Ulamolarning ba’zilari omonatdan murod ahli ayol va farzandlardir, deganlar. Ularni namozga buyurish har bir kishiga vojibdir. Zero, Alloh Qur’oni karimda: «Ahlingizni namozga buyuring», degan. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam esa: «Bolalaringiz yetti yoshga yetsalar, ularni namozga buyuring. Agar o‘n yoshga yetib, namoz o‘qishmasa, uringlar», deganlar. Ularni haromdan, bekorchi o‘yin-kulgudan qaytarmoq vojibdir, chunki ota-ona ular haqida mas’ul. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Sizlarning har biringiz boshliqdirsiz va har biringiz qo‘l ostingizdagilar haqida so‘ralasiz», deganlar.
Hikoya qilinadiki, oriflardan biri bir muddat Allohga ibodat qilibdi. Kunlarning birida tahorat qilib, ikki rak’at namoz o‘qibdiÂda, boshini va qo‘lini osmonga ko‘tarib: «Ey Rabbim, ibodatlarimni qabul et», deb duo qilibdi. Shunda Rahmon tarafidan bir nido qiluvchi nido qilibdi: «Gapirma, ey mal’un! Chunki sening toatÂibodating mardudÂqaytarilgandir». Shunda obid: «Ey Rabbim! Nima sababdan?» deb so‘raganida, nido qiluvchi: «Chunki sening xotining Allohning amriga muxolif ishlarni qilmoqda va sen bunga rozidirsan», deb javob beribdi. Obid uyiga kelib xotinidan nima qilganini so‘rabdi. Shunda xotini: «Falon majlisga bordim, o‘yinÂkulgu qildim va namoz o‘qimadim», debdi. Shunda obid xotinini taloq qilibdi. So‘ng tahorat qilib, ikki rak’at namoz o‘qibdi, so‘ng boshi va qo‘lini osmonga ko‘tarib: «Ey Alloh! Mening toatÂibodatlarimni qabul qil», debdi. Shunda: «Endi sening toatÂibodatlaring qabul qilindi», degan nido kelibdi.
Imom Buxoriy Abu Hurayradan raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Munofiqning alomati uchta: gapirsa yolg‘on gapiradi; va’da bersa, va’dasiga xilof qiladi; omonat topshirilsa, xiyonat etadi», dedilar. Va’da bandalar orasida bo‘lganidek, Alloh bilan bandalar orasida ham bo‘ladi. Chunki Alloh bandalarning ruhlariga: «Men sizlarning Rabbingiz emasmanmi?!» deb xitob qilganida, ular: «Albatta, Sen bizning Rabbimizsan», deb iqror bo‘lishgan. Alloh bandalaridan ahd olgan, ular esa bu ahdga mustahkam turishga va’da berishgan. Agar banda bu ahdni buzsa, va’daga xilof qilgan bo‘ladi. Yana bu omonat toatÂibodatga buyurishdir. Kim buni ado qilsa, omonatni ado qilibdi, kim buni tark qilsa, omonatga xiyonat qilibdi.