Bandalarning Allohga ibodat qilishlari shariat ko‘rsatmasi asosida bo‘lmog‘ligi kerak. Ummat Payg‘ambarimizga (s.a.v.) ergashib, u zot poklanganlaridek poklanadilar, haj qilganlaridek haj qiladilar va hokazo.
«Qanday namoz o‘qiganimni ko‘rgan bo‘lsangizlar, shunday namoz o‘qingizlar» (Imom Buxoriy rivoyatlari).
«(Haj) amallaringizni mendan olinglar» (Imom Muslim va Nasaiy rivoyatlari).
Ibodatlar Payg‘ambar (s.a.v) ko‘rsatmalari asosida bo‘lsagina, uning qabul bo‘lishiga umid bog‘lanadi. Demak, shunday ekan, ibodatlarimizni to‘g‘ri bo‘lishligi uchun shartlari va ruknlarini, vojib va sunnatlarini, makruh va buzuvchilarini albatta bilmog‘imiz lozim bo‘ladi. Inson tahorat qilmasdan ming rakat namoz o‘qisa ham, qabul bo‘lmaydi, chunki u namozning shartlaridan bo‘lgan tahoratni tark qildi. Ha, banda tahoratni mukammal ado qilgach, uning martabasi ko‘tariladi. Badan pokligidan so‘ng axloq pokizaligi vujudga keladi. Axloqning pok bo‘lishi qalbning go‘zal bo‘lishiga olib keladi. Banda shu holatda namoz o‘qisa, uning shartlari va ruknlariga rioya qilsa, sunnat va odoblarini joyiga qo‘ysa, makruh va buzuvchilaridan saqlansa, uning qalbida xushu’ jonlanadi, ko‘zidan yosh qalqiydi. Shu namoz uni buzuq ishlardan qaytarib, go‘zal ishlarga unday boshlaydi. Shunda inson haqiqiy zokir bo‘ladi.