109. Erkakka o‘xshamoqchi bo‘lgan ayolni va ayolga o‘xshamoqchi bo‘lgan erkakni Rasululloh (s.a.v.) la’natlaganlar.
110. Husn deb, Alloh bergan suratni o‘zgartirgan — badaniga igna bilan naqsh soldirganga ham, solganga ham, qoshini va yuzidagi boshqa tuklarini terganga ham, terdirganga ham Rasululloh (s.a.v.) la’nat aytganlar.
111. Oysha (r. a. ) aytadilar:
— Bir kuni oldimga Usmon ibn Maz’unning xotini Huvayla bint Hakim kelgan edi. Rasululloh uni ko‘rib, menga: «Oysha, Huvayla nechuk bunday isqirt bo‘lib qolibdi?» — dedilar. Men: «Uning eri yo‘q hisob, Rasululloh, — dedim. — Eri kunduzi ro‘za tutadi, kechasi bilan toat-ibodat qiladi. Xotini bilan ishi yo‘q. Shuning uchun o‘ziga qaramay qo‘ygan».
Rasululloh Usmonni chaqirtirdilar. Kelganida: «Mening sunnatimdan yuz o‘giryapsanmi, Usmon?», — dedilar. U bo‘lsa: «Yo‘g‘-e, Rasululloh, Xudo haqqi, sunnatingizni deb yuribman-ku!», — dedi. Shunda Rasululloh: «Men uxlayman, namoz o‘qiyman, ro‘za tutaman, iftor qilaman, xotinlarimga qarayman. Xudodan qo‘rqqin, Usmon, senda oilangning haqqi bor, mehmoningning haqqi bor, o‘zingning ham haqqing bor. Vaqtida ro‘zangni tut, iftoringni qil, namozingni o‘qi va vaqtida yot», — dedilar.