A G R A
NIZOM TAQDIRINING TEBRANISHLARI
Humoyun daryo o‘pqonlaridan omon chiqqan bo‘lsa ham, Ganga bo‘yidagi mag‘lubiyatning yomon oqibatlari yanada dahshatliroq o‘pqonlar va girdoblarga aylanib, uni o‘z qa’riga torta boshladi. Ganga va Karamnasada suvga cho‘kib o‘lganlarning soni yetti mingdan ortiq, Sherxon askarlari bilan jang qilib halok bo‘lganlar va asir tushganlar esa besh mingga yaqin. Malomat ustiga qo‘shilgan baxtsizlik tufayli Humoyunning xotinlari Beka begim va Chand bibi, Qizi Aqiqa begim, ishongan sarkardasi Bay¬ramxon ham Sherxon tomonidan asir olingan edi.
Bu shum xabarlar butun mamlakat bo‘ylab tarqalgan sari Humoyunning el orasidagi obro‘si tushib ketdi. Suvga g‘arq bo‘lib o‘lgan marhumlardan har birining otasi, onasi, yaqin qarindoshlari bor. Ular loaqal o‘z jigarbandlarining jasadlarini topolmaganidan, toshqin daryolar ko‘p o‘liklarni benom-u nishon yo‘qotib yuborganidan jizg‘anak bo‘lib kuyar edilar. Achchiq alam va musibat ichida qovurilgan azadorlar Humoyundan ixlosi qaytib qichqirishardi:
— Humoyun eplasa podsholik qilsin-da!
— Daf bo‘lsin bunday noshud sarkarda!
— Kelgindi temuriyzodadan to‘ydik!
— Yo‘qolsin Humoyun!
— Daf bo‘lsin!!
— Ketsin yurtiga, kelgindi!!!
Agra atrofida g‘ulu ko‘targan olomonning achchiq gaplarini Ganga bo‘yidan qaytayotgan Humoyunning o‘zi ham eshitdi. Kunduz kuni poytaxt aholisiga ko‘rinishga yuzi chidamagani uchun Agradagi Hasht Bihisht bog‘iga kechasi qorong‘ida kirib keldi.
Bu yerda uni Xonzoda begim, Gulbadan va boshqa yaqinlari kutib turgan edilar. Xonzoda begim qorong‘ida Humoyunning o‘zini ko‘rib ulgurmasidan shirador ovozini eshitdi-yu, yuragi hapriqib ketdi. Humoyunning ovozi otasi Boburnikiga shu qadar o‘xshar ediki, begim noxosdan uning tovushini eshitsa inisi tirilib kelayotganday hayajonga tushar edi. Hozir ham to Humoyun bek-u mulozimlardan ajra¬lib, ayvonda muntazir turgan ayollar oldiga kelguncha begim o‘z yuragining gursillab urganini eshitib turdi.
Humoyun ilgarigidan hiyla ozg‘in va xipcha ko‘rindi. Yarador o‘ng yelkasi hali tuzalmagan, to‘nining bir yengi bo‘sh. U ayollarga chap yelkasini tutib ko‘rishdi. Boshiga kasaba ro‘mol o‘ragan, iyagiga lachak tutgan singlisi Gulbadanni tezda tanimadi.
— Ie, Gulbadan senmiding? — deb u bilan keyin ko‘rishdi. — Ilgari toqida yurar eding. Endi lachak tutadigan bo‘libsan! Zo‘rg‘a tanidim!