"œIltimos, atigi bir kun uyda qolay" — deya birinchi sinf bolasi onasiga yalinadi. Nega shunday bo’ladi? Nega bola uchun maktabda dars o’rganishning qizig’i yo’q, uy vazifalarini bajarish esa zerikarli tuyuladi?
Qonun bo`yicha bola maktabga 6-7 yoshda chiqadi. Ko`pchilik bolalarda o`quv yilining birinchi oyida o`qishga bo`lgan ishtiyoq kuchli bo`ladi. Keyin esa muammolar boshlanishi tez-tez uchraydigan xolatdir.
Mutaxassislar buning sababini bolalarning maktabga ilm olish uchun psixologik tayyor bo`lmay chiqishlarida deb e’tirof etmoqdalar. Ular avvalo jismonan tayyor bo`lishlari kerak bo`lsa (darslarning oxirigacha o`tirishga toqatlari yetishi, darslarni qoldirmaslik uchun salomatliklarining yaxshi bo`lishi), ikkinchidan, pedogogik tomondan tayyor bo`lishlari lozim. Lekin bugungi kunda aksar bog`chalar va maktabga tayyorlov muassasalarida bolani faqatgina pedagogik tayyorlashgagina e’tibor qaratilmoqda. Ularga harflar, raqamlar, o`qish qoidalari, xullas, birinchi sinf programmasining soddalashtirilgan ko`rinishi o`rgatilmoqda. Vaholanki, birinchi sinfga kelgan bola huddi shu narsalarni maktabda yana o`rganadi. Shunday ekan, bolani maktabga tayyorlash o`z ichiga xozirda bog’cha va tayyorlov guruhlarida o`rgatilayotganlarni emas, umuman boshqa narsalarni olishi kerak. Xo’sh, nimalarni olishi kerak ekan? Bu - maktabga psixologik jihatdan tayyor bo`lish. Afsuski, maktabga tayyorlashning bu tarafi haqida hamma ham o`ylamaydi. Pedagoglar, tarbiyachilar, ota-onalar bolaning maktabga moslashuvi uning aynan psixologik tayyorligiga bog’liqligini yo bilishmaydi, yo bu haqda unutishadi. Psixologik tayyorlik esa shaxsiy va aqliy tayyorlikdan iboratdir.