21/9. Abdulloh ibn Ka’b ibn Molikdan roziyallohu anhu rivoyat qilinadi. (Abdulloh otalari Ka’b ibn Molikning ko‘zlari ojiz bo‘lib qolganida yetaklab yurardilar.) Ka’b ibn Molik Tabuk g‘azotida Rasululloh sollalohu alayhi vasallam bilan birga bormay qolganlarini quyidagicha so‘zlab beradilar: «Rasululloh sollalohu alayhi vasallam qatnashgan g‘azotlarning Tabukdan boshqa hammasidan qolmadim. Lekin Badr g‘azotiga ham bormasdan qolgandim. Biroq unda bormay qolganlardan biror kishi itob qilinmadi. Chunki Rasululloh sollalohu alayhi vasallam va musulmonlar Quraysh karvonini to‘sish niyatida chiqishgan edi. Hatto, Alloh taolo ular bilan dushmanlarining orasini va’da qilmagan holda bir yerga jam qilib qo‘ydi. Men Rasululloh sollalohu alayhi vasallam bilan «Aqaba» kechasida birga bo‘ldim. Bu kun biz Islomga mustahkam ahd-paymon qildik. Agar Badr voqeasi kishilar orasida mashhur bo‘lsa ham, men Tabuk voqeasini undan kam, deb bilmayman. Tabuk g‘azotida Rasululloh sollalohu alayhi vasallam bilan birga bormay qolganimning boisi bu vaqtda nihoyatda kuchli va badavlat edim. Allohga qasamki, bundan avval tuyamni ikkita qilmagan edim. Bu g‘azotda ikki tuyam bor edi. Rasululloh sollalohu alayhi vasallam bir g‘azotga borishni xohlasalar, boshqa biriga boradigandek qilib ko‘rsatardilar. Bu g‘azotda boradigan taraflarini aniq qilib ko‘rsatdilar. Rasululloh sollalohu alayhi vasallam unga nihoyatda qattiq issiqda chiqdilar.
Safar uzoq bo‘lib, cho‘l yerlardan o‘tish kerak edi. So‘ng ko‘p sonli dushmanga ro‘baro‘ bo‘lish kerak edi. Musulmonlar yaxshi tayyogarlik ko‘rib, g‘amlarini yeb olishlari uchun ularga qaysi tomonga ketayotganlarining xabarini berdilar. Musulmonlar ham ko‘p jamlanishdi. Ularning sonlari yozilmagan edi. Ammo berkinib qolay, deydigan kishi deyarli yo‘q edi. Agar bo‘lsa ham, bilar ediki, uning berkingani Alloh tomonidan vahiy tushmasa, mahfiyligicha qolib ketar edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bu g‘azotlari mevali daraxtlar soya solib, bu manzara kishiga yoqadigan paytga to‘g‘ri keldi. Menda bunday rohatlarga moyillik bor edi. Rasululloh sollalohu alayhi vasallam va musulmonlar tayyorgarlik ko‘rishdi. Men ham erta tongda u zot bilan tayyorgarlik qilish uchun borardim-da, lekin biror narsa qilmasdan qaytib kelar edim. Lekin xohlasam, men ham ana shunga qodir edim. Xizmatda bardavom bo‘ldim. Kishilar jiddiy tayyorgarlikda davom etishdi. Rasululloh sollalohu alayhi vasallam va u zot bilan birga musulmonlar jo‘nashdi. Men esa biror narsaga tayyorlanmagan edim. So‘ngra yana erta tongda kelib biror narsa qilmay, qaytdim. Oxiri ular tezlab ketishdi, men esa g‘azotni qo‘ldan boy berib qo‘ydim. Safarga chiqib, ularga yetib olishni qasd qildim. Bu menga nasib qilmadi.
