SA’Y - Safo va Marva tepaliklari orasida chopish, umra va haj marosimlari shartlaridan biri. S. tavofdan so‘ng bajariladi. S. taxminlarga ko‘ra, Safo va Marva tepaliklarida turgan Isofa va No’ila ma’budlariga sajda qilishning mustaqil marosimi bo‘lgan. Musulmon an’anasida S.ning kelib chiqishi haqida bir necha fikrlar bor. Shulardan biriga ko‘ra, nomi zikr etilgan tepaliklar Odamato va Momohavoning dam olish joylari bo‘lgan ekan, shuning xotirasi sharafiga S. bajo etiladi. Boshqa bir fikrga binoan Ibrohim (as) S.ni bajo etib Allohga ibodat qilish marosimini ado etgan. Uning yo‘liga Iblis turib olgan va Ibrohim (as) qochishga majbur bo‘lgan. Hojar va uning o‘g‘li Ismoil (as)ning azob-uqubatlari haqidagi fikr eng ko‘p tarqalgan. Chanqoqlikdan nobud bo‘layotgan Ismoil (as)ni kutqarish uchun Hojar suv izlab yetti marta Safo va Marva oralig‘ida chopgan.
Tavof qilgach, ziyoratchi Masjid al-Haromdan chiqib chap oyog‘i b-n qadam bosishni boshlab Safo tepaligiga ko‘tariladi, yuzini Ka’baga o‘giradi, Allohga iltijo qilib, o‘ziga shafqat qilishni va balo-qazolardan saqlashni so‘raydi, so‘ngra tepalik etagiga o‘rnatilgan ustun (mil)gacha pastga tushadi, u yerdan Marva etagidagai boshqa bir ustungacha chopadi, shundan keyin shu tepalikka ko‘tariladi. U yerda Ka’baga qarab duo o‘qiydi va Safoga qaytadi. S. yetti marta bajariladi. Agarda ziyoratchi "kichik haj" (umra)ni ado etayotgan bo‘lsa, unda S.dan so‘ng ehrom holatidan chiqadi. Agar umradan so‘ng haj qilinadigan bo‘lsa, ziyoratchi haj tugaguncha ehrom holatida qoladi. S. haj marosimining muhim sharti (rukn al-haj) hisoblanadi, uni bajarish vojibdir. Biroq S.ni bajarmaslik hajni bekor qilmaydi, kafforat uchun kurbonlik qilinsa bas.