Alisher Navoiy. Lison ut-tayr (nasriy bayoni)  ( 153483 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 ... 25 B


mutaallimah  29 Yanvar 2009, 23:32:43

CXXXI
Hikoyat



Bir oliysifat devona kishi bor edi. Xalq unga "Majnun al-haq" ("Haq yo'lidagi devona") deb laqab qo'ygandi. Chunki haq yodi unga mahbub, tun-kun bu yod ila mag'lub edi. Biror so'z aytmoqchi bo'lsa, doimo haqqa xitob etar, javobini ham haq tilidan berar edi.
Bir bahor ayyomida u baytulloh — Ka'bani ziyorat qilish niyatida Safarga chiqdi. Yo'lda ko'p mashaqqat tortdi, bundan jismi ozor topdi. U mingan ulov ham g'oyat zaif edi.
Atrofga qorong'ulik tushib, yomg'ir yog'a boshladi. Devona endi yo'lni davom ettirish qiyinligini bildi. Shu yaqin o'rtadagi bir vayrona joyni ko'rdi va eshagidan tushdi. Eshagini Allohga tolpshirib: "Ey Allohm, eshakdan xabardor bo'lib tur!"— dedi.
Ulovini tashqariga qo'yib, o'zi vayrona ichiga kirdi. Bir ozdan so'ng uyqu g'olib kelib, boshi ostiga bir kesak qo'ygancha ko'zi uyquga ketdi. Eshak tashqarida qoldi.
Devona uyquga ketgach, bahor bulutlari sharros quya boshladi. Vayrona ichiga har yondan tomchi o'tib, telbaning uyqusini uchirib yubordi. U o'rnidan turib, yomg'ir tinishini vayronada kutdi. Nihoyat, yomg'ir tinib, telba tashqariga chiqdi. Qarasa, eshagi yo'q! Bundan u behad iztirobga tushib, Allohga g'azab bilan xitob qila boshladi:
- Men senga eshagimni topshirib edim, sen esa menga bag'oyatda yaxshi karam ko'rsatib, uni qoyil qilib asrading! El sehing mehmonligingga borsa-yu, eshagini vodiyga qo'yib yuborib, sening ixtiyoringga topshirsa, sen esa beparvolik ko'rsatib, g'aflat ichra unga qarashni unutib qo'ysang?! Eshagimni asramoqni o'zingga or bilib, qorong'u tunda uni ko'rinmaydigan qilib qo'yding!!!
Telba achchig'langancha g'o'ldirab, yo'qolgan eshagini pastu balanddan qidirardi. Shu payt juda ravshan bir chaqmoq chaqilib, butun olamni nurga to'ldirib yubordi. Qarasa, eshagi xas-xashakka og'iz urib o'tlab yurgan ekan. Telba uni ko'rib, quvonib ketdi va eshagiga minib yana yo'lga ravona bo'ldi. Qahridan tushib, haqqa endi lutf bilan mehribonchilik ko'rsata boshladi:
- Ey mening jism aro jonim Alloh, balki senga yuz jonim fido boisin! Garchi o'shanda eshagimga qaramay, ko'zdan yashirib, bo'yniga arqon boglamagan eding. Shu vajdan menda beqarorlik yuzlandi, qahrim bilan senga oliftalik qildim. Chunki men eshakni senga topshirgan edim-da, sen esa omonatni menga topshirishda hayallading. Ammo meni g'amgin holda ko'rib, tabdir ham topding. Chorasozlik qilib, chaqmog'ingni chaqib, ko'z yoritar mash'alingni yoqding. Ko'zimga eshagimni ko'rsatib, o'z lutfu inoyatingni izhor etding.
Garchand men sening bu ishingdan g'azablanishga to'la haqli bo'lsam ham, lekin sen qilish mumkin bo'lmagan ishlarni qila oladigan, tushunish qiyin narsalarni tushunadigansan; shuning uchun menga e'tibor qilib, yo'qolgan narsamni topib berding. Bu bilan sen aytgan gaplarim uchun meni majolsiz bir holga solding, sharmandai sharmisor etding.
Sen nima ish qilgan bo'lsang, men tamom unutdim. Sen ham oradan ko'ngilsizlikni ko'tar, lutfingni izhor qil. O'tgan ishni unutib, hozir men qat'iy bir fikrdaman, sen ham
unutsang yaxshiroq bo'lardi. Axir men seni hech qachon hijolatga solib qo'ymayman. Sen ham meni uyaltirmagin. Men seni voqeada afv etdim, sen ham endi mendan ko'nglingni sof tut!
Devona shu so'zlarni aytib, har dam o'zini o'zi maqtar, Allohga ham turli mehribonchilik ko'rsatar edi. Telba aytgan bu so'zlar garchand nomaqbul bo'lsa-da, muhabbat tufayli sodir bo'lgani uchun maqbul edi.
Agar har bir majnun Allohga shuningdek sir aytsa, u beibolik va erkalik qilmog'i mumkin. Chunki bunday kishilar Allohga suyuklidir. Suyukli kishining esa har bir qilgan ishi yoqimlidir.




