«Qozi» ularni tinchitish uchun stolni mushtladi:
— Ovozlaringni o‘chir! Men so‘rayman, sen esa javob berasan, — deb javobgarga qaradi: — Demak, dispetcherning xonasida choy ichib chiqdingmi?
— Ha, aytdim-ku?
— Javob ber, mahmadanalik qilma.
Bu savolga yaqinginada javob qaytargan yigit Kesakpolvon uchun so‘roq atayin takrorlanayotganini fahmlamadi. Aksincha, qayta so‘roq zamirida bir shumlik yotibdimikin, deb xavotirlanib, dovdiragan holda javob berdi:
— Tramvayim chet yo‘lda turuvdi. Qarasam, eshiklari ochilib qolibdi. Bular bemalol joylashib o‘tirishibdi. Bir kishi «Shu qarindoshlarimni vokzalga olib borib qo‘yasan, rozi qilishadi», dedi.
— U bizarning qarindosh emas, uni tanimaymiz. U sening hamtovog‘ing, — dedi da’vogar. — Unga yo‘lkirani naqd sanab berdik. U «Tramvaychi oshnam, bir og‘iz aytsam, o‘n besh minutda biron yerda to‘xtatmay g‘ir etib eltib tashlaydi», dedi.
Bu gapni eshitib, javobgar hazin jilmaydi:
— Esi joyidami bularning. Tramvayni to‘xtatmay haydab bo‘larkanmi? Oldindagi tramvaylarning tepasidan uchib o‘tamanmi?
— Chalg‘ima, bo‘ladigan naqd gapni gapir, — dedi «qozi».