog‘ing!» deya javob berganlar (Muslim rivoyati).
Allohga iymon keltirish — Alloh taolo mavjud, ulug‘ va mukammal sifatlar bilan sifatlangan nuqsonlardan pok, yolg‘iz, behojat, barcha maxluqotlarni yaratgan, ular ustida xohlaganidek tasarruf etadigan va O‘z mulki-saltanatida istagan narsasini qiladigan zot, deb tasdiqlashdir.
Farishtalarga iymon keltirish ularni Allohning bandalari deb tasdiqlashdir.