— Nega, Chaman akajon, sog‘inganimizdan, kutaverib ko‘zlarimiz teshilganidan aytaman-da, — derdim men.
— Eshitdim barini, eshitdim. Mingdan-ming rahmat senga, pakana pari. Yo‘qligimni bilintirmabsan. Hammasiga o‘zing girgitton, o‘zing balogardon bo‘libsan! Tog‘dek himoyachilari bo‘lib o‘tiribsan! Tabiblarga borib em-dorilarini topdiribsan! Kasalxonalardan olib chiqibsan! Yolg‘iz qoldirmabsan. Chin ukalik qilibsan, Maqsud! — deya, alqab bir yerlarga yetardi.
Kuraklarimni silab, bag‘ridan bo‘shatmasdi. Men ham bu so‘zlardan erigandan-erib borardim. Hamma qiynalganlarim — barcha yugur-yugurlarning, o‘lib-tirilganlarimning qiynog‘i, alami tarqab borardi. Go‘yo birov emas, Chaman akamning o‘zi uni ko‘ksimdan sidirib olib tashlamoqda edi, qushday yengil tortib bormoqdaydim.
Keyin o‘zi quchog‘ida dast ko‘tarib, yerga qo‘yarkan, yelkamga qoqib:
— Obbo, pakana pari-ey, shunaqa hech kim topmas joylarga chiqib olib, g‘ir-g‘ir shabadalar bilan tillashib yotibman degin? Dalamiz bor, bu dunyo g‘urbatlaridan yozilib ketadigan joyimiz bor, degin? Yur, yur, o‘sha chaylangga chiqayluk. Birpasgina bo‘lsa ham dunyo tashvishlaridan uzilib, ariq bo‘ylarida o‘tirayluk. G‘uborlardan tozalanayluk, — deb qistay ketdi. — Bunday joylar ham g‘animat.
Yodgor esa, bu gapni eshitgandanoq otlanib qolgan, o‘rta yo‘lga tushib olib, hali u oyog‘ida, hali bunisida o‘ynoqlab borar, yo‘lakay g‘umaylarningu boshoq tortgan bedana o‘tlarning boshini yulib-otar edi. Hali ariqqa yetsin, baliq bo‘lib suvdan chiqmay qoladi shekilli! U o‘zi bilan o‘zi andarmon ekan, biz esa so‘rashib-istashib, chayla tagiga chiqib bordik. Chaylaki, bir necha tol xodalarini egib-bog‘lab, tol istaklariyu cho‘plari bilan ishkomdek yopib, kamiga ikki yonidan jandig‘u chirmoviq gullarni chiqarib yuborgan edim. Ariqdagi suvning ayqirib oqishiyu uning bo‘yidagi yolg‘iz yosh terakning biydek dalaning qoq o‘rtasida kumush ukpardek «shildirashi»ni demasangiz, aytarlik joyi yo‘qdek. Ammo Chaman akam hali ariqdagi suvda yuzlarini pishib-pishib chayib, hali egat boshidagi qarqirab o‘sgan jambilu rayhonlar oralab, hidlarini gurkiratib tinchiy qolmasdi:
— Oh-oh, jannatning bir bo‘lagi-ku! Har tarafdan orom yog‘ilib yotibdi-ku, — derdi.