PAYG’AMBARIMIZ MUHAMMAD
SOLLALLOHU ALAYHI VA SALLAM
Savol: Muhammad alayhissalom qanday zotdirlar?
Javob: Muhammad alayhissalom jumla mavjudot (hamma bor narsalar) ning afzali, Alloh taoloning eng yaqin do‘sti va Rasuli va oxir zamon P ayg‘ambaridirlar.
Savol: Qaysi joyda, qaysi oyda va qaysi kunda tug‘ilganlar?
Javob: Makkai mukarrama shahrida, rabiulavval oyining 12-sida, dushanba kuni tong vaqtida dunyoga kelganlar.
Savol: Otalari kimdirlar?
Javob: Otalari arablarning Quraysh qabilasidan Abdulloh ismli kishidirlar.
Savol: Abdullohning otalari kimdirlar?
Javob: Abdullohning otasi Abdulmuttalib, Abdulmuttalibning otasi Hoshim, Hoshimning otasi Abdulmannon ismli kishilardir.
Savol: Onalari kimdirlar?
Javob: Onalari ham arablarning Quraysh qabilasidan Vahobning kizi Omina ismli xotindirlar.
Savol: Otalari qay vaqtda vafot etdilar?
Javob: Muhammad alayhissalom tug‘ilmaslaridan burun otalari vafot qilgan edilar.
Savol: Onalari qachon vafot etdilar?
Javob: Olti yoshga yetganlarida onalari vafot etib, bobolari Abdulmuttalibning qo‘lida qoldilar.
Savol: Bobolari vafot etgandan so‘ng kimning qo‘lida va tarbiyasida qoldilar?
Javob: Abu Tolib ismli amakilarining tarbiyasida qoldilar.
Savol: Yosh vaqtlarida qanday edilar?
Javob: Yosh vaqtlarida ham ochiq yuzli, shirin so‘zli, nihoyatda to‘g‘ri, aqlli va ishonchli bo‘lib, Makka xalqi orasida e’tibor va shuhrat topib, Muhammad Amin, ya’ni "ishonchli" nomini olgan edilar.
Savol: Necha yoshlarida uylandilar?
Javob: 25 yoshlarida Xadicha ismli bir boy xotinga uylandilar.
Savol: Necha yoshlarida Payg‘ambar bo‘ldilar?
Javob: 40 yoshga yetganlarida Alloh taolo Jabroil ismli farishta vositasida payg‘ambarlik yuborib, bandalarini Islom diniga chaqirishga buyurdi.
Savol: Payg‘ambar bo‘lganlaridan so‘ngra nima ish qildilar?
Javob: Payg‘ambar bo‘lganlaridan so‘ngra o‘n uch yil Makkada turib, uning xalqini Islom diniga taklif qildilar.
Savol: Shu yillar mobaynida Makka xalqidan qancha kishi Islom dinini qabul etdi?
Javob: Bu o‘n uch yil ichida Makka xalqidan va o‘zga joylardan bir necha yuzgina kishi Islom dinini qabul etib, musulmon bo‘ldilar, qolganlari qabul etmay, Payg‘ambarimizga dushmanlik yo‘lidan borib, har xil jabrlar o‘tkazishga, hatto o‘ldirishga harakat qildilar.
Savol: Shundan so‘ngra nima qildilar?
Javob: Shundan so‘ng, 53 yoshlarida Payg‘ambarimiz Alloh taoloning buyrug‘i bilan Makkadan Madina shahriga ko‘chdilar.
(Payg‘ambarimizning Madinaga ko‘chishlari "xijrat" deyiladi. Xijrat kunidan boshlab Islom dini quvvat topganligi uchun musulmonlarning o‘sha yili tarix boshi xisoblanadi va "xijriy tarixi" deb ataladi.)
Savol: Madinaga ko‘chishlariga nima sabab bo‘ldi?
Javob: Bu shaharga ko‘chishlariga kofirlarning musulmonlarga qilgan jabr-zulmlari sabab bo‘ldi.
Savol: Madinada necha yil turdilar?
Javob: Bu shaharda o‘n yil turib, xalqini Islom diniga taklif qildilar.
Savol: Shu yillar ichida musulmonlar soni qanchaga yetdi?
Javob: Bu davrda xar tarafdan odamlar to‘p-to‘p bo‘lib kelishib, musulmon bo‘la boshladilar. Shu sababli qisqa vaqtda musulmonlar quvvat topib, ular soni yuz mingdan oshdi.
Savol: Muhammad alayhissalom necha yoshlarida vafot etdilar?
Javob: Muhammad alayhissalom Madinada o‘n yil turganlaridan so‘ng, 63 yoshlarida vafot etdilar.