— Faraon, o‘lib qoldingmi, javob ber, Xudoga ishonasanmi?
— Ishonaman.
— Ahmoqsan. Men esa ishonmayman. Xudoga ishonsang ayt-chi, nima uchun meni bunaqa qilib qo‘ydi?
— Xudoga ishonmaganing uchun.
— Laqillama, faraon, ishongan sen ham, ishonmagan men ham bir xilda o‘lyapmiz-ku?
— Men hali o‘layotganim yo‘q.
— O‘lyapsan... o‘lib bo‘lding, faraon. Faqat o‘limingni rasmiylashtirish qoldi. Joning ishonganing Xudoning emas, mening qo‘limda. Istasam hozir o‘lasan, xohlasam ertalabgacha yashaysan. Sen o‘zingni yaxshi odam deb hisoblaysan-a? Men esa sening nazaringda eng yovuz, eng tuban, eng iflos odamman. Sen meni tanimasang ham shunday deb hisoblaysan. Chunki men — odamxo‘rman. Sen shu ma’lumotga ishonib meni o‘ldirish maqsadida bu yerga kelgan eding. Sendan oldin-roq men sherigingni otdim. Bunga ham men aybdormanmi? Yo‘q, bir so‘takning qo‘liga to‘pponcha berib qo‘ygan sen aybdorsan. Men o‘zimni himoya qildim, uni o‘ldirmasam o‘zim o‘lardim. Xotinni garovga olmaganimda o‘sha zahoti otarding meni. O‘ylab ham o‘tirmay otarding, a? Axir sen u xotinning kimligini bilmaysan-ku? Balki u mendan ham battardir? Balki u yigirmata erkakni avrab, to‘shagiga olib kirgandir, keyin o‘ldirib, go‘shtini yegandir? Senlar men o‘ldirgan xotinlarga achinasanlar, a? Kimlar edi ular, bilmaysan-ku? Bilmay turib achinaverasan. Hammasining erlari bor edi, bolalari bor edi. Erlari bo‘la turib men bilan o‘ynashishdi. Buzuqliklari uchun erlari ham indamaydi, senlar ham jazolamaysanlar. Eriga xiyonat qilish jinoyat emasmi? Jinoyat. Odam o‘ldirishdan ham battar jinoyat. Shuning uchun men ularni jazoladim. Bu yaxshiligim uchun senlar meni o‘limga hukm qildinglar. Bu adolatdan emas, faraon. Hozir seni qo‘yib yuborsam boshimga yuzlab o‘qlar yog‘iladi. Badanimni ilma-teshik qilib tashlaysanlar. Menga bittagina o‘q kifoya qilishiga aqllaring yetmaydi. Faraon, nega jimsan? Mening haqiqatim oldida Xudoying ham jim qoladi. Sen «Xudoga ishonaman», deysan. Laqillama, faraon, sen Xudoga emas, to‘pponchangga ishonasan. Sening Xudoying shu to‘pponcha, payg‘ambaring manavi kishan. Ana, sening Xudoying ham, payg‘ambaring ham menga xizmat qilyapti. Dodingni kimga aytasan?