Qayd etilgan


mutaallimah  29 Yanvar 2009, 23:34:36

CXXXII
Yana bir qushning Hudhudga savoli


Yana bir savol beruvchi dedi:
— Ey yo'l kezuvchi! Men o'zgadan butunlay ozod va holi bo'lganman. Alloh xayoli bilan o'zimni doimo xush tutaman, zora bir kun uning visoliga yetsam, deyman. Men undan shu tariqa bir nafas ham ayriliqda bo'lmaganim holda, qani ayt-chi, nima uchun u tomonga safar qilishim kerak.


Qayd etilgan


mutaallimah  29 Yanvar 2009, 23:36:22

CXXXIII
Hudhudning javobi


Hudhud unga shunday dedi:
— Sening bu so'zlaring quruq da'vodan iboratdir. Ularning ma'no bilan hech qanday aloqasi yo'q. Hech bir kishi o'zini madh qilib, bunchalik lof urmagan edi. Sen shuni bilki, oyu yil mashaqqat chekib, o'z-o'zingni muttasil maqtamoqdasan.
Sen, haq bilan bir butunman, bu uning uchun ma'qulmi yo noma'qulmi, deding. Ammo sen bu gaplarni aytganing bilan rost gapirgan bo'lmaysan. Uning oldida qanday holat bo'lishini ham bilmaysan. Sen bu xil quruq da'vodan lof uraverma. Toinki unga bu so'roving hali ma'qul kelish-kelmasligi ham noma'lum. Sen nima degan bo'lsang, u bunga e'tibor qilmaydi. U nimani lozim ko'rgan bo'lsa, shuni mo'tabar tutmoq kerak. Agar u inoyat qilib so'zlaringni qabul qilmasa har qancha quruq gap aytganing bilan unga kifoya qilmaydi. Bu xil bema'ni so'zlarni aytgandan ko'ra, uning lutf va ehsoniga ko'z tikkan avlodir.


Qayd etilgan


mutaallimah  29 Yanvar 2009, 23:37:50

CXXXIV
Hikoyat


Shayx Boyazid Bistomiy sirlar xazinasining pokdomoni va ma'ni ahliga, mamlakati taxtiga yirik alloma bo'lib tanilgan. U bu dunyoni tark etdi va narigi dunyoning jannatmakon yerida bazm qurdi. Bir kun bir muridi uni tushida ko'rib, so'radi:
— Ey may ahli ichida sarxushlikda yagona bo'lgan zot! Hayot bag'ishlab, adolat ko'rsatuvchi Alloh senga nima qildi? Bizga holingdan xabar ber. Sendan ayriliqda ko'p alam chekdik, o'z ahvoling haqida gapirib, bizlarni tinchlantir.
Komil murshid unga shunday dedi:
— Lahad qa'ri makon bo'lgan zamon savol beruvchi maloikalar hozir bo'ldilar. Ular mendan: "Sening yaratuvching kim va abadiy murabbiying kim?" deb so'radilar.
Men dedim: "Bu so'zni mendan so'ramang, agar savollaringizga javob bermasam, aybga buyurmang. Yaxshisi, unga borib, so'rab ko'ring-chi, u bandalik qilishimga yo'l berarmikan? Agar u meni o'z qulligiga qabul etsa, shuning o'zi sizlar uchun javob o'rnida o'tadi.
Chunki siz meni dargohda banda deb anglang, iqbol va yuksaklik taxtining quli deb biling. Agar u meni qabul etish baxtidan noumid qilsa, hajrida mudom ovoraman. Unda meni rad etilganlar qatorida deb biling va ko'nglingiz nimani istasa, o'shani qiling!
Ular mendan o'z savollariga shunday javob olgani ondayoq yuqoridan oliy xitob keldi: "œEy, savol beruvchilar! U mas'uliyatli so'zlar aytdi va bu bilan bizning eng yaxshi, maqbul bandalarimizdan ekanligini isbotladi".
Xullas, uning nuriga ko'z ravshan bo'lmaguncha, o'z demoqlik bilan rost so'z kelmaydi".