Rasululloh sollalohu alayhi vasallam ketganlaridan keyin odamlar oldiga chiqdim, biror sog‘ musulmon kishini ko‘rmadim. Ko‘chada faqat munofiqlar va Alloh uzrli qilgan zaiflarni ko‘rardim, xolos. Rasululloh sollalohu alayhi vasallam Tabukka yetib borgunlaricha meni eslamabdilar. Qachonki, Tabukda odamlar orasida o‘tirib: «Ka’b ibn Molikka nima bo‘ldi?» deb so‘rasalar, Bani Salamadan bir kishi: «Ey Rasululloh, uning kiyimlari hamda ikki yoniga nazar solishi (ya’ni, boyligi) bu yerga kelishidan to‘sib qo‘ydi», dedi. Muoz ibn Jabal unga: «Muncha ham yomon so‘z aytding! Allohga qasamki, ey Rasululloh, biz undan faqat yaxshilikni bilamiz», dedilar. Rasululloh sollalohu alayhi vasallam sukut qilib shu holda turgandilar, bir oqqa burkangan kishini ko‘rdilar. Uni sarob yo‘qqa chiqarib turardi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Abu Xaysama bo‘lmagin yana?» dedilar. U haqiqatda Abu Xaysama al-Ansoriy edi. Bu kishi bir so’ xurmo sadaqa qilganida munofiqlar ayblashgan edi». Yana Ka’b aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Tabukdan qaytganliklari xabari kelganida meni g‘am bosa boshladi. Va yolg‘on (uzrlar) o‘ylay boshladim. «Nima bilan ertaga u zotning g‘azablaridan chiqaman?» deb o‘zimga aytar edim. Va xonadonimdagi aqlli kishilardan yordam so‘rar edim. Qachonki, Rasululloh sollalohu alayhi vasallam kelganliklari xabari tarqalganida mendan botil tadbirlar ketdi. Bildimki, men bu zotdan aslo qutula olmas ekanman. Oxiri rost gapirishga qasd qildim. Rasululloh sollalohu alayhi vasallam erta tongda yetib keldilar.
Odati shariflari-agar safardan kelsalar, avval masjidga kirib ikki rakat namoz o‘qir, so‘ngra kishilar bilan muloqot qilish uchun o‘tirardilar. Bu safar ham shunday qildilar. O’tirganlarida Tabukka bormasdan qolganlar kelib, u zotga uzr aytib qasam icha boshlashdi. Ular sakson necha kishi edilar. Rasululloh sollalohu alayhi vasallam ularning zohiriy uzrlarini qabul qilib, ulardan bay’at olib, ularga istig‘for aytdilar. Va ichki holatlarini Allohga havola qildilar. Men ham u zot huzurlariga kelib salom berdim. U zot esa menga g‘azabnok holatda tabassum qildilar. So‘ngra: «Kel», dedilar. Men yurib kelib, oldilarida o‘tirdim. U zot menga «Nima sababdan biz bilan bormay qolding yoki borishga ulov sotib olmadingmi?» deganlarida, men: «Ey Allohning rasuli, Allohga qasamki, sizdan boshqa dunyo ahlidan birortasining huzurida o‘tirgan bo‘lsam-ku, uning g‘azabidan uzr bilan chiqib ketar edim. Chunki men fasohatli so‘zamol kishiman. Lekin bilaman, Allohga qasamki, agar bu kun sizga yolg‘on gapirsam, mendan rozi bo‘laverasiz. Biroq tez fursatda Alloh mendan sizni g‘azablantirib qo‘yadi. Agar sizga rost gapni aytsam, o‘zim sizni g‘azablantirib qo‘yaman. Albatta, men Allohdan yaxshi oqibat umididaman. Allohga qasamki, menda uzr yo‘qdir. Siz bilan birga bormay qolgan paytimda har galgidan kuchli va badavlat edim», dedim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Bu kishi haqiqatda rost gapirdi. Turgin, to Allohning hukmi kelguncha kutib tur», dedilar. Bani Salamadan bo‘lgan kishilar mening orqamdan ergashib, «Allohga qasam, biz seni bundan oldin gunoh qilganingni bilmaymiz. Sen boshqa g‘azotga bormaganlar kabi uzr aytmading. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning istig‘forlari sening gunohingga kifoya qiladi», deyishdi. Ular meni malomat qilishda davom etishdi, hatto men Rasululloh sollalohu alayhi vasallam huzurlariga qaytib borib yolg‘on gapirishni xohladim.
