ALLOH TAOLOGA ISHONMOQ
Savol: Qisqacha Imon kalimasi qaysi?
Javob: Alloh taologa ishonmoqni ifodalovchi qisqacha Imon kalimasi ushbudir: «Amantu billahi kama huva bi’asma’ihi va sifatihi va qabiltu jami’a ahkamihi».
Ma’nosi: Allohga, U ismlari va sifatlarida qanday bo‘lsa, shundayligicha ishondim. Va Allohning barcha hukmlarini qabul qildim.
Savol: Alloh taolo qanday zot?
Javob: Alloh taoloning zotini bilmoqqa bizning aqlimiz yetmaydi.
Savol: Alloh taologa komil imon keltirmoq uchun nima kilmoq kerak?
Javob: Alloh taologa komil imon keltirmoq uchun U Zotni sifatlari bilan bilmoq lozimdir.
Savol: Alloh taoloning sifatlari qaysi?
Javob: Alloh taoloning sifatlari ushbulardir:
Birinchi sifati «Mavjud», ya’ni, bordir. Alloh taoloni hech kim bor qilgan emas, balki O’zidan-o‘zi azaliy bordir.
Savol: Borligining avvali va oxiri bormi?
Javob: Borligining avvali va oxiri yo‘q, ya’ni, bizga o‘xshash avval yo‘q bo‘lib, keyin bor bo‘lgan va oxirida yo‘q bo‘ladigan emas, balki doimo bor bo‘lib turguvchidir.
Ikkinchi sifati «Ahad», ya’ni, birdir, yakkayu yolg‘izdir, hech bir sherigi, tengdoshi, o‘xshashi, o‘g‘il-qizi, ota-onasi, qarindoshi, eri va xotini yo‘q.
Uchinchi sifati «Hayyun» ya’ni, tirikdir.
Savol: Tirikligi nima bilan?
Javob: Bizga o‘xshash tan va jon bilan emas, balki O’z zotiga munosib bir sifat bilan tirikdir.
Savol: Alloh taoloda o‘lmoq, uxlamoq bormi?
Javob: Alloh taolo o‘lmoq, va uxlamoq kabi kamchilik sifatlardan pokdir. O’lmoq va uxlamoq maxluqlarning sifatlaridir.
To‘rtinchi sifati «Alim», ya’ni biluvchidir.
Savol: Alloh taolo nimalarni biladi?
Javob: Bo‘lib o‘tgan ishlarni, endi bo‘ladigan ishlarni, xoh katta, xoh kichik, barchasini biladi.
Savol: Alloh taolo bilmaydigan ish bormi?
Javob: Yerda bo‘lsin, osmonda bo‘lsin, Alloh taolo bilmaydigan hech bir ish yo‘q.
Savol: Nima bilan biladi?
Javob: Bizga o‘xshash aql va zehn bilan yoki o‘rganmoq va o‘ylamoq yordamida emas, balki O’z zotiga munosib bir sifat bilan biladi.
Beshinchi sifati «Murid», ya’ni xohlaguvchidir. Dunyodagi ishlarning har biri Alloh taoloning irodasi va xohishi bilan bo‘ladi. Alloh taolo xohlagan ish bo‘lmay qolmaydi va U xohlamagan ish esa, aslo bo‘lmaydi.
Oltinchi sifati «Kodir», ya’ni xar ishga qudrati yetguvchi, har narsani qilmoqqa qodirdir. Bizga o‘xshash tan kuvvatiga, asbob va kishilar yordamiga muhtoj emas.
Yettinchi sifati «Basir», ya’ni ko‘ruvchidir.
Savol: Qanday narsalarni ko‘radi?
Javob: Yer va osmondagi, qorong‘u va yorug‘dagi katta va kichik narsalarning barchasini ko‘radi.
Savol: Nima bilan ko‘radi?
Javob: Bizga o‘xshash ko‘z bilan emas, balki O’z zotiga munosib bir sifat bilan ko‘radi.
Sakkizinchi sifati «Sami’», ya’ni eshitguvchidir.
Savol: Qanday ovozlarni eshitadi?
Javob: Qattiq bo‘lsin, sekin bo‘lsin, xar qanday ovozlarni eshitadi.
Savol: Nima bilan eshitadi?
Javob: Bizga o‘xshash quloq bilan emas, balki O’z zotiga munosib bir sifat bilan eshitadi.
To‘qqizinchi sifati «Mutakallim», ya’ni, so‘zlaguvchidir. Qur’ondagi barcha oyatlar Alloh taoloning so‘zidir.
Savol: Biz bilmagan so‘zi ham bormi?
Javob: Biz bilmagan so‘zi nihoyatda ko‘p. Tavrot, Injil, Zabur nomli kitoblar ham Alloh taoloning so‘zidir.
Savol: Nima bilan so‘zlaydi?
Javob: Bizga o‘xshash til bilan, ovoz va tovushlar yordamida emas, balki O’z zotiga munosib bir sifat bilan so‘zlaydi.
O’ninchi sifati «Mukavvin», ya’ni bo‘ldirguvchidir.
Savol: Nimalarni bo‘ldiradi?
Javob: Dunyodagi bor narsalarning barchasi Alloh taoloning bo‘ldirmog‘i bilan yaralgan.
O’n birinchi sifati «Rabbun», ya’ni, tarbiya qilguvchidir.
Savol: Kimlarni tarbiya qiladi?
Javob: Dunyodagi jonli va jonsiz narsalarning barchasini tarbiya qiluvchi Alloh taolodir.
O’n ikkinchi sifati «Odil», ya’ni, to‘g‘rilik bilan ish ko‘ruvchidir, ya’ni har bir hukmni va har qaysi ishni to‘g‘rilik bilan qiladi. Hech kimga jabr va zulm o‘tkazmaydi.
Savol: Alloh taoloning bulardan boshqa ham sifatlari bormi?
Javob: Alloh taoloning bulardan boshqa sifatlari ham nihoyatda ko‘p. Dunyo va oxiratdagi har bir yaxshilik Alloh taoloning sifatidir.
Savol: Alloh taoloning biror aybi bormi?
Javob: Alloh taoloning zotida va sifatida hech bir ayb va kamchilik yo‘q.
Savol: Alloh taolo turadigan joyi va makoniga egami?
Javob: Alloh taoloning turadigan joyi (makoni), oldi va orqasi, o‘ng va chapi, yuqori va pasti yo‘q, balki u har yerda hozirdir.
Savol: Alloh taologa yemoq va ichmoq xosmi?
Javob: Alloh taolo yemoq, ichmoq, og‘rimoq kabi kamchilik sifatlardan pokdir.