728/3. Jobirdan (r.a.) rivoyat qilinadi: «Rasulullohdan (s.a.v.) quyidagilarni eshitdim: «Kim uyiga kirayotganida va taom paytida Allohni zikr qilsa, shayton sheriklariga: «Sizlarga yotoq ham, ovqat ham yo‘q», deb aytadi. Kim uyiga kirayotib, Allohni zikr qilmasa, shayton sheriklariga: «Yotoqlaringizga yetishdingiz», deydi. Taom paytida ham Allohni zikr qilmasa, shayton sheriklariga: «Ovqatga ham, yotoqqa ham yetishdingiz», deydi». Imom Muslim rivoyatlari.
729/4. Huzayfadan (r.a.) rivoyat qilinadi: «Agar Rasululloh (s.a.v.) bilan birga ovqat tanovul qilgani o‘tirsak, u zot qo‘llarini uzatmagunlaricha biz uzatmas edik. Bir gal u zot bilan birga taomda bo‘lganimizda bir qiz kelib, ovqatga qo‘l uzatishga shoshayotganida u zot qo‘lidan ushlab chetga olib qo‘ydilar. Keyin bir a’robiy kelib, u ham uzatmoqchi bo‘lganida Rasululloh uning ham qo‘lidan ushlab, chetga olib qo‘ydilar. So‘ngra u zot: «Albatta, shayton Alloh ismi zikr qilinmagan ovqatni o‘ziga halol qilib oladi. U (shayton) ovqatni halol qilish uchun bu qizcha bilan keldi. Men uning qo‘lidan tutdim. So‘ngra ovqatni halol qilish uchun bu a’robiy bilan keldi. Uning ham qo‘lidan tutdim. Mening nafsim Uning qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, u (shayton)ning qo‘li ular ikkovining qo‘li bilan mening kaftimdadir», dedilar. Keyin Alloh ismini zikr qilib, ovqat tanovul qildilar». Imom Muslim rivoyatlari.