Qayd etilgan


mutaallimah  29 Yanvar 2009, 23:39:08

CXXXV
Yana bir qushning Hudhudga savoli


Yana bir savol beruvchi dedi:
- Ey rafiq! Men kamolot dengizida g'arq bo'ldim. Nafsda kamolotga erishib, undan dilim istagan maqsadga muyassar bo'ldim. Bu yerda murodim hosil bo'lgan ekan, yo'l azobini tortmoq men uchun mushkildir.

Qayd etilgan


mutaallimah  30 Yanvar 2009, 23:30:36

CXXXVI
Hudhudning javobi


Hudhud shunday dedi:
- Ey maqsadi nafratlanishga loyiq! Ko'nglingga g'aflat jahl va g'urur solibdi. Zero, sen o'z xayolingga mag'rur bo'lib, asl ishdan uzoqlashibsan. Sendagi bu xayol samarasiz xayoldir, balki mutlaq behuda xayoldir.
Nuqsonli kishigina o'zini komil deb hisoblaydi. O'z nuqsonini isbot qila olgan kishi esa haqiqiy komil sanaladi. Kamolotga erishganlar o'z kamoloti haqida maqtanmaydi, aksincha, bu holat nuqsonli kishilarda mayjud.
Sen nuqson bobida yuqori cho'qqiga ko'tarilgansan, o'zingni olim deb ataganing bilan aslida johilsan.
O'z kamoloti haqida maqtanish jaholatdan o'zga narsa emas. Kimki o'zini komil deb hisoblar ekan, u albatta nuqsonlidir. Chunki undagi bu nuqson unga kamolotga erishish uchun yo'l bermaydi.
Zero, quyosh ham tush paytida o'zini barkamol ko'rib, eng yuksak nuqtaga ko'tarildim, deb o'ylaydi, ammo shu ondayoq unga zavol yuzlanadi, ya'ni u pastga qarab bota boshlaydi. Negaki, uning chindan ham kamoloti bor edi, ammo uni ko'rgan zahotiyoq zavolga yuz tutdi.
O'zini komil deb hisoblagan nuqsonli kishi go'yo yomon odamning o'zini yaxshi kishiga nisbat etganidek bir gap. Bundaylarni tuzatish qiyin ish hisoblanadi. Chunki ulaming binosi kibr bilan g'ururdan qad ko'targan.
Ey notavon, shuni bilki, sen gumon qilgan kamolot sof nuqsonning o'zginasidir.

