Yaxshilik xudosi bu vasiyatning ijrosiga o‘zim rahnamolik qilsin va unga muvofiq amal qilishda birodarimiz Afshinga o‘zi yordam bersin».
Kohin vasiyatni o‘qiyotganda Somon bilan Jahon jim o‘tirishgandi. Somonni mahrum qilish degan jumlaga yetganda uning yuzlari o‘zgarib, rangi o‘chdi, lekin hammasini o‘qib bo‘lguncha sabr qilib o‘zini tutib turdi-da, keyin: «Xo‘sh, nega otam meni merosdan mahrum qiladilar, men axir yolg‘iz o‘g‘illariman-ku? Bunday gap bo‘lishi hech mumkin emas, u kishining nomi va shuhrati menda qoladi, yer-suv esa men bilan singlim Jahonga tegishlidir», — dedi.
— Vasiyatnomani ikkalangizga o‘qib berdim, undan chetga chiqib bo‘lmaydi. Har holda yana Afshinning fikriga qarash kerak. Men esa o‘z vazifamni ado etdim, endi ruxsatlaringiz bilan ibodatxonaga qaytay. Afshin o‘zi kelib vasiyatga muvofiq ish ko‘radi, davlat vasiyatni ijro etishda unga kuch bilan yordam beradi. Bolam Somon, otangning merosidan senga tegmagani uchun sabr qilishing kerak, — dedi-da, kohin shoshilib chiqib ketdi. Somon ham uni ayvonning zinapoyasigacha kuzatib qo‘ymoq uchun orqasidan chiqdi. U bilan xayrlashib, bog‘chaga tushgandan keyin Somon tishlarini g‘ijirlatib orqasidan qarab turdi-da, ichida g‘uldiradi:
— Nahs bosgan kohin! Sen bir baloni boshlab kelasan, deb qo‘rqib yurardim, seni aytib kel deb otam necha marta yuborganda paysalga solib, keyinroq kelishingga chora izlaganim ham shunday vasiyatdan qo‘rqqanim uchun edi, chunki otamning men to‘g‘rimdagi fikrini sezardim. Ha, uning mendan nega jahli chiqqanini bilaman, ammo men qilib qo‘ygan o‘sha ishni otam biladi deb o‘ylamagandim. Lekin bu ish meni meros haqimdan mahrum qilolmaydi. Janob kohin, gapingiz to‘g‘ri, ish o‘sha la’nati Afshinning qo‘lida, u pashshadan ham xira va suq. U merosga ega bo‘lish, bizni undan mahrum qilish uchun o‘zi vasi bo‘lishga intilgan bo‘lsa kerak, albatta. Eh, koshki Jahon so‘zimga kirsa edi, ikkimiz bir bo‘lib Afshinning ta’zirini berib qo‘yardik. Lekin Jahon o‘lgudek o‘zbilarmon. Ha, mayli, hammasining ta’zirini o‘zim beraman. — Somon bog‘chadan chiqib otini minib ketayotgan kohinning orqasidan qarab turib, shu gaplarni ko‘nglidan o‘tkazdi-da, keyin singlisi yoniga qaytib keldi.