So‘ngra ularga: «Bu kabi so‘z bilan mendan boshqa ham biror kishi Rasululloh sollalohu alayhi vasallam huzurlariga keldimi?» desam, ular: «Ha, ikki kishi kelib, sen aytgan so‘zlarni aytdi. Senga aytilgan javob ularga ham aytildi», deyishdi. «Ular kim ekan?» desam, ular: «Murora ibn Rabiy’ al-Amriy va Hilol ibn Umayya al-Voqifiylar», deyishdi. Menga ikki solih kishini zikr qilishdiki, har ikkovi ham Badr ishtirokchilari bo‘lib, iqtido qilishga munosibdir, deb qilgan qarorimdan qaytmadim. Rasululloh sollalohu alayhi vasallam g‘azotga bormay qolganlar orasidan biz uch kishi bilan so‘zlashishni man qildilar. Va bu hukm ila xalq bizdan chetlandi. Hatto, yer ham men bilgan yerdan o‘zgacha bo‘lib qoldi. Biz mana shu holatda ellik kecha turdik. Ammo ikki sherigim ojizlashib ketishdi. Ular uylarida o‘ltirib olib faqat yig‘lashardi. Men esa qavmning yoshi va bardoshlisi bo‘lganim uchun (ko‘chaga) chiqib, musulmonlar bilan birga namozda ishtirok etar edim. Va yana bozorlarni aylanardim. Hech kim men bilan gaplashmas edi. Yana Rasululloh sollalohu alayhi vasallam huzurlariga borar edim. U zot namozdan keyin bo‘ladigan majlisda o‘ltirganlarida, borib salom berardim-da, o‘zimga o‘zim: «U zot salomga alik olayotib, lablarini qimirlatdilarmi yoki yo‘qmi?» deb, u zotga yaqin turib namoz o‘qirdim. Shu asnoda o‘g‘rincha nazar solardim. Agar namozga yuzlansam, u zot menga nazar solardilar. Agar u zot tomonga qarasam, mendan yuz o‘girib olardilar. Qachonki, kishilarning jafolari menga nisbatan uzayib ketganda men uchun sevimli bo‘lgan amakimning o‘g‘li Abu Qatodaning bog‘i devoridan tirmashib tushdim-da, unga salom berdim. Allohga qasam, u ham salomimga alik olmadi. Men unga: «Ey Abu Qatoda, Allohning nomi ila sendan so‘rayman, men Alloh va rasulini yaxshi ko‘rishimni bilasanmi?» desam, u sukut qildi. Ikkinchi bor so‘radim. Sukut qildi. Uchinchi bor so‘raganimda: «Alloh va Uning rasuli biluvchiroq», degandi, men ikki ko‘zimdan yoshimni oqizib, devordan tirmashib orqamga qaytib ketdim. Men Madina bozorlarida yursam, Madinaga don sotgani kelgan Shom dehqonlaridan biri: «Kim menga Ka’b ibn Molikni ko‘rsatib qo‘yadi?» dedi. Odamlar menga ishora qilishdi. U mening oldimga kelib o‘asson podshohi tomonidan bitilgan bir maktubni uzatdi. Unda quyidagilar bitilgan edi: «Bizga xabar yetdiki, sening do‘sting (boshlig‘ing) senga jafo qilibdi. Alloh xo‘rlik va zoe bo‘linadigan yerda turishni majbur qilmagan. Bizning huzurimizga kel, biz senga (g‘amxo‘rlik qilib) tasalli beramiz». Bu maktubni o‘qigan paytimda «Bu ham musibat-balolarning bir ko‘rinishidir», dedim. Maktubni tandirga tashlab yoqib yubordim.