Qayd etilgan


mutaallimah  30 Yanvar 2009, 23:31:33

CXXXVII
Hikoyat


Shayx Abu Bakr Nishopuriy(Abdulloh ibn Muhammad. 853— 935-y) ma'no mulki sari yo'l topganlardan edi. Bir kun u o'zining obod maskani bo'lgan Nishopur shahridan sayohat qilish uchun yo'lga chiqdi.
Uning shayxlik martabasi nihoyatda baland bo'lib, muxlis va xizmatkorlari g'oyat ko'p edi. Kajava va tug' ko'tarib yuruvchilar va oliy nasabli xodimlari to'da-to'da edi. Shayx ularga shukuh bilan nazar soldi. Qarasa oldi ham, orqasi ham — butun tevarak-atrofi son-sanoqsiz kishilar bilan o'ralgan. Bu xayol uning ko'nglidan o'tib, bir zum o'yga berildi. Xuddi shu mahal bir eshak hangrab, nogahon orqasidan qattiq yel chiqib ketdi.
Bu ramz Shayxga xush yoqib, u shavqqa to'lgan holda jazava bilan raqsga tusha boshladi va o'zidan ketib yiqildi. Unda sodir bo'lgan bu holatni ko'rgan yaqin kishilari va muridlari uning boshiga yig'ilishdi. U o'ziga kelgach, Shayxning bir mahrami gustoxlik bilan "Bu ne hoi edi?" deya kayfiyat so'radi.
Shayx aytdi:
- Ey sir izlovchi o'rtoq! Meinga shum nafsim hujum qilib, atrofimdagi xalqni o'zimga tobe' deb o'yladim. Ko'nglimga keldiki, to'g'ri yo'l ko'rsatuvchilardan, toliblar va solihlarga
madad beruvchilardan na Junayd, na Shibliy(o'ratepalik shayx, 945-yilda Bag'dodda v.e.), na Boyazid, na Ubayd, na Nuriy(Shayx Ahmad ibn Mahmud. 907-y.v.e.) va na Abu Said - ulardan qaysi biri bu xil obro'-e'tibor topib, faqr yo'lida bunchalik ko'p odamlar
guruhiga ega bo'lgan ekan?!
Nafs mening ko'nglimga shu xayolni solgan mahalda o'sha eshak to'g'ri javob berdi. Men undan kerakli javobni topdim. Zavq-shavqqa berilib, o'zimdan ketishimning boisi ham ana shu eshak edi.     
Qizig'i shundaki, Shayxga eshak hangrab, bu xil tanbeh bilan unga to'g'ri yo'l ko'rsatsa-yu, u bundan jazavaga tushib, behuda xayollari boshidan yel kabi chiqib ketsa! Bu ish faqat insofli kishilar qo'lidan keladi. Kimki insof egasi bo'lsa, bu ishning ma'nosiga tushunadi. Biroq har qanday mag'rur, pastkash va razil kishilar bunday ulug' davlatga yeta olmaydilar.

Qayd etilgan


mutaallimah  30 Yanvar 2009, 23:32:23

CXXXVIII
Yana bir qushning Hudhudga savoli



Yana bir savol beruvchi dedi:
— Ey muhtaram zot! Bu yo'lga qadam qo'yganimda, o'zimni ne mashg'ulot bilan shod etay? Agar g'am yetsa, undan qanday qutulay? Ne qilsam, ko'nglimga shodlik yetib,
undan men har qachon huzur topa olaman?

Qayd etilgan


mutaallimah  30 Yanvar 2009, 23:33:12

CXXXIX
Hudhudning javobi


Hudhud unga dedi:
— Agar o'zingni shod ko'rishni istasang va har qanday qayg'udan ozod bo'lishni xohlasang, o'zingni uning yodi bilan yashashga odatlantir. Agar shodlik istar bo'lsang, uni yod qil. Uning yodidan tashqaridagi shodlik aqlga muvofiq kelmaydi. Undan ayriliqdagi ayshu ishratdan g'am yaxshiroqdir, bunday to'ydan aza yuz marta yaxshi sanaladi. Undan g'am kelsa ham shodlik o'rnida ko'rgil, bu seni har qanday balo kishanidan xalos qiladi.

Qayd etilgan


mutaallimah  30 Yanvar 2009, 23:34:07

CXL
Hikoyat


Xoja Abdulloh Ansoriyki (xirotlik shayx, 1005 -1088-y.y.), aql u qilgan ishlarning mingdan birini ham sharh eta olmaydi, shunday degan edi: "Ko'nglixushligi va uning faqr yo'lida hurmatga sazovor bo'lishi dilda undan o'zga, yodda jonondan o'zga narsa bo'lmasligidir. Har bir ko'ngil shunday sifatga ega bo'lsa, uni ko'ngil deb bilgil. Yo'qsa, dengiz yoki kon bo'lsa-da, undan voz kechgil. Unga maskan bo'lgan ko'ngil - ko'ngildir, yo'qsa, gulshan bo'lsa ham gulxandir".


Qayd etilgan