SABA' SURASIBu sura ellik to‘rt oyatdan iborat bo‘lib, Makkada nozil qilingan.
Sura osmonlar va yerni yaratgan, dunyo va oxiratning yolg‘iz podshohi bo‘lgan Tangri taologa hamdu-sano aytish bilan boshlanib, so‘ngra U zotning yeru-osmondagi barcha sirru-asrordan ogoh ekani, binobarin qiyomat kunida bu dunyoda qilib o‘tilgan har bir zarra yaxshilik va yomonlikning mukofot - jazosini berishi haqida xabar beriladi va bu dunyoda odamlarni Haq yo‘lidan ozdirib botil yo‘llarga boshlagan kimsalar u dunyodagi dahshatli azob oldida ularga ergashgan kishilarning gunohlarini bo‘yinlariga olmasliklari ta’kidlanadi. Bu surada Alloh taolo ato etgan ne’matlarga shukr qilib, U zotga sidqidildan bandalik qilgan Dovud va Sulaymon payg‘ambarlarning qissalari ham yana zikr qilinadi. Shuningdek, Tangri ato etgan noz-ne’matlarga noshukurlik qilganlari oqibatida ulardan mahrum bo‘lgan «Saba’» qabilasi haqida ham hikoya qilinadiki, bu suraning «Saba’» deb atalishining boisi shudir.
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman). 1. (Barcha) hamdu sano Alloh uchundir. U shunday zotki, osmonlardagi va yerdagi bor narsa Unikidir. Oxiratdagi hamdu sano ham yolg‘iz Uning uchundir. U hikmat egasi va (barcha narsadan) xabardordir.
2. U yerga kiradigan (yomg‘ir-qor suvi, xazinayu-dafina va jasadlar kabi) narsalarni ham, undan chiqadigan (ut-o‘lan, nabotot va buloq suvlari kabi) narsalarni ham, samodan tushadigan (rizqu ro‘z, xayru baraka kabi) narsalarni ham, unga ko‘tariladigan (yaxshi amal va duo-iltijo kabi) narsalarni ham bilur. U mehribon va mag‘firatlidir.
3. Kofir bo‘lgan kimsalar «Bizlarga (qiyomat) soati kelmas», dedilar. (Ey Muhammad, ulvrga) ayting: «Yo‘q! G’aybni bilguvchi Parvardigorimga qasamki, shak-shubhasiz u (ya’ni qiyomat) sizlarga kelur. Osmonlar va yerdagi bir zarra misolichalik, undan ham kichik (yoki) katta biron narsa (Alloh)dan mahfiy bo‘lmas — albatta ochiq Kitobda (ya’ni, Allohning azaliy yozmishi — Lavhul-mahfuzda u) mavjud bo‘lur».
4. Toki (Alloh) iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan zotlarni mukofotlashi uchun (shak-shubhasiz qiyomat soati kelur). Ana o‘sha zotlar uchun mag‘firat va ulug‘ rizq (ya’ni jannat) bordir.
5. Bizning oyatlarimizga (qarshi) kurashish harakatida yurgan kimsalar uchun esa alamli jazodan iborat azob bordir.
6. (Ey Muhammad), ilm ato etilgan zotlar sizga Parvardigoringiz tomonidan nozil qilingan (Qur’onning) haq (Kitob) ekanini va u qudratli, hamdu sanoga loyiq zotning yo‘liga hidoyat qilishini bilurlar.