Qirq kun ham o‘tdiki, vahiy to‘xtab qolgan edi. Nogahon Rasululloh sollalohu alayhi vasallam huzurlaridan bir elchi kelib: «Rasululloh sollalohu alayhi vasallam xotiningdan alohida bo‘lmoqni buyuryaptilar», dedi. Men: «Taloq qilaymi? Nima qilay?» dedim. U: «Faqat alohida bo‘lib, yaqinlashma», dedi. Rasululloh sollalohu alayhi vasallam bu hukmni ikki birodarimga ham yuborgan edilar. Men xotinimga: «Sen o‘z uyingga borib, to Alloh tomonidan hukm tushguncha u yerda turgin», dedim. Hilol ibn Umayyaning xotini Rasululloh sollalohu alayhi vasallam huzurlariga kelib: «Ey Allohning rasuli, Hilol ibn Umayya bechora qari kishi bo‘lib, xizmatkori ham yo‘q. Men uning xizmatini qilishimdan norozimisiz?» desa, u zot: «Yo‘q, lekin u senga yaqinlik qilmasin», dedilar. Buni eshitgan xotin: «Allohga qasam, bunga harakat qilishga qudrati ham yo‘q. U bechora ana shu ish bo‘lgandan beri shu kungacha yig‘lash bilan ovora», dedi. Mening ham ahllarimdan ba’zilari: «Sen ham Hilol ibn Umayyaning xotini so‘ragani kabi xotiningning xizmati to‘g‘risida Rasulullohdan sh izn so‘ra», deyishdi. Men: «Izn so‘ramayman. Chunki Rasululloh sollalohu alayhi vasallam nima deb aytishlarini bilmayman. Men yosh yigit bo‘lsam», dedim. Mana shu holatda yana o‘n kun turdim. Gaplashish man qilingan kunning elliginchisida uyimning tepasida bomdod namozini o‘qidim. Ana shu o‘ltirgan holimda Allohni zikr qildim. Yuragim siqilib, yer keng bo‘lishiga qaramay, torayib ketgandek bo‘lib turgan bir paytda nogahon Sal tepaligiga chiqib olib (Abu Bakr Siddiq) baland ovozi ila: «Ey Ka’b ibn Molik, xursandlik xabari», deb baqirayotganini eshitdim. O’sha zahoti xursandchilik soati kelganini bilib, sajdaga yiqildim. Rasululloh sollalohu alayhi vasallam bomdod namozini o‘qib bo‘lgach, Alloh bizlarning tavbamizni qabul etganini e’lon qilibdilar. Odamlar men va ikki birodarimga xursandchilik xabarini berishga shoshilishibdi. Bir kishi mening oldimga ot mingan holda chopib keldi. Yana bir kishi Aslam qabilasidan piyoda keldi. Bu kishi tog‘ oshib kelib baland ovoz ila bashorat berdi. Uning ovozi otdan ham tezroq edi. Mening huzurimga xushxabar olib kelib baqirgan kishiga xursand bo‘lganimdan ustimdagi ikki kiyimimni yechib, unga kiygizib qo‘ydim. Allohga qasamki, o‘sha kunlarda u ikki kiyimimdan boshqasiga ega emas edim. Endi men ikki kiyimni qarzga olib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga jo‘nadim. Odamlar yo‘lda to‘da-to‘da bo‘lib tavba qabul bo‘lgani bilan meni tabriklashardi. Ular menga: «Alloh taolo tavbangni qabul qilgani ila tabriklaymiz», deyishar edi. Men masjidga kirdim. Rasululloh sollalohu alayhi vasallam o‘tirgan ekanlar. Atroflarida esa odamlar o‘tirishibdi. Shunda Talha ibn Ubaydulloh roziyallohu anhu men tomon yugurib, men bilan qo‘l berib so‘rashib tabrikladilar. Allohga qasamki, Talhadan roziyallohu anhu boshqa muhojirlardan biror kishi turmadi.
So‘ng Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salom bersam, u zot xursand bo‘lganlaridan yuzlari yarqirab ketdi. U zot: «Tug‘ilganingdan beri o‘tgan kunlarning yaxshisi bilan xursandlik xabarini beraman», dedilar. «Ey Allohning rasuli, bu xushxabar siz tarafingizdanmi yoki Alloh tomonidanmi?» desam, u zot: «Yo‘q, bu Alloh azza va jalla tomonidan», dedilar. Rasululloh sollalohu alayhi vasallam agar xursand bo‘lsalar, shu darajada yuzlari nurlanib ketardiki, guyoki oy parchasiga o‘xshab qolardi. Biz buni bilar edik. Shu payt Rasululloh sollalohu alayhi vasallam oldilarida o‘tirib: «Ey Allohning rasuli, men bu tavbamning qabul etilgani uchun barcha mollarimni Alloh va rasuli yo‘liga