Bir yili Makkada qurg‘oqchilik bo‘ldi. Odamlar yomg‘ir so‘rab uch kun istisqo namozini o‘qidilar, ammo yomg‘ir yog‘madi. Abdulloh ibn Muborak aytadilar: Menda odamlar orasidan chiqib, yolg‘iz holda Allohga duo qilish fikri tug‘ildi. Shoyad, Parvardigorning rahmi kelib, duoimni ijobat qilsa, deb o‘yladim. Bas, odamlardan chetlanib, g‘orlardan biriga kirdim. Ko‘p o‘tmay, bir qora g‘ulom ham kirib keldi. Ikki rak’at namoz o‘qib, boshini sajdaga qo‘ydi va Allohga duo qila boshladi. Men uni eshitib turardim, u shunday iltijo qildi: «Ilohim! Albatta, bu bandalaring uch kun yomg‘ir so‘radilar, sen ularga bermading. Izzating haqqi, hatto yomg‘ir yubormaguningcha boshimni ko‘tarmayman». U boshini ko‘tarmasdanoq yomg‘ir yog‘a boshladi. U turib ketgach, men unga ergashib bordim. Shaharga yetib kelgach, u bir hovliga kirib ketdi. Hovlidan biror odam chiqqunicha kutishni niyat qilib, eshikning oldiga o‘tirdim. Bir odam chiqqach: «Bu hovli kimniki?» deb so‘radim. U: «Falonchiniki», dedi. Men kirdim va qul sotib olish niyatida ekanimni aytdim. Uyning egasi menga bir g‘ulomni ko‘rsatdi. Men: «Bundan boshqasini xohlayman. Yana bormi?» deb so‘radim. U esa: «Mening yana bitta g‘ulomim bor, lekin u senga to‘g‘ri kelmaydi», dedi. «Nima uchun?» deb so‘radim. «Chunki u dangasa», dedi. Men qulni ko‘rsatishini iltimos qildim. Uni ko‘rganimda: «Shuni sotib olaman, qanchaga sotasan?» dedim. «Men buni yigirma dinorga sotib olganman, lekin o‘n dinorga ham arzimaydi. Agar xohlasang, o‘n dinorga sotaman», dedi. Men yigirma dinorga sotib oldim. G’ulom esa menga: «Ey Ibn Muborak, nima uchun meni sotib olding, men senga xizmat qilmayman», dedi. Men uning ismini so‘raganimda: «Ahbo», deb javob berdi. Uni uyimga olib keldim. U tahorat qilishni xohladi. Men unga suv keltirdim. U tahorat qilib namoz o‘qidi va sajda qildi. Men nima deyayotganini eshitish uchun unga yaqinlashdim, u esa: «Ey sirlarning sohibi, albatta, sir zohir bo‘ldi. Men esa mashhur bo‘lganimdan keyin yashashni xohlamayman», der edi. So‘ng bir muddat jim bo‘lib qoldi. Uni turtib ko‘rsam, vafot etan ekan».
Jobir raziyallohu anhu aytadilar: «Zulm qilishdan ehtiyot bo‘linglar. Albatta, zulmat qiyomat kuni zulumot bo‘ladi».
Ibn Abbos raziyallohu anhu aytadilar: «Olti kishi olti narsa sababli do‘zaxga kiradi: Hokimlar zulm, a’robiylar mutaassiblik, nodonÂilmsizlar jaholat, boshliqlar kibr, tujjorlar xiyonat, ulamolar hasad sababli».
Odam alayhissalom aytardilar: «Albatta, Alloh Muhammadning ummatiga menga bermagan afzalliklarni berdi. Birinchisi, mening tavbam Makkada qabul qilindi. Muhammadning ummati qaerda tavba qilsa, Alloh ularning tavbasini qabul qiladi. Ikkinchisi — men kiyimda edim, osiy bo‘lganimda yalang‘och qoldim. Muhammadning ummati esa yalang‘och holda osiy bo‘lsalar ham, ularni liboslantiradi. Men osiy bo‘lganimda men bilan ayolimning orasi ajratildi. Ammo Muhammadning ummati Allohga osiy bo‘lsalar ham, ayollari bilan oralari ajratilmaydi. To‘rtinchisi — men jannatda osiy bo‘ldim, natijada u yerdan chiqarildim, ammo Muhammadning ummati jannatdan tashqarida osiy bo‘lsalar-da, agar tavba qilsalar, Alloh ularni jannatga kiritadi».