Ayollar Yodgorni kiyintirishga kiyintirib, o‘zlari yig‘lab olishdi: zar to‘n ham, do‘ppiyu etikchalar ham — barcha-barchasi quyib qo‘ygandek edi, niyat xolis ekan-u, faqat ko‘rish — o‘zlariga nasib etmabdi. (Mahfuz kennoyim esa, o‘ziga atalgan narsalarni ko‘rish u yoqda tursun, tugunni yecholmayotgan emish. Ko‘rdi deguncha o‘zini tutolmay yig‘iga berilardi).
Bolalar ham tabarruk deb yasantirib qo‘yishgani bilan boyagidan ancha sipo tortib qolishgan, hech bir-birlaridan ajralmay ichkari bilan elchilik qilib turishardi. Mana, hozir ham Yodgor bilan Akbar o‘tirgan joyimizga kelib, bir narsa demoqchidek yonimga yopishib, yelkamga suykaldi.
— Xo‘sh? — dedim men qulog‘imni tutib, Akbar qolib, Yodgormurod shivirladi:
— Siznu chaqirishoptu.
— Ichkaridami? — dedim yuragim jiz etib. — Kim, ayanglarmi?
— Yo‘q, opoqbuvum.
— Ko‘rinib ketarkansiz, — dedi Akbar-saritoy kattalardek.
Tushundim. Halidan beri so‘rolmayotgan narsamni aytsalar kerak. Qolaversa, o‘zim ham ketolmasdim. Kennoyim tuzalib chiqib, bolalar topilgani bilan hali bu uyga xotirjamlik indi, hamma murod-maqsudiga yetdi degani emasdi. Oyto‘ra buvining ko‘ngillari hamon alag‘dayu, faqat buni birovga sezdirmaganday o‘sha o‘z uylarida, oq poshshoning davridan qolgan oq ruh karavotlarida (uning qubbalari hamon yarqirar, aslligidan sira qilt etmagan edi, tavba) o‘sha-o‘sha, oq-oppoq bo‘lib o‘tirar edilar. Ichlari mahzun-u, tashlaridan bilintirgilari, birovga malol keltirgilari yo‘q. Menga shunday tuyulayapti. Balki men u kishining dardidan jindek xabardor ekanligimdandir bu.
— Yaxshi, — dedim toy bolalarga javob berib, ammo o‘zim ichim qurib yotsa-da, o‘rnimdan tura olmasdim. Harqalay ta’ziyali joy, oshiqmagan, hovliqmagan ma’qul. Yana so‘ritok tagida o‘tirishgan qariyalar oldidan o‘tib borish lozim. Ayniqsa, Hoziq to‘ramning salobatlari bosadi odamni. Choy yangilash bahonasida kirib bordim, alohal. Buvi intiq, yo‘limga ko‘z tikib o‘tirgan ekanlar, karavotlarini g‘ijirlatib, jindek qo‘zg‘olmoqqa, tavozelanmoqqa harakat etib edilar, xijolatlarga botib ketdim:
— Urinmang-urinmang. Men mana shu yerga cho‘ka qoldim. O‘z uyimdek bo‘lib qoldi-ku, axir, — deb deraza tagidagi ko‘rpachaga cho‘kkaladim.
Ammo u kishi qo‘ymadilar:
— O‘ting-o‘ting, odam o‘z qadrini bilmog‘i kerak. Ayniqsa, erkak kishi, — deb qistay-qistay to‘rga suriltirdilar. So‘nggina duoga qo‘l ochdilar:
— Iloho omin, og‘ir kunda mazlumlaru yolg‘izlarga esh bo‘lgan ekansiz, sizni Olloh o‘zi qo‘llasin. Yaxshiyam Siz borakansiz. Akaginangizning hurmatidan bizga shuncha qayishdiz. Siz tufayli mana, bag‘rimiz to‘lib qoldi. Kennoyingiz tuzalib chiqib, bag‘rimizga qaytdi. Saritoyim keldi.