sadaqa qilaman», desam, u zot: «Molingning ba’zisini o‘zing uchun olib qo‘y. Bu sen uchun yaxshi bo‘ladi», dedilar. Men: «Xaybardagi ulushimni olib qolaman. Ey Allohning rasuli, albatta Alloh mening rostgo‘yligim sababidan najot berdi. Endi tavbamning natijasi shu bo‘lsinki, umrimning qolgan qismida faqat rost gapiray. Allohga qasamki, rost so‘zlaganim uchun Alloh menga bergan fazl-in’omini hech kimga qilmaganini bilaman», dedim. Allohga qasamki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bu so‘zlarni zikr qilganimdan beri bu kungacha biror kalima yolg‘on ishlatishni qasd qilmadim. Alloh qolgan umrimda ham yolg‘ondan saqlashini umid qilaman». Ka’b ibn Molik Allohning quyidagi oyatlarni nozil qilganligini ham aytib o‘tganlar:
«Haqiqatan Alloh payg‘ambarning, muhojirlar va ansorlarning tavbalarini qabul qildi. Ulardan bir guruhining dillari (g‘azotdagi mashaqqat va tashnalik sababli) toyilayozganidan keyin og‘ir soatda unga (ya’ni, payg‘ambarga) ergashgan edilar. So‘ng ularning tavbalarini (Alloh) qabul qildi. Albatta, U zot mo‘minlarga marhamatli, mehribondir. Yana o‘sha uch kishining (tavbalarini ham qabul qildiki), to ularga keng yer torlik qilib qolguncha va dillari siqilib, Allohning (g‘azabidan) faqat O’ziga tavba qilish bilangina qutulish mumkin ekanini bilgunlaricha (tavbalari) qoldirilgan edi (ya’ni, tavba qilishga muvaffaq bo‘lmagan edilar). So‘ngra (Alloh) tavba qilishlari uchun ularga tavba yo‘lini ochdi. Albatta, Alloh tavbalarni qabul qilguvchi, mehribondir. Ey mo‘minlar, Allohdan qo‘rqingiz va iymonlarida rostgo‘y bo‘lgan zotlar bilan birga bo‘lingiz» (Tavba surasi, 117-119-oyatlar).
Ka’b roziyallohu anhu yana davom etadilar: «Alloh taolo meni Islomga hidoyat qilganidan keyingi bergan ne’matlarining eng kattasi Rasululloh sollalohu alayhi vasallam huzurlarida rost gapirishga muvaffaq qilganidir. Agar yolg‘on so‘zlaganimda men boshqa yolg‘on so‘zlab halok bo‘lganlar kabi halok bo‘lardim, chunki Alloh taolo vahiy nozil qilayotgan paytda yolg‘on gapirganlarni biror kishiga aytmaydigan yomon va’idlar ila tilga olyapti:
«Ularning oldiga qaytib borgan vaqtlaringizda ulardan yuz o‘girishlaringiz (ya’ni, ayblamasliklaringiz uchun sizlarga ularning rostdan ham uzrli ekanliklariga) Alloh nomi bilan qasam ichadilar. Bas, ulardan yuz o‘giringlar! Chunki ular nopokdirlar va qilib o‘tgan narsalarining (ya’ni, munofiqliklari) jazosiga joylari jahannamdir. Ulardan rozi bo‘lishlaringiz uchun sizlarga qasam ichadilar. Agar sizlar ulardan rozi bo‘lsangizlar ham, Alloh bu itoatsiz qavmdan hech rozi bo‘lmaydi» (Tavba surasi, 95-96-oyatlar).
Biz uch nafarning ishimiz keyinga surilgan edi. Boshqalar qasam ichib bay’at qilishganida Rasululloh sollalohu alayhi vasallam ulardan buni qabul qilib, ularga mag‘firat talab qilgandilar. Rasululloh sollalohu alayhi vasallam bizni keyinga qoldirdilar, hatto Alloh taoloning O’zi: «O’sha uch kishining (tavbalarini qabul qildiki) ...» (Tavba surasi, 118-oyat) so‘zi bilan hukm qildi. Bu so‘zdagi «orqada qolganlar»dan maqsad g‘azotdan orqada qolganimiz emas, balki qasam ichib uzr aytib, uzrlari qabul qilinganlardan avf etilishida orqada qolganimizdir» Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.
Boshqa bir rivoyatda: «Rasululloh sollalohu alayhi vasallam Tabuk g‘azotiga payshanba kuni chiqdilar, u zot g‘azotga payshanba kuni chiqishni yaxshi ko‘rardilar», deyiladi.
Va yana boshqa bir rivoyatda aytiladi: «Rasululloh sollalohu alayhi vasallam safardan keladigan bo‘lsalar, kunduzi choshgoh vaqtida kelib avval masjidga borar, ikki rakat namoz o‘qib, keyin o‘tirardilar».