Farzning hukmi
Farzni inkor qilgan kishi kofir bo‘ladi. Ishonib, amal qilmagan kishi fosiq bo‘lib, Alloh taolo tomonidan belgilangan jazoga loyiq bo‘ladi.
Farz ham ikki qismdir: farzi ayn va farzi kifoya.
a) Farzi ayn mukallaf har bir kishi bajarishi shart bo‘lgan farzdir. Besh vaqt namoz, ro‘za, zakot kabi.
Mukallaf har bir kishi bu amallarni shaxsan o‘zi bajarishi zarur. Bir qism odamlarning farzi aynni bajarishi boshqalar zimmasidan bu masuliyatni soqit qilmaydi.
b) Farzi kifoya ba’zi musulmonlar bajarishi bilan boshqalar zimmasidan tushadigan farzdir. Masalan, janoza namozini o‘qish kabi.
Farzi kifoyani hech kim ado etmasa, barcha gunohkor bo‘ladi.
2. Vojib
Ochiq bo‘lmagan shariy dalillar bilan bajarilishi takidlangan amal (Ramazon va Qurbon hayiti namozlari, namozda (zam suradan avval) Fotiha surasini o‘qish kabi).
Hukmi Bajarilishi lozim (vojib) bo‘lib, uni inkor etgan kishi kofir bo‘lmaydi. Vojibni bajargan kishi savob oladi. Tark qilgan kishi esa, jazoga loyiq bo‘ladi.
3. Sunnat
Sunnat ikki qismga bo‘linadi:
a) Sunnati muakkada: Payg‘ambarimizning, sollallohu alayhi va sallam, har doim bajarib, juda kam holatlarda tark qilgan sunnatlaridir Tahoratda og‘zini suv bilan chayish kabi.
b) Sunnati g‘ayri muakkada: Payg‘ambarimizning, sollallohu alayhi va sallam, ba’zan bajarib, ba’zan tark qilgan sunnatlaridir.
Hukmi Sunnat amalni bajargan kishi savobga erishadi. Uni tark qilish karih va zararlidir.
4. Harom
Qattiy, ochiq shariy dalillar bilan bajarilishi taqiqlangan amal. Zino, o‘g‘rilik qilmoq kabi.
Hukmi Harom ishni qilgan kishi do‘zax azobiga giriftor bo‘ladi. Tark qilgan kishi esa, Allohning amriga itoat qilgani uchun savobga erishadi, haromni inkor qilgan odam kofir bo‘ladi.
5. Karohati tahrimiya
Ochiq bo‘lmagan dalillar bilan bajarilishi taqiqlangan amal. Boshqa kishining savdo-sotig‘iga daxl qilib, u olmoqchi bo‘lgan molni olish yoki boshqa kishi sovchi qo‘ygan qiz yoki ayolning qo‘lini, u voz kechmasdan oldin so‘rash kabi.
Hukmi Buni qilgan odam harom ishni bajargan kabi azobga duchor bo‘ladi. Lekin inkor qilgan kishi kofir bo‘lmaydi.
6. Karohati tanzihiya
Ochiq bo‘lmagan shariy dalillar bilan bajarilishi taqiqlangan amallar.
Hukmi Bu amalni bajargan kishiga hech qanday jazo va dashnom berilmaydi. Lekin yaxshi va fazilatli amallarning aksini qilgan bo‘ladi.
7. Muboh
Qilish yoki qilmaslikda insonlar erkin bo‘lgan amal.
Hukmi Bajarilgan paytda savob ham, tark etilgan paytda jazo ham berilmaydi.