YIGIRMA SAKKIZINCHI JUZ’
*************************
MUJODALA SURASIBu sura ham Madinada nozil qilingan bo‘lib, yigirma ikki oyatdir.
Sura avvalida bir ayol o‘z erining qilmishi to‘g‘risida shikoyat qilib kelib payg‘ambar alayhis-salom bilan munozara qilgani bayon etiladi. Suraning «Mujodala-Munozara» deb nomlanganining boisi shudir. So‘ngra o‘sha shikoyat qilib kelingan «Zihor» mas’alasining hukmi va zihor qilguvchi zimmasiga tushadigan kafforat-to‘lov haqida so‘z boradi.
Bu surada yaxudiy va munofiqlarning gunoh, zo‘ravonlik va payg‘ambarga itoatsizlik qilish to‘g‘risida o‘zaro shivir-shivir qilishib til biriktirishlari, ularning mo‘minlarga va xususan payg‘ambarimizga yetkazadigan ozor-aziyatlari hamda oxir-oqibat topajak azob-uqubatlari xususida xabar beriladi.
Shuningdek, bu surada mo‘minlarga ularning o‘zaro munosabatlarida va payg‘ambar alayhis-salom bilan qiladigan muomalalarida rioya etishlari lozim bo‘lgan odob-axloq borasida yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatiladi.
Sura nihoyasida Alloh taologa va oxirat Kuniga iymon keltirgan kishilarning sifat-fazilatlari xususida so‘zlanib, ular erishajak baxt-saodat xabari beriladi.
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).1. (Ey Muhammad), darhaqiqat Alloh siz bilan o‘z jufti haqida bahslashayotgan va Allohga shikoyat qilayotgan (ayol)ning so‘zini eshitdi. Alloh sizlarning basti-javoblaringizni eshitur. Albatta Alloh eshitguvchi, ko‘rguvchidir. I z o h .
Ushbu oyatning nozil bo‘lishiga quyidagi voqea sabab bo‘lgandir: Sahobalardan Avs ibn Somitning xotini Havla binti Sa’laba ismli bir ayol payg‘ambar alayhis-salomning huzurlariga kelib: «Yo rasululloh, Avs meni zihor qildi», deb o‘z eridan shikoyat qiladi. «Zihor» iborasi arablarning istilohida kishi o‘z xotiniga: «Onamning badani kabi sening badaning ham menga harom», deyishini anglatadi. Islom dini kelishidan ilgari zihor qilingan xotin eri uchun onaga aylanib qolgan, demak taloq qilingan hisoblanar edi. (Bu xususda «Ahzob» surasining to‘rtinchi oyatida ham bayon qilingan). Shuning uchun mazkur ayol erining bu qilmishidan nolib, o‘rtalarida go‘dak bolalari borligi, agar er-xotin ajrashib ketsalar, o‘sha bolalarga jabr bo‘lishini aytib keladi. Lekin payg‘ambarimizga «Zihor» mas’alasi haqida Alloh taolo tomonidan hali biron hukm nozil qilinmagan edi. Shu sababdan u zot shikoyatchi ayolga: «Demak, sen eringga harom bo‘lib qolibsan», deb javob qiladilar. Ammo u ayol bu javobdan qanoatlanmay, yana o‘z so‘zlarini takrorlaydi. Rasululloh ham yana avvalgi javoblarini qaytaradilar. Ikkalalari shu tariqa basta-javob qilib turishlari asnosida, birdan payg‘ambar alayhis-salomga yuqoridagi va quyida keladigan oyatlar nozil bo‘ladi hamda ularda Alloh taolo «Zihor» mas’alasi xususida O’z xukmini bayon qiladi. 2. Oralaringizdagi o‘z xotinlarini zihor qiladigan kimsalarning (zihor qilingan xotinlari) ularning onalari emasdirlar. Faqat ularni tuqqan (ayol)largina ularning onalaridirlar. Shak-shubhasiz ular so‘zning nomaqbul va yolg‘onini ayturlar. (Lekin) Alloh shubhasiz afv etguvchi va mag‘firat qilguvchidir. I z o h .
Ya’ni, o‘sha o‘z xotinlarini onalariga o‘xshatishdek nomaqbul va yomon so‘z aytganlar o‘z qilmishlaridan pushaymon bo‘lib tavba qilsalar, shak-shubhasiz Alloh taolo afv etguvchi, mag‘firat qilguvchidir. Ularning o‘rtasiga hech qanday taloq tushmaydi. Lekin o‘z xotinini zihor qilib, keyin unga qaytmoqchi bo‘lgan kimsa bu qilmishi uchun ma’lum miqdorda kafforat — to‘lov to‘lashi kerak. Endi quyidagi oyatlarda o‘sha kafforat miqdorlari bayon qilinadi. 3. O’z xotinlarini zihor qilib, so‘ngra aytgan so‘zlaridan qaytadigan kimsalar (zimmasida) (er-xotin) qo‘shilishlaridan ilgari bir qulni ozod qilish bordir. Bu sizlarga mav’iza-ibrat bo‘lgay. Alloh qilayotgan amallaringizdan xabardordir.
4. Endi kim (ozod qilish uchun qul) topa olmasa (uning zimmasida er-xotin) qo‘shilishlaridan ilgari paydar-pay ikki oy ro‘za tutish bordir. Endi kim (ro‘za tutishga) qodir bo‘lmasa (uning zimmasida) oltmishta bechora-miskinga taom berish bordir. Bu (hukmlar) sizlar Alloh va Uning payg‘ambariga iymon keltirishlaringiz uchun (nozil qilindi). Bular Allohning (belgilab qo‘ygan) hadlari — qonunlaridir. Va (bu qonunlarni inkor etguvchi) kofirlar uchun alamli azob bordir.
5. Albatta Alloh va Uning payg‘ambari chizgan chiziqdan chiqadigan kimsalar xuddi o‘zlaridan avvalgilar halok qilingani kabi halok qilinurlar. Darvoqe’ Biz ochiq-ravshan oyatlar nozil qildik (Mana shu oyatlarni inkor etguvchi) kofirlar uchun xor qilguvchi azob bordir.
6. (O’sha kofirlar azobga duchor qilinadigan) Kunda Alloh ularning barchalarini qayta tiriltirib, (hayoti dunyoda) qilgan amallarining xabarini berur. U (amallar)ni Alloh hisoblab-bitib qo‘ydi, ular esa unutib yubordilar. Alloh barcha narsa ustida guvohdir.