G’AZZOLIY
Islom olamining buyuk mutafakkirlaridan biri, Sharqda «Hujjat ul-Islom» rutbasi bilan mashhur bo‘lgan Abu Homid Muhammad ibn Muhammad al-G’azzoliy hijriy 450 (milodii 1058) yili Tus shahrida tug‘ilgan. Otasi g‘azzol, ya’ni ishchi edi. G’azzoliy taxallusi shundan kelib chiqqan. Ba’zi bir olimlar u G’azolada tug‘ilgan, taxallusi shunga oid deb, nisbasini tashdidsiz, ya’ni G’azoliy deb yozadilar, lekin bu ko‘pchilik olimlarning fikricha to‘g‘ri emas.
Otasi Muhammad g‘azzol tirikchilik taqozosi bilan ma’lumot ololmagan edi, ammo o‘g‘illari Muhammad va Ahmadning ma’lumotli bo‘lishlarini qattiq istagan edi, shuning uchun olamdan ko‘z yumayotib, o‘g‘illarini bir do‘stiga omonat qoldirdi va ularga tahsil berishni o‘tinib, iltimos qiladi. Do‘sti bu vasiyatni sharaf bilan ado etdi va ikkala o‘g‘ilga ham yaxshigina tahsil bergach, madrasaga joyladi. Shunday qilib, aka-uka Tusda Ahmad ibn Muhammad ar-Rozakoniydan fiqh ilmini o‘rganishdi. Keyin Muhammad G’azzoliy Jurjonga kelib, Imom Abu Naor Ismoiliydan, Nishopurga borib Imom al-Horomayndan saboqlar oldi. 20 yoshida, ya’ni 1078 yilda domlasi al-Horomayn vafot etgach, Bag‘dodga ketdi. Bu paytda u vafot etgan mashhur olimning eng sevimli va zukko shogirdi sifatida el og‘ziga tushib ulgurgan edi. Shuning uchun ham u Bag‘dodga borganda ulug‘ vazir Nizomulmulkning qabuliga kira oldi. Nizomulmulk uni olimlar davrasida sinovdan o‘tkazdi va hamma saroy olimlarini yengib chiqqan yosh Muhammad G’azzoliyni Bag‘doddagi "Nizomiya" madrasasiga, Abu Ishoq ash-Sheroziyning o‘rniga bosh mudarris qilib tayinladi». G’azzoliy teran bilimlari, metin irodasi va qattiq ta’sir kuchiga ega bo‘lgan xitoboti bilan katta shuhrat qozondi, e’tibor, mehr ko‘rdi. Lekin 1096 yilda ko‘nglida bir ishtiboh uyg‘ondi, o‘z-o‘zidan norozi bo‘lib, mutasavvif bo‘lishga ahd qildi. Moli, egallab turgan amali, do‘stlarini tark etib, sayohatga chiqdi. U goh u yer, goh bu yerda ko‘rinib qolar, goh bedarak yo‘qolib ketardi. G’azzoliy jamoatdan, olam tashvishlaridan uzilgan bir holda faqat ilm bilan shug‘ullanib, umrining 10 yilini o‘tkazdi. Nizomulmulkning qattiq talabi bilan 1105 yilda Nishopurga kelib, yana madrasada mudarrislik qildi, ammo bu hol uzoq cho‘zilmadi. Tusga ko‘chib ketdi. Atrofiga 300 ga yaqin talaba to‘plab, xususiy darslar berdi. G’azzoliy 1111 yilda vafot etgan.