Mufassirlardan Ibn Atiyya aytadi: «Sanab o‘tilgan so‘zlar aslida ajamiy so‘zlar ekanligi shubhasizdir. Keyinchalik bu so‘zlar iste’molda ko‘p ishlatilib, arabiylashib ketgan. Buning sababi shuki, Quraysh tijoratchilari Shomga, Habashistonga va Hiyaraga qilgan safarlari asnosida o‘sha yerda yashovchi kishilar bilan muloqot va suhbatlar qilganlar. Ulardan ba’zi so‘zlarni o‘rganib, o‘zlashtirganlar, lekin ajamiy so‘zlar talaffuzidagi harflar arab alfavitida mavjud bo‘lmagani uchun, munosibiga o‘zgartirganlar. Masalan: «sangil» so‘zi «sijjil» shasliga o‘zgartirilgan. Shu tariqa ajamiy so‘zlar arablar tiliga qo‘shilib, arablashib ketgan. Qur’oni Karim Quraysh lug‘atiga mos holda nozil bo‘lgani uchun, bu lug‘atga singib ketgan ajamiy so‘zlar ham qo‘shilib ketgan. Shuning uchun ba’zi sahobiylarga ma’nosi mavhum bo‘lgan arabiy so‘zlar (Masalan Ibn Abbos (r.a.) «fotir» so‘zining ma’nosini bir qancha vaqt tushuna olmay yurganlar. Hazrat Umar (r.a.) «abban» so‘zining ma’nosida ishtiboh qilib, qavmdan so‘raganlar) singari, ajamdan arablashgan so‘zlar ham ba’zi arablarga mavhum bo‘lgan». (Qurtubiy. Al-Jomi’ li-ahkomil-Qur’on. Bayrut, 1-j. 69-bet)
Imom Tabariy Sa’id ibn Jubayrdan rivoyat qilgan hadisda, Qur’oni Karim kalimalari orasiga ajamiy so‘zlar kirib qolganining sababi shunday izohlanadi: «Quraysh arablari: «Agar mana shu Qur’on ham arab tilida, ham ajam tilida nozil bo‘lganda, uning ilohiyligiga ishonar edik», — deyishgandan so‘ng Alloh Ta’olo quyidagi oyati karimani nozil qildi:
وَلَوْ جَعَلْنَاهُ قُرْآنًا أَعْجَمِيًّا لَقَالُوا لَوْلا فُصِّلَتْ آيَاتُهُ أَأَعْجَمِيٌّ وَعَرَبِيٌّ قُلْ هُوَ لِلَّذِينَ آمَنُوا هُدًى وَشِفَاءٌ وَالَّذِينَ لا يُؤْمِنُونَ فِي آذَانِهِمْ وَقْرٌ وَهُوَ عَلَيْهِمْ عَمًى أُولَئِكَ يُنَادَوْنَ مِنْ مَكَانٍ بَعِيدٍ )
«Agar Biz (Qur’onni)ajamiy(arab tilida bo‘lmagan)Qur’on qilganimizda, albatta ular: «Uning oyatlari (o‘z tilimizda)bayon qilinmabdida.(Muhammadning o‘zi) arabku, (nega unga) ajamiy(Qur’on tushibdi?)» — degan bo‘lur edilar. Ayting: «(Ushbu Qur’on) imon keltirgan zotlar uchun hidoyat va (dildagi ma’naviy illat uchun) shifodir».(Fussilat, 44).
Shundan so‘ng Qur’oni Karimda turli millatlar lug‘atidan so‘zlar aralashib nozil bo‘la